a) Ta’sirchanlik tamoyili. Ushbu tamoyil “biror-bir narsani tasdiqlash, uni tasdiqlamagan holatidan ko‘ra yaxshiroq” (Ut res magis valeat quam preat) degan qoidaga asoslangan bo‘lib, Muvaqqat Xalqaro Sud davridan sud qarorlarida qo‘llab-quvvatlab kelingan. Shuning uchun Xalqaro Sud 1955-yilgi shartnomaning 3-moddasini ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegaralarini belgilagan deb hisoblab, 3-moddani o‘zgacha tarzda sharhlash moddaning asl mazmuni hamda yuqoridagi tamoyilga zid kelib qoladi degan to‘xtamga keldi.
b) Davlat chegaralarining daxlsizligi tamoyili. Mazkur tamoyilga ko‘ra davlat chegarasi bir marta aniq belgilangandan so‘ng, nihoyasiga yetgan va tugallangan deb topiladi33. Albatta, chegaralarni belgilovchi shartnoma tugatilgan taqdirda ham chegaralar o‘zgarmay qolaveradi. Davlat chegaralarining bunday huquqiy tabiati xalqaro shartnomalar huquqi nuqtayi nazaridan davlat chegaralarini belgilovchi xalqaro shartnomalarning disposal xarakteri sifatida tushuntiriladi. Ushbu ishda 1955-yilgi xalqaro shartnomaning tugatilishi davlat chegaralariga umuman daxl qilmasligi belgilandi. Xalqaro shartnomalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasida davlat chegaralari daxlsizligi tamoyili belgilanmagan bo‘lsa-da, 62-moddaning 2-bandi, 70-modda 1-bandining a qismi bo‘lmasa, “Davlatlarning huquqiy vorisligi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 11-moddasi qoidalaridan davlat chegaralarining daxlsizligi tamoyiliga aloqador normalarni topish mumkin.
4) Liviya va Chad ishidan keyin Xalqaro Sud deyarli barcha xalqaro shartnomalarni talqin qilishda, Vena konvensiyasini sharhlash qoidalariga asoslanib, nizolashayotgan davlatlar tomonidan shartnomalarni sharhlash bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni hal qilishda qo‘llanilgan talqin qilish usullaridan foydalanib kelindi. Ushbu sharhlash qoidalarining kodifikatsiyalanishi farqlanuvchi sharhlash usullari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni inobatga olganligini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi Xalqaro Sud, Ad-hoc arbitrajlarini o‘z ichiga oluvchi har bir xalqaro sudlov organlari va har bir davlatning ichki sudlari tomonidan sharhlash qoidalarining tatbiq etilishi, xalqaro sharhlash qoidalarini kodifikatsiyalashning natijasi sifatida baholash mumkin. Boshqa tomondan sharhlash qoidalari sharhlovchining doimiy bir xil tarzdagi normalarni sharhlashini anglatmaydi. Shu sababli ham sharhlashda amal qilinishi lozim bo‘lgan tamoyillar va ularning o‘zaro aloqadorligi borasida avvaldan bahslar mavjud. Shuningdek, mazkur ishdagi ta’sirchanlik hamda davlat chegaralari daxlsizligi tamoyillarining keltirilishidan Vena konvensiyasining sharhlash qoidalari va unda hisobga olinishi lozim bo‘lgan holatlar har doim ham shartnoma normalarini oydinlashtirishda asos bo‘lmas ekan. Shu sababli Vena konvensiyasining sharhlash qoidalari Xalqaro Sud tomonidan tanqid ostiga olingan ishlar ham mavjud34.
5) Ushbu ish bo‘yicha sud qarori chiqqanidan so‘ng nizolashayotgan davlatlarga sud qarorini ijro etish maqsadida BMTning kuzatuvchilari yuborildi va ular kelishuvga erishdilar. 1994-yil 4-may kuni Xavfsizlik Kengashining 915-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinib, BMTning Auzou kuzatuv guruhi (UNASOG)ga yuborildi. Buning natijasida, Liviya may oyining 31-sanasida Auzo hududini Chadga qaytarib berdi.