9-MAVZU:DIN MADANIYAT FENOMENI
Insoniyatning tarixiy taraqqiyotida din madaniyatning fenomeni sifatida doimo muhim o‘rin tutib kelgan. Din jamiyatdagi mafkura sifatida odamlarning bilimi, dunyoqarashi, e’tiqodining asosini tashkil qilib, jamiyat hayotida odamlarni birlashtirgan, uyushtirgan, ma’lum bir maqsadga yo‘naltirgan. Din madaniyat fenomeni sifatida jamiyat hayotining barcha sohalariga iqtisodga, siyosatga, huquqqa, moddiy va ma’naviy madaniyatga, ma’naviyatga, san’atga, milliy mentalitetga, urf-odat va an’analarga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan. Dinning madaniyat fenomeni sifatidagi mohiyati turli sivilizatsiyalarning shakllanishiga o‘zining ta’sirini ko‘rsatib, muayyan diniy ta’limot asosida inson va insoniyat jamiyati hayotida moddiy va ma’naviy madaniyat, milliy mentalitet va psixologiya shakllangan.
1-§. Din, dinshunoslik, din falsafasi, teologiya, teosofiya, xudojo‘ylik tushunchalarining mohiyati
1. Dinning madaniyat fenomeni sifatidagi mohiyati. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash, fuqarolarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan siyosatda din omiliga katta e’tibor qaratilib, dinning,xususan islom dinining xalqimiz tarixi, ma’naviyati, madaniyatida tutgan o‘rni masalasiga, milliy g‘oyamizdagi dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasining mamlakatimizda millatlararo totuvlik va tinchlik barqarorlikni ta’minlashda tutgan o‘rni masalasiga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Necha yuz yillik tarix va madaniyatimiz, milliy o‘zligimizning ajralmas qismiga aylanib ketgan muqaddas dinimizni asrash, ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish biz uchun o‘ta dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda, - deydi Prezident Shavkat Mirziyoev, - Keyingi vaqtda mamlakatimizda shu yo‘nalishda katta ishlar amalga oshirilayotgani, tabarruk qadamjolar obod qilinib, yangi-yangi ilmiy, madaniy va diniy markazlar, ta’lim maskanlari tashkil etilayotgani barchangizga yaxshi ma’lum1.
Bugungi kunda jahonda ro‘y berayotgan globallashuv jarayonida dinlarni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jahonning ba’zi mintaqalarida diniy asosdagi kelishmovchiliklarning vujudga kelishi, din shiori ostida ekstremistik, fundamentalistik g‘oyalarning ilgari surilishi, missionerlik va prozelitizm harakatlarining paydo bo‘lib targ‘ibotchilik faoliyati olib borilishi, dinlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar to‘g‘risidagi turli qarashlarning ilgari surilishi dinshunoslik faniga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirmoqda. Ko‘pmillatli hamda ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston Respublikasida din va bag‘rikenglik masalasi mamlakatda tinchlik barqarorlik, millatlararo totuvlik hamda dinlararo hamjihatlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dinshunoslik fani milliy va diniy qadriyatlarning tarixan mushtarakligi, ularning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unligi, bu qadriyatlarning hozirgi mustaqil O‘zbekiston sharoitidagi ahamiyatini yanada aniqroq yoritib beradi, dinga nisbatan to‘g‘ri, ilmiy yondashuvni shakllantirib, dinning insonparvarlik va bag‘rikenglik mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi. Dinshunoslik fani din, uning mohiyati, turli shakllari, ta’limotlari, yo‘nalishlari, ijtimoiy mohiyati haqidagi dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |