9.1. Pulning xalqaro munosabatlardagi harakati. Xalqaro valyuta munosabatlarining rivojlanishida mamlakatlar o‘rtasida xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, xalqaro bozorlarning paydo bo‘lishi, xo‘jalik yuritishning xalqaro tizimini shakllanishi va xalqaro iqtisodiy aloqalarning globallashuvi hamda internatsionallashuvi asosiy omillardan bo‘lib hisoblanadi.
Xalqaro valyuta munosabatlari xalqaro ijtimoiy - iqtisodiy munosabatlarni rivojlanishi bilan bevosita bog’liq. Xalqaro takror ishlab chiqarish va valyuta munosabatlari o‘rtasida bevosita va qarama- qarshi aloqa mavjud bo‘lib, ular xalqaro daromadli tovarlar, moliyaviy kapital va xizmatlarni ayirboshlash jarayonida namoyon bo‘ladi.
Mamlakatlar o‘rtasida valyuta munosabatlarining holati milliy va xalqaro iqtisodiyotning rivojlanishi, mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muhit, shuningdek, boshqa qator omillar bilan baholanadi.
Xalqaro iqtisodiyotning globallashuvi va internatsionallashuvi sharoitida ichki ishlab chiqarish jarayonlar tashqi omillarga bog’liq bo‘lib qoladi. Jumladan, xalqaro ishlab chiqarish, savdo, fan va texnika taraqqiyoti, xorijiy kapitalning migratsiyasi kabi boshqa jarayonlar valyuta munosabatlari orqali tartibga solib boriladi. Xalqaro valyuta munosabatlarining zaiflashuvi, jahon moliyaviy inqirozlari mahalliy va xalqaro darajadagi takror ishlab chiqarish jarayoniga salbiy tasir ko‘rsatadi.
Mamlakatlar o‘rtasida xalqaro ijtimoiy - iqtisodiy munosabatlar - ning rivojlanishi xalqaro valyuta munosabatlarining shakllanishi va mazmunan rivojlanib, takomillashib borishiga zamin yaratdi. Bu o‘z navbatida valyuta tizimini shakllanishiga xizmat qildi.
Valyuta tizimi - valyuta munosabatlarini tashkil etish va tartibga solish shakli bo‘lib, maxalliy qonunchilik yoki xalqaro kelishuv asosida mustahkamlanadi. Xalqaro iqtisodiy adabiyotlarda - milliy, xalqaro va hududiy valyuta tizimlari mavjudligi e’tirof etiladi.
Dastlab milliy valyuta tizimlari vujudga kelgan. Milliy valyuta tizimlari xalqaro amaliyotdagi normalarni inobatga olgan holda mahalliy qonunchilik hujjatlari asosida tartibga solinadi. Milliy valyuta tizimi mamlakat pul tizimini tashkil etib, erkin ravishda mamlakat hududidan o‘zga hududlarda to‘lov vositasini bajarishi mumkin. Buning uchun qator omillar mavjud bo‘lishi lozim. Xususan, milliy iqtisodiyotning barqarorligi va raqobatbardoshligi taminlangan bo‘lishi, milliy valyutani sotib olish qobiliyati mustahkam bo‘lishi, mamlakat jahon xo‘jaligida yuqori mavqie va reytingga ega bo‘lishi kabilar shular jumlasidandir.
Xalqaro valyuta tizimining vujudga kelishining asosini mamlakatlarning milliy valyuta tizimi tashkil etadi va mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro kelishuvlar asosida mustahkamlanadi. Dastlabki xalqaro valyuta tizmining vujudga kelishi 1850 yillarga to‘g’ri keladi. Xalqaro valyuta tizimining barqaror samarali amal qilishi, uning tegishli tamoyillariga rioya etilishi, mamlakatlar o‘rtasida siyosiy iqtisodiy barqarorlik ta’minlanishini talab etadi, aks holda xalqaro valyuta tizimi vaqti - vaqti bilan inqirozga uchraydi, buning natijasida amaldagi valyuta tizimi barham topib, uning o‘rniga yangisi tashkil topadi.
Milliy va xalqaro valyuta tizimining amal qilishi, ularning elementlarida namoyon bo‘ladi.
Milliy valyuta tizimining asosiy elementlari quyidagilardan iborat: milliy valyuta;
konverterlash shartlari;
milliy valyuta pariteti;
milliy valyuta kursining rejimi;
valyutaviy chegaraning mavjudligi yoki chegaralanmaganligi, valyuta nazorati;
mamlakatning xalqaro valyuta likvidligini tartibga solish tartibi; xalqaro kredit mablag’laridan to‘lov vositasi sifatida foydalanishi reglamenti;
mamlakatning xalqaro hisob - kitoblar reglamenti; mahalliy valyuta va oltin bozorlarini faoliyat ko‘rsatish rejimi (tartibi); mamlakat valyuta munosabatlarini tartibga soladigan va boshqaradigan mahalliy organlar.
Xalqaro valyuta tizimining elementlari: jahon pulining funktsional shakli;
valyutalarni o‘zaro konvertirlash shartlari;
valyuta pariteti rejimining reglamenti;
davlatlararo valyutaviy chegaralarni tartibga solish;
xalqaro valyuta likvidligini davlatlararo tartibga solish usuli;
xalqaro kredit mablag’lari muomalasini unifikatsiyalash qoidalari;
xalqaro hisob-kitoblar shakllarini qo‘llashning qoidalari;
xalqaro valyuta va oltin bozorlarining faoliyat yuritish rejimi;
davlatlararo valyutani tartibga soluvchi xalqaro tashkilotlar;
Milliy valyuta tizimining asosini shu mamlakat milliy valyutasi tashkil etadi. Ushbu valyuta tegishli qonunchilik xujjatlari asosida mamlakatda yagona to‘lov vositasi sifatida mustahkamlanadi. Xalqaro hisob -kitoblarda qo‘llaniladigan pul (milliy valyutalar) valyuta deb yuritiladi.