4. Din falsafasi tushunchasi va uning falsafiy bilimlar tizimida tutgan o‘rni. Dinshunoslik fani o‘rganadigan asosiy sohalardan yana biri din falsafasi bo‘lib, u “din”ni falsafadan kelib chiqib tadqiq qiladi. Din falsafasi dinlarning kelib chiqishi va taraqqiy etib borishini o‘zaro bog‘liqlikda, aloqadorlikda, tizimli va qonuniyatli jarayon sifatida ko‘rib o‘tib, diniy hukmlarning mantig‘i va mohiyatini ochib berishga harakat qiladi. Din falsafasida eng avvalo Xudoning mavjudligi bilan bog‘liq dalillar tanqid yoki tahlil qilinadi, bu dalillarning qanchalik asosli yoki asossiz ekanligi ko‘rib o‘tiladi. Din falsafasi din to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilganda mantiqiy shakl va qonunlardan foydalanadi. Mantiqiy tafakkur din to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilishda hukm va xulosa chiqarish usullaridan keng foydalanadi. Din falsafasi boshqa fanlar tomonidan chiqarilgan xulosa va erishilgan natijalardan keng miqyosda foydalangan holda bu natijalarga tayanib yana bir qancha hukmlarni ham chiqarishi mumkin. Din falsafasi, bundan tashqari dinning mohiyati, insonning diniy haqiqatlar bilan bo‘lgan bog‘liqligini ham o‘rganadi. Din falsafasi o‘rganadigan mavzularning ichida Xudoning borligi, sifatlari, yaratuvchi–koinot munosabati, yaratish, olamning yaratilishidagi maqsad, qayta tirilish, payg‘ambarlik va vahiy kabi masalalar asosiy o‘rinni egallaydi. Din falsafasi o‘rganadigan sohalarga bundan tashqari ilm–imon, ilm–din, din–madaniyat, din–san’at, din–adabiyot, diniy tajriba, diniy his-tuyg‘u kabilar ham kiritiladi. Olloh tomonidan olamning va odamning yaratilishi, inson hayotining ma’nosi va mazmuni, inson hayotining o‘tkinchiligi, foniy va boqiy dunyo haqidagi qarashlar, savob va gunoh to‘g‘risidagi yondashuvlar din falsafasi o‘rganadigan sohalar bo‘lib hisoblanadi.
5. Teologiya tushunchasi va uning o‘rganish sohasi. Insoniyat tarixida diniy bilimlarni o‘rganuvchi soha – teologiya vujudga kelib, teologiya ilohiyot, xudo to‘g‘risidagi ta’limot sifatida xudo, uning sifatlari, belgilari va xususiyatlari to‘g‘risidagi diniy ta’limotlarni asoslash, himoya qilish, muayyan din tomonidan belgilangan aqidalarning haqiqiyligini isbotlash, diniy axloq, dindor va ruhoniylarning hayot tarzi va faoliyati me’yorlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Teologiya muqaddas yozuvlar va muqaddas rivoyatlarning ilohiy ekanligini, ibodatxonalarning ilohiy mohiyatga egaligini isbotlash, shuningdek ibodatni bajarish bilan bog‘liq bir qator amaliy bilimlar yig‘indisini o‘z ichiga oladi. Teologiya so‘zi yunon tilida theos-xudo, logos- ta’limot, degan ma’noni bildirib, ilohiyotning barcha dinlar doirasida yaratilgan tizimlari dunyoni yaratgan va uni inson bilolmaydigan qonunlar orqali boshqaradigan xudoni tan olishga asoslanadi. Ilohiyot tizimi deganda diniy ta’limot va sig‘inishlardagi har xil tomonlarni bayon etadigan turli ilohiyotga hos bilimlar yig‘indisi tushuniladi. Masalan xristianlik rasmiy ilohiyotining asosiy falsafiy manbaini Platon, Aristotel va neoplatonizm ta’limotlari tashkil etsa, pravoslavie, protestantizm, katolitizm yo‘nalishlaridan har biri ilohiyot masalasida o‘ziga xos xususiyat va yondashuvlarga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |