Qishloq xo‘jaligida davlat buyurtma tizimi.
O‘zbekiston agrar sektorining asosiy xususiyati shundaki, qishloq xo‘jaligining ikki turdagi ekinlarini (paxta va bug‘doy) ishlab chiqarish asosan davlat ehtiyojlari uchun yetishtiriladi.
2017-2018 yillar mobaynida meva va sabzavotlarni eksport qilish bo‘yicha ma'muriy to‘siqlarning aksariyat qismi yo‘q qilindi.
O`zbekistonda agrar islohotlar qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishining samaradorligini oshirish, mulkchilik munosabatlari va shakllarini tubdan isloh qilish, fermer xo`jaliklarini rivojlantirish va mustahkamlash, qishloqlarni obod etish asosida qishloq aholisining daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish vazifalarining amalga oshirilishini ko`zda tutadi.
O`zbekistonda agrar islohotlarning negizini yerga bo`lgan mulkchilik masalasi tashkil etadi. Respublika Konstitutsiyasida yer xususiy mulk qilib sotilishi mumkin emasligi, balki uni uzoq muddatli ijara shartlari bilan topshirish mumkinligi ta`kidlangan. Shunday ekan, qishloqda bozor munosabatlarini shakllantirishga yerni meros qilib qoldirish huquqi bilan umrbod foydalanish uchun ijaraga berib qo`yish orqali erishish ko`zda tutilgan.
Respublikada yerga bo`lgan mulkchilik munosabatlarini isloh qilishning boshqa xususiyati shundan iboratki, melioratsiya, irrigatsiya, yerlarning unumdorligini oshirish dasturlarini bajarishni davlat o`z zimmasiga oladi.
Mamlakatimizda barcha haydaladigan yerlarning 3/4 qismidan ko`prog’i (4,2 mln.ga) sug’oriladigan yerlar bo`lib, uning yarmidan ko`prog’i yaxshi meliorativ holatda, qolgan yerlar esa melioratsiya ishlari (qayta o`zlashtirish, kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruktsiya qilish)ni olib borishni talab qiladi.
Bugungi kunda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini oshirish qishloq xo`jaligini intensiv rivojlantirish va uning samaradorligini yuksaltirishning muhim rezervi va hal qiluvchi omili, eng asosiysi – qishloq aholisining moddiy farovonligini ko`tarishning zarur sharti va garovi bo’lib xizmat qiladi. Biz mazkur muammoni hal etishni, ko`p jihatdan 2008-2012 yillarga mo`ljallangan sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturini amalga oshirish bilan bog’liq holda ko`ramiz. Ushbu dasturda melioratsiya inshootlarini barpo etish, rekonstruktsiya qilish va ta`mirlash, melioratsiya texnikasi parkini yangilash bo`yicha keng ko`lamli ishlarni bajarish belgilangan.
2022-2023 yillarda umumiy uzunligi 3,5 ming kilometrdan ziyod bo`lgan magistral, tumanlararo va xo`jaliklararo kollektorlarni, mingdan ortiq melioratsiya qudug’ini barpo etib va rekonstruktsiya qilish, 7,6 ming kilometrlik drenaj tarmog’ini qayta tiklash vazifasi qo`yilmoqda. Birgina 2022 yilning o`zida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadlari uchun 89 milliard so`mdan ortiq mablag’ ajratildi. Bu mablag’larning katta qismi kollektor-drenaj tarmoqlarini qayta tiklash va tozalash, pudratchi va suv xo`jaligi tashkilotlarini lizing asosida zamonaviy texnika bilan ta`minlashga yo`naltirildi. Bu borada melioratsiya ishlarini moliyalashtirish mexanizmini ham tubdan qayta ko`rib chiqish darkor.
Qishloq xo`jaligini isloh qilish jarayonida qo`llanilgan muhim yo`nalishlardan biri – bu shaxsiy tomorqalarni kengaytirish, yangi sug’oriladigan yerlarni shaxsiy xo`jaliklar va bog’-dala hovli uchastkalariga ajratib berish yo`li bilan aholini yer bilan ta`minlashdan iboratdir. Shu ko`rilgan chora-tadbirlar hisobiga, birinchidan, qishloq joylarda ishsizlikning kuchayib borish xavfini barham toptirishga, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirishga, uchinchidan, aholini hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlashdagi keskinlikka barham berishga va to`rtinchidan, yakka tartibda uy-joy qurilish ko`lamini ancha kengaytirishga muvaffaq bo`lindi.
Islohotlar amalga oshirilgan dastlabki yillarda aholiga foydalanish uchun qo`shimcha 550 ming gektar sug’oriladigan yer ajratib berildi, shaxsiy tomorqa uchun berilgan yerning umumiy maydoni 700 ming gektarga yetdi. Natijada dehqon xo`jaliklarning qishloq xo`jalik ishlab chiqarishi umumiy hajmidagi ulushi 1992 yildagi 33 % dan, 2008 yilda esa 65,3 % ga, 2019 yilga kelib 85,2 % qadar ko`tarildi2.
Respublikada agrar islohotlarni amalga oshirishning navbatdagi yo`nalishi – bu qishloq xo`jalik ishlab chiqarishining tarkibiy tuzilishini takomillashtirishdir. Bunda xo`jaliklarga ekin maydonlari tarkibini va ishlab chiqarish hajmini mustaqil belgilash huquqi beriladi.
Qishloq xo`jaligida paxta yakkahokimligiga barham berilib, ekin maydonlarining katta qismi don mahsulotlariga ajratildi. Natijada ozuqabop g’alla importiga qaramlik barham topib, tez orada g’alla mustaqilligi qaror topdi.
O`zbekistonda agrar islohotlarni chuqurlashtirishning navbatdagi yo`nalishi barcha davlat va shirkat qishloq xo`jalik korxonalarini (birinchi navbatda zarar ko`rib ishlayotganlarini) fermer xo`jaliklariga aylantirishdan iborat bo`ldi.
Respublikada islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichlaridayoq, birinchi Prezidentimiz I.Karimov fermer xo`jaliklari qishloq xo`jalik ishlab chiqarishini tashkil etishning asosi sifatida faoliyat ko`rsatishi lozimligini ta`kidlab o`tgan edi. Shu sababli respublikamizda qishloq xo`jaligini fermerlashtirish agrar islohotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Respublikada bu jarayon zarar ko`rib ishlash natijasida og’ir ahvolga tushib qolgan davlat xo`jaliklarining tarkibi fermer xo`jaliklaridan iborat shirkatlar uyushmasiga aylantirish, mavjud davlat va jamoa xo`jaliklari tarkibida ular resurslari hisobidan fermer xo`jaliklari tashkil etish hamda dehqonlarning mol-mulklari negizida dehqon xo`jaliklarini tarkib toptirish yo`li bilan boradi. Fermer xo`jaligining barcha tashkiliy shakllarining umumiy tomoni shundaki, ular ijaraga olingan davlat yerida faoliyat ko`rsatadi. Fermer va dehqon xo`jaliklarini tashkil qilish, rivojlantirish va ular faoliyatini tartibga solish O`zbekiston Respublikasining «Fermer xo`jaligi to`g’risida»gi, «Dehqon xo`jaligi to`g’risida»gi, «Qishloq xo`jaligi kooperativi (shirkat xo`jaligi) to`g’risida»gi qonunlarga hamda qishloq xo`jaligida islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan boshqa huquqiy bitimlarga va hukumat qarorlariga asoslanadi.
Bu qonuniy hujjatlarda fermerlarga ajratilgan yerlarni meros qilib qoldirish sharti bilan uzoq muddatli ijaraga olish huquqi mustahkamlab qo`yildi. Shu bilan, birga bu xo`jalik uchun yerlarning unumdorligini saqlash va oshirishda davlat tomonidan kafolatlar yaratish yo`li bilan ularni himoyalash tizimi vujudga keltirildi. Shunday qilib fermer xo`jaliklarini rivojlantirishni rag’batlantirish uchun ham huquqiy, ham tashkiliy shart-sharoitlar yaratildi. Natijada Respublikada 2017 yil boshiga kelib fermer xo`jaliklari soni deyarli 185,5 mingtani tashkil qildi. Ularga biriktirilgan qishloq xo`jalik foydalanishidagi yerlar maydoni 4881,9 ming gektarni tashkil qilib, bir xo`jalik ixtiyoridagi yer maydoni 26,3 gektarga to`g’ri keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |