Davlat chegaralari xavfsizligi tamoyili. 1955-yilgi shartnomaning amal qilish muddati yigirma yil qilib belgilanishiga qaramay, ushbu shartnomada kelishilgan aynan davlat chegarasi kabi muhim masala vaqtinchalik hal etilayotganligiga oid ko‘rsatma mavjud emas. Ahdlashuvchi mamlakatlar shartnomani tugatish haqida kelishsalar ham davlat chegaralari o‘zgarmay qolaveradi. Chunki chegaralar bo‘yicha bir marta kelishuvga erishilsa, u doimiylik kasb etadi. Agarda bunday bo‘lmasa, davlat chegaralarining daxlsizligi tamoyiliga katta putur yetishiga olib keladi.
Sharh
1) Mazkur ishda Liviya hamda Chadni o‘z protektoratiga olgan Fransiya o‘rtasida 1955-yilda tuzilgan shartnomaning talqin qilinish masalasi nizoning asosini tashkil etdi. Bunda shartnoma bandlarini talqin qilishda o‘sha vaqtda nafaqat olimlar orasida, balki Xalqaro Sudda ham shartnoma matniga asoslanib talqin qilish (grammatik sharhlash usuli yoki so‘zma-so‘z sharhlash usuli), shartnoma taraflarining xohish-irodasi ustunligi (taraflar xohishi bo‘yicha sharhlash usuli) yoki bo‘lmasa, shartnomaning maqsadiga asoslanib uni talqin qilish (teleologik (maqsadli) sharhlash usuli) masalasida juda ko‘p fikrlar qarama-qarshiligi yuzaga keldi30. 1969-yilgi Vena konvensiyasida, matnga asoslanib talqin qilish tamoyilini asosiy o‘ringa qo‘yuvchi shartnomalarni talqin qilishga doir xalqaro odat huquqi qoidalari kodekslashtirilgan bo‘lsa-da, Xalqaro Sud ko‘pchilikning fikriga ko‘ra shartnomalarning aniq bo‘lgan sharhlash qoidalariga asoslanishni afzal ko‘rdi. Shunga qaramay Vena konvensiyasi qabul qilinganidan 20 yil o‘tib, 1989-yilda “Arbitraj qarori ishi”da Xalqaro Sud Vena konvensiyasining 31, 32-moddalarida belgilangan xalqaro shartnomalarni talqin qilish qoidalari bu xalqaro odat huquqi qoidalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, yuqoridagi moddalar xalqaro odat huquqi qoidalarini kodifikatsiya qilingan shakli ekanligini tan oldi. Mazkur biz ko‘rib chiqayotgan ishda ham Xalqaro Sud 1989-yildagi pozitsiyada turdi. Keyinchalik Xalqaro Sudning 31-32 moddalar bo‘yicha pozitsiyasi keng tarqalib bordi.
2) Xalqaro shartnomalarni sharhlash bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilovchi Vena konvensiyasining 31-moddasi: matnli sharhlash, tizimli sharhlash, tarixiy, shartnomaning obyekt va maqsadiga ko‘ra sharhlash asoslarini belgilab beradi31. Biz ko‘rib chiqayotgan ishda ham Xalqaro Sud yuqoridagilarga asoslanib 1955-yilgi shartnomaning 3-moddasini talqin etdi.
Shuningdek, Vena konvensiyasining 32-moddasida shartnomani imzolash vaqtidagi holatlar va shartnomani tayyorlash jarayonidagi shartnomalarni sharhlash bo‘yicha qo‘shimcha vosita sifatida qo‘llash mumkinligi haqida so‘z ketadi32. Bundan tashqari, 32-moddadagi vositalar, 31-modda qoidalariga asoslanib shartnoma talqin qilinganda ham shartnoma qoidalarining asl mazmunini aniqlashning iloji bo‘lmagan taqdirda ham qo‘llaniladi. Ushbu ishda Xalqaro Sud nizoli vaziyatni hal qilishda, 31-modda qoidalaridan tashqari shartnomani imzolash vaqtidagi holatlar hamda shartnomani tuzishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini ham hisobga oldi. Ushbu ishda yana bir qiziqarli holat mavjudki, sud 32-modda qoidalariga asoslanganiga qaramay, Liviya tomonining shartnoma imzolash vaqtidagi tashqi aloqalarni olib borishda Liviyaning yetarli darajadagi ko‘nikmaga ega bo‘lmaganligini vaj qilib keltirganida esa, sud uning bu da’vosini aniqlashtirish bilangina chegaralanib, hisobga olinishi lozim bo‘lgan holat sifatida tan olmadi.
3) Mazkur ishda xalqaro shartnomani talqin qilishda, Xalqaro Sud Vena konvensiyasida yoritilmagan yana bir tamoyilga katta e’tibor qaratdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |