Sud qarorining ahamiyatga molik bandlari 1. O‘zaro mas’uliyatni his qilish holati qoidasining ma’nosi. Vashington konvensiyasining 6-moddasi 1-qismi hamda 3-qismida tilga olingan “o‘zaro mas’uliyatga daxldorlik” qoidasi, betaraf bo‘lgan mamlakat tomonidan o‘zaro majburiyatlarning bajarilmasligi natijasida, urush holatida bo‘lgan taraflardan biri tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarga nisbatan mos ravishda amalga oshirilishi lozim deyiladi. Mazkur nizoning asosiy muammosini tashkil etuvchi faktlarning yuzaga kelish holatlariga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, Britaniya 1861-yil 13-mayda qirolicha tomonidan e’lon qilingan betaraflik bo‘yicha belgilangan huquq va majburiyatlarni hurmat qilish uchun zarur bo‘lgan har qanday chora-tadbirni amalga oshirishi kerak edi (pp. 654-655).
2. Istisnoga ruxsat berilish masalalari.Kemalarni tayyorlash, qurollantirish oqibatida yuzaga keladigan davlatning betaraflik qoidalarini buzganlik bo‘yicha javobgarligi, betaraflikning buzilishi oqibatida foyda ko‘rgan urush qatnashchisining hukumati, keyinchalik mazkur kemadan qanday maqsadda foydalanganiga qaramay, bekor bo‘lmaydi. Biroq ba’zi bir ekstrahududlilik bo‘yicha istisno (privilege of exterritoriality) kabi xalqaro huquqda tan olib kelingan istisno holatlarni ham yoddan chiqarmaslik zarur. Biz ko‘rib chiqayotgan ishda esa, ekstrateritoriallik bo‘yicha istisno mutlaq (absolute) huquq bo‘lmay, u mamlakatlar o‘rtasida amal qilib kelgan odob va o‘zaro hurmat qilish (courtesy and mutual deference) tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilgan harakatlardan nariga o‘tmaydi va betaraflikni buzib amalga oshirilgan harakatlarga istisno sifatida qo‘llanilmaydi (p. 655).
3. Alabama kemasi bo‘yicha qaror. Britaniya hukumati betaraflik majburiyati bo‘lsa-da, o‘zaro mas’uliyatda bo‘lish qoidasiga e’tiborsizlik bilan qaradi. Shuningdek, 290-raqamli (Alabama) kemaning qurilishi vaqtida AQSHning tashqi ishlar organlari tomonidan berilgan axborotlar va amalga oshirilgan boshqa harakatlarga qaramasdan, Britaniya hukumati amaliy jihatdan betaraflik majburiyati buzilishining oldini oluvchi chora-tadbirlarni ko‘rmadi va bu bilan loqaydlik qildi. Bundan tashqari, mazkur kemani qo‘lga olish bo‘yicha qaror chiqarganligiga qaramasdan, bu harakat juda kech amalga oshirilganligi uchun uni ijro qilish ham amalda ilojsiz edi. (p. 655).
Shuningdek, kema chiqib ketgandan so‘ng amalga oshirilgan chora-tadbirlar oxiriga yetkazilmaganligi sababli hech qanday natijaga erishilmadi. Shu bois Britaniya hukumatini u avvaldan amal qilishi lozim bo‘lgan majburiyatlardan ozod qilish mumkin emas (p. 655).
Shu bilan birga, keyinchalik Alabama nomi bilan mashhur bo‘lgan bu kema Britaniya hukumati koloniyalarining portlariga bir necha marotaba erkin kirib chiqqan va unga nisbatan biror-bir qonuniy chora ko‘rilmagan. Bundan tashqari, Britaniya hukumati tomonidan amalga oshirilgan xatti-harakatlar yetarli bo‘lmaganligi tufayli, uning o‘zaro mas’uliyatli bo‘lish qoidasini ijro qilmasligini to‘g‘ri deb topish borasidagi qarshi da’vosi qanoatlantirilmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib sud Britaniya hukumati mazkur ishda amalga oshirishi lozim bo‘lgan harakatni paysalga solish natijasida Vashington konvensiyasining 6-moddasi 1-bandi hamda 3-bandi qoidalarida belgilangan majburiyatlarini bajarmadi degan xulosaga keldi (pp. 656).