II. Boshqa muammoli vaziyatlar Betaraflik qonuni (Law of neutrality). Mazkur ishda qo‘llanilgan Vashington konvensiyasining uch qoidasi, ayniqsa, birinchi qoida, o‘sha davrdagi moddiy xalqaro huquqni aks ettirganligi haqida olimlarning turli qarashlari mavjud10. Biroq raqiblik maqsadida bo‘lgan kemalarning qurollanishi, 1794-yildagi AQSHning betaraflik to‘g‘risidagi qonuni hamda 1819-yildagi Britaniyaning chet eldagi harbiy harakatlar to‘g‘risidagi aktida taqiqlanganligidan tashqari boshqa mamlakatlar ham betaraflik deklaratsiyalarida taqiqlagan davlat majburiyatlari XIX asrning boshlarida bir qanchani tashkil etar edi. Vashington konvensiyasi qoidalari mazkur nizo yuzaga kelgan paytda allaqachon moddiy xalqaro huquq normasi edi degan qarash nisbatan asosli11. Keyinchalik Vashington konvensiyasining 1-qoidasi “Dengiz urushlari paytida betaraf davlatlarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi konvensiya”ning (1907-yil) 8-moddasiga ham kiritiladi.
O‘zaro mas’uliyatni his qilish holatida bo‘lish.O‘zaro mas’uliyatda bo‘lish anglo-sakson huquq tizimining qoidalaridan biri bo‘lib, u xalqaro huquq qoidasi sifatida qo‘llanilgan ish sifatida aynan Alabama ishi keltiriladi. O‘zaro mas’uliyatda bo‘lish tamoyilida o‘zarolik darajasi “yaxshi uy xojasining mas’uliyati” (diligentia boni patris familias) darajasidami yoki “inson o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyati” (diligentia quam in suis) darajasida ekanligi borasida ham ziddiyatli qarashlar mavjud. Biz ko‘rib chiqayotgan nizoda ham AQSH birinchi qarashni yoqlab chiqayotgan bo‘lsa, Britaniya ikkinchi qarashga tayanmoqda. Biroq sud yakunida u ham birinchi qarashga tayanishini ko‘rsatdi12.
Bundan tashqari, xalqaro majburiyatlarni ado etish uchun hukumat tayanishi mumkin bo‘lgan vosita ichki qonunchilik normalari orqali chegaralangan hollarda mazkur ichki qonunchilik normasi o‘zaro mas’uliyatda bo‘lish majburiyatiga zid kelib qolish yoki qolmaslik holati muammo bo‘lishi mumkin. Ammo bunday vaziyatda yana o‘sha xalqaro huquq normalarining ichki qonunchilik normalaridan ustunligi tamoyiliga tayanib yuqoridagi kabi ichki qonunchilik normasi rad etilishi zarur deb aytishimiz mumkin. Hukumat va ma’muriy organlar emas, balki mamlakat parlamenti ham davlat organi sifatida davlatning xalqaro majburiyatlarini bajarish zaruriyati sifatida ichki qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni anglashi va bunday harakatlar amalga oshirilmasa, davlat xalqaro majburiyatlarini bajarmaslik holati yuzaga kelishini hisobga olishi lozim13.