Nazorat savollari
Xalqaro shartnomalarni sharhlashning qanday turlarini bilasiz?
O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan chiqarilayotgan qarorlarda qonun normalari yetarli darajada talqin etilyapti, deb o‘ylaysizmi?
Davlat chegaralari daxlsizligidan tashqari yana qanday xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillarini bilasiz?
Foydalanilgan adabiyotlar
G.J.Naldi “Case concerning the Territorial Dispute (Libyan Arab Jamahiriya/Chad)”, ICLQ, Vol. 44 (1995), p. 683.
Torres Bernardes Santiago, “Interpretation of Treaties by the International Court of Justice following the Adoption of the 1969 Vienna Convention on the Law of Treaties”, in Liber Amicorum Professor Ignaz Seidl-Hohenveldern (Kluwer, 1998), p. 721.
VIII. Xalqaro tashkilotlar huquqi. BMT xizmatini amalga oshirishda ko‘rilgan zararlar uchun kompensatsiya to‘lash bo‘yicha nizo, Xalqaro Sudning konsultativ xulosasi, 1949-yil. (Reparation for Injuries Suffered in the Service of the United Nations, Advisory Opinion: ICJ Reports 1949, p.174)
(A.Umirdinov)
1. Faktlar. 1948-yilda Yaqin Sharqdagi Falastinda Isroilning mustaqil davlat sifatida e’lon qilinishi natijasida Birinchi Yaqin Sharq nizosi boshlandi. BMTning Yaqin Sharq mojarosi bo‘yicha mediatori sifatida jo‘natilgan graf Folk Bernadotte (Shvetsiya fuqarosi) va BMTning Falastindagi missiyasi a’zolari Quddusning yahudiylar yashovchi qismida o‘z vazifalarini amalga oshirish paytida qurbon bo‘ladi. BMT Bosh kotibi, vafot etganlar va yaradorlar oilasi uchun kompensatsiya va dori-darmonlar xarajatlari to‘langanini aytsa-da, BMT Bosh Assambleyasida BMTning tashkilot sifatida Isroildan kompensatsiya talab qila olishi yoki olmasligi bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng quyidagi savollar bo‘yicha Xalqaro Sudning konsultativ xulosasini (Advisory Opinion) olish masalasi ko‘tarildi:
1. BMT xodimi o‘zining xizmat vazifasini bajarayotgan paytda ma’lum bir davlatning javobgarligini keltirib chiqaradigan darajada zararga uchragan bo‘lsa, BMT tashkilot sifatida javobgarlik yuklanadigan de jure yoki de facto hukumatga nisbatan: a) BMT ko‘rgan zarar haqida, b) zarar qurboni bo‘lgan inson yoki o‘sha insonga aloqador shaxslar uchun kompensatsiya undirish to‘g‘risida xalqaro da’vo (international claim) qo‘zg‘atish layoqatiga (capacity) egami?
2. Agar yuqoridagi 1-holat yuzasidan b) bo‘yicha ijobiy javob beriladigan bo‘lsa, BMTning xatti-harakatini Quddusda zararga uchragan fuqarolarning davlatlarida mavjud bo‘lgan huquqlari (bu yerda Shvetsiya) bilan qanday qilib moslashtirish (adjust) lozim?
Xalqaro Sud a) bo‘yicha bir ovozdan, b) bo‘yicha 11 taga 4 ta qarshi ovozda ijobiy javob berdi. 2-savolga esa 10 taga 5 ta qarshi shaklida javob berib, BMT va unga a’zo davlat ushbu muammoni yaxshi niyat asosida hal etishi lozimligini ta’kidladi. Ushbu konsultativ xulosaga tayangan BMT Isroilga nisbatan kompensatsiya talab qilishi natijasida Isroil davlatidan rasman uzr so‘rab, kompensatsiyani to‘lab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |