Bretton Vuds tizimining barham topishi (1968 -1971 yy.)
Evropada dollar massasining ortib borishi va AQShda oltin zaxiralarini kamayishi, London va Tsyurixdagi erkin oltin bozorlarida oltinning untsiyasi uchun belgilangan 35 dollar narxni ta’minlab turish AQShga qiyinchiliklar tug’dira boshladi. Mamlakatlar o‘rtasida Bretton - Vuds tizimining qoidalari kelishilganda ushbu narx (oltinning bir untsiyasi uchun 35 dollar) butun tizimning asosini tashkil etgan. Amerika fuqarolariga 1934 yilda oltinga egalik qilish ta’qiqlangan bo‘lib, boshqa davlat fuqarolari oltin quyma va oltin tangalarga qonuniy egalik qilishi mumkin bo‘lgan. Ularning dollarni oltin bilan so‘ndirish imkoniyati faqat erkin bozorda 35 dollarga sotish orqali amalga oshirilgan. Amerikadagi inflyatsiya darajasining o‘sishi, dollarning yanada qadrsizlanishi natijasida AQSh to‘lov balansidagi kamomad o‘sdi, oltinga egalik qilgan fuqarolar esa erkin bozorda faol ravishda oltin xarid qilar edi. O‘z navbatida AQSh, London va Tsyurix erkin oltin bozorlaridagi oltin narxini belgilangan miqdorda ushlab turish uchun qisqarib borayotgan oltin zaxirasidan berishga majbur bo‘ldi.
Erkin oltin bozoridagi dollarga bo‘lgan ishonchsizlik, 1968 yilning mart oyida AQSh tomonidan mavjud pul tizimga o‘zgartirishlar kiritishiga olib keldi. Ya’ni, amaldagi tizimni saqlab qolish maqsadida, oltinni erkin bozoridagi faoliyatini to‘xtatish zarur degan xulosaga keldi. Shunday qilib, “ikki pog’onali oltin bozori”: oltinni erkin bozori - mustaqil va mamlakatlar Markaziy banklarining oltin hisob - kitoblari - mustaqil faoliyat yurita boshladi. AQSh taklifiga binoan oltinning erkin bozor bahosini belgilangan 35 dollar miqdorida xarid qilinishi rad etildi. Shu bilan birga, barcha davlatlar oltin untsiyasi uchun 35 dollar miqdorni abadiy belgilangan narxda bo‘lishiga kelishib oldi.
Mamlakat Markaziy banklari va Hukumatlari “tashqi” (erkin) bozordan oltinni sotish va sotib olishdan bosh tortdi, natijada oltin Markaziy banklar o‘rtasidagi hisob - kitoblarda hisob birligi (1 untsiya = 35 doll) sifatida qo‘llanila boshladi. Oltinning erkin bozori ham umumiy pul tizimiga aloqasi bo‘lmagan holda rivojlandi.
Ikki pog’onali oltin bozorining parallel ravishda amal qilishi, AQShni yangi zaxira qog’ozlarini joriy etish to‘g’risidagi fikrini ilgari surdi va maxsus huquq beruvchi birlik (SDR)ni muomalaga kiritish maslasi ko‘rildi.4 Amerika bunday birlikni kiritish orqali oltinning o‘rnini bosuvchi yangi qog’oz pul shaklidagi jahon valyutasini joriy etish bo‘lgan. SDRni amaliyotga joriy etish va uni emissiya qilish huquqini Jahon banki ixtiyoriga berish rejalashtirilgan edi. SDRni joriy etish va uni jahon valyutasiga aylantirish xususida, ilgari surilgan tizimni barpo etish orqali AQSh boshqa davlatlar bilan birlashgan holda pul taklifini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘lar edi. Bu tizimni joriy etish, albatta dunyo iqtisodiyotining izdan chiqishiga jiddiy xavf tug’dirdi.
SDR amaliyotini tarqalishiga qarshilik ko‘rsatayotgan G’arbiy Evropa va qattiq valyutaga ega bo‘lgan mamlakatlar AQSh valyuta zaxiralarining sezilarsiz miqdorini tashkil etgan.
Qog’oz pullar nazariyasini qo‘llab - quvvatlagan Milton Fridman ham o‘z qarashlarida jahon valyuta tizimidan oltinni butunlay bekor bo‘lishini ilgari surgan. Ya’ni, Bretton - Vuds tizimi joriy etilganda, AQShning etakchi ekspertlari sanoatda dollarga talab ortishi natijasida oltin narxini 10 dollargacha pasayishini taxmin qilishgan. Lekin, ushbu tizimni mukammal ishlashi uchun dollar inflyatsiyasini belgilangan me’yorda saqlash lozim edi. 1973 yilning boshlariga kelib, oltinning bir untsiyasi 125 dollargacha ko‘tarildi.
Bundan xulosa qilib aytish mumkinki, AQShning taklifiga asosan ikki pog’onali oltin bozorining yaratilishi, Bretton - Vuds tizimining faoliyat yuritish muddatini bir necha yilga cho‘zishga xizmat qildi. Chunki, inflyatsiyaning o‘sishi oqibatida Amerikaning to‘lov balansi kamomadi ortib, oltin zaxiralari qisqarib bordi. Evropa Markaziy banklari hisobvarag’larida esa, “evrodollar”lar miqdori ortib bordi. O‘z navbatida erkin oltin bozorida dollar massasini ortishi, oltin narxini ortishiga va dollarga bo‘lgan ishonchsizlikni ortishiga olib keldi. Endilikda, oltinga egalik qilgan shaxslar, uni sotishdan voz kechayotgan edi. Bu o‘z navbatida avvaliga erkin oltin bozori faoliyatini, keyinchalik Bretton - Vuds tizimini batamom to‘xtashiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |