3.Sulton Salim III islohotlari. Hukmron feodal sinf vakillari ham imperiya inqirozining kuchayib borayotganligini sezishardi. Ularning uzoqni ko’ra bilgan vakillari sulton hokimiyatini mustahkamlashga va poshsholar separatchiligini bartaraf qilishga qaratilgan islohotlar o’tkazish yo’li bilan bu vaziyatdan chiqishga intildilar. Islohotchilar moliyani sog’lomlashtirish, armiya va ma’muriyatni mustahkamlashga harakat qilardilar. Turk armiyasini mustahkamlashga qaratilgan ba’zi urinishlar XVIII asrning 50-yillaridan boshlangan edi. Turk xizmatiga taklif qilingan Yevropaliklar artilleriyaning rivojlanishiga, istehkomlar qurilishiga, harbiy ta’limning yangi usullari joriy qilinishiga yordamlashdilar. Lekin bu yangiliklar tasodifiy xarakterga ega edi. Sulton Salim III (1789-1807) tomonidan ancha mukammal islohotlar o’tkazishga harakat qilindi.
Salim III “Nizomi jadid” tuzib, qo’shin va idorani yangilashga kirishdi. 1792-1796 yillarda o’z harbiy majburiyatini o’tashdan bo’yin tovlagan shaxslardan len mulklarini tortib olish va Yevropa namunasidagi doimiy qo’shinlarning yangi korpusini tashkil qilish to’g’risida farmonlar qabul qildi. Shu bilan bir vaqtda harbiy-injenerlik bilim yurti ochildi va flot qaytadan tashkil etildi. Salim III tomonidan o’tkazilgan tadbirlar “Yangi tizim” nomini oldi. “Yangi tizim” qo’shinlari korpusi Yanicharlardan ustunliklari bilan ajralib turardi. Chet ellik instruktorlar yordamida 23 ta liniya kemasidan iborat yangi harbiy flot tashkil etildi.
Armiya va flotga xizmat qiluvchi porox zavodlari va boshqa manufakturalar qurildi. Turklar frantsuzlar va ruslar namunasidagi to’plar quyishni boshladilar. Yangidan tashkil qilingan harbiy-injenerlik bilim yurtida turk yoshlari Yevropa tillarini o’rgana boshladilar. Lekin feodallar va musulmon ruhoniylarning ko’pchiligi islohotlarni o’z imtiyozlari uchun xavfli deb bilib, unga qattiq qarshilik ko’rsatdilar. Ayniqsa islohotlar siyosati Yanicharlar korpusini yo’q qilinishiga olib kelishini tushungan Yanicharlar islohotlarga alohida dushmanlik bilan qarardilar. Salim III ning islohotchilik siyosatini dehqonlar va hunarmandlar ham qo’llab-quvvatlamadilar, chunki u yangi og’ir soliqlarni joriy qilish bilan bordi. Tez orada Anatoliya va Bolqonda feodallarning Salim III ga qarshi isyoni boshlandi.
Ular ichida Bolqondagi garnizonlardagi Yanicharlar qo’shiniga boshchilik qilayotgan Vidin (Bolgariya) poshshosi Usmon Pazvand o’g’lining chiqishi ayniqsa xavfli edi. Sulton qo’shinlari Pazvand o’g’lidan bir necha marotaba engilgandan keyin, unga qarshi 100 ming kishilik armiya yubordi. Lekin isyonchilarga qarshi hal qiluvchi janglar ketayotgan bir paytda frantsuz qo’shinlari Misrga bostirib kirishdi va sulton o’z qo’shinlarini Bolqondan olib ketishga majbur bo’ldi. 1798 yil iyulida Napoleon Bonapart boshchiligidagi frantsuz qo’shinlari Misrga kirib keldi. Misrda bosqinchilarga qarshi xalq harakati boshlanib ketdi. 1801 yil Misrdagi frantsuz qo’shinlari taslim bo’lishga majbur bo’ldi. Misr inglizlar tomonidan bosib olindi. Lekin xalq yangi bosqinchilarga qarshi kurashni davom ettirdi, inglizlar ham Misrdan chiqib ketishga majbur bo’ldilar. Alban otryadlarining komandiri, urush vaqtida Turkiyaga kelib qolgan Muhammad Ali 1805 yil Misr hukmdori bo’ldi.
1798 yil Turkiya Yevropa davlatlarining Fransiyaga qarshi tuzilgan ittifoqiga qo’shildi. Fransiya bilan bo’lgan urushlar davrida (1798-1802) Salim III islohotchilik siyosatiga qarshi bo’lgan feodallar guruhining pozitsiyasi kuchaydi. Sulton Pazvand o’g’li bilan murosaga kelishga majbur bo’ldi. Pazvand o’g’li homiylik qilgan Yanicharlar Belgrad poshshosini o’ldirdilar. Serb aholisi ustidan vahshiyona zo’ravonlik boshlandi.
Misrda mag’lubiyatga uchrab, Usmoniylar imperiyasi bilan sulh tuzgach, frantsuz diplomatiyasi Turkiyadagi faoliyatini kuchaytirib, Turkiyani Angliya va Rossiyaga qarshi qo’yishga harakat qildi. Turk sultoni Rossiyaning roziligisiz Rossiya homiyligi ostidagi Moldava va Valaxiya knyazlarini almashtirdi. Rossiyaning hukmron doiralari o’zlarining Bolqondagi mavqeining pasayishini istamas edilar. 1806 yil oxirida rus-turk urushi boshlandi. Turklar ruslarga qarshi katta qo’shin tashladilar. Eski an’anaga ko’ra qo’shin bilan birgalikda hukumat a’zolari ham frontga jo’nadilar. Yuzaga kelgan vaziyatdan Salim III ni uning islohotchilik faoliyati uchun kechira olmagan feodal zodagonlarning eng reaktsion vakillari va ruhoniylari foydalanib qoldilar.
1807 yil may oyida Salim III taxtdan tushirildi. Mustafo IV sulton deb e’lon qilindi. Yangi sulton Salim III tomonidan amalga oshirilgan islohotlarni bekor qildi.
Islohotlar tarafdorlari urush vaqtida Dunaydagi turk qo’shinining komandiri bo’lgan Rushuk okrugi (Bolgariya) hukmdori Mustafo poshsho Bayrokdor atrofiga birlashdilar. Bayroqdor rahbarligida islohotchilarning “Rushuklik do’stlar” nomli yashirin tashkiloti tuzildi. 1807 yil iyulida Rossiya bilan Fransiya o’rtasida Tilzit sulhi tuzilgach, avgustda Rossiya bilan Turkiya o’rtasida vaqtinchalik sulh tuzildi. Mustafo poshsho Bayroqdor Salim III ni qayta taxtga o’tkazish uchun o’z qo’shinlari bilan Istambulga yurish qildi. Lekin 1808 yil iyulda Bayroqdor qo’shinlari poytaxtga etib kelganlarida qamokda saqlanayotgan Salim III Mustafo IV ning buyrug’i bilan o’ldirilgan edi. Bayroqdor Mustafo IV taxtdan tushirib, uning o’rniga islohotlar siyosatini davom qildirishni va’da qilgan Mahmud II ni sulton (1808-1839) deb e’lon qildi. Bayrokdor buyuk vazir qilib tayinlandi, “Rushuklik do’stlar” tashkilotining a’zolari muhim davlat lavozimlarini egalladilar.
Bayroqdor islohotlar siyosatini qaytadan boshlab, Salim III ga qaraganda qa’tiyroq harakat qildi. Islohotlar Yanicharlar korpusini yo’qotishga qaratilganligi ko’rinib qoldi. Lekin “Rushuklik do’stlar” Salim III kabi xalq orasida tayanchga ega emas edilar. Bundan tashqari hukmron sinfning katta qismi islohotlarga tish-tirnog’i bilan qarshi edilar.
1808yil noyabrda Istabulda Yanicharlarning isyoni boshlandi. Isyon natijasida Mustafo poshsho Bayroqdor o’ldirildi va “Rushuklik do’stlar” hokimiyatdan chetlatildi.
Salim III va Bayroqdorning islohotlarining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tasodifiy emas edi. Turkiyani tub ijtimoiy o’zgarishlarni amalga oshirish yo’li bilangina qayta tiklash mumkin edi. Bunga Usmoniylar imperiyasi hududida yashashga qobiliyatli milliy davlatlarni barpo etish orqali erishish mumkin edi. O’sha davr sharoitida islohotchilar amalga oshirgan tadbirlarning ko’pchiligi progressiv ahamiyatga ega edi. Lekin umumiy holda olganda Salim III va Bayrokdor islohotlari hukmron sinf vakillari bir guruhining Usmoniylar imperisi boshidan kechirayotgan chuqur inqirozni yumshatish yo’lidagi bir urinish edi xolos.
Islohotlardan ko’zlangan asosiy maqsad mavjud tuzumni saqlab qolish, Usmoniylar imperiyasi umrini uzaytirishga qaratilgan edi.