7.Turkiyada Abdul Hamid II hukmronligi va1908 yildagi yosh turklar inqilobi. 1876 yil 31 avgustda taxtga Abdul Hamid II o’tirdi. Midxad poshsho buyuk Vazir lavozimini egallab, konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishga kirishdi.
Lekin Abdul Hamid II “Yangi usmonlar”ga qarshi kurash uchun payt poyladi. 1876 yil dekabrda Abdul Xamid II konstitutsiya qabul qilganligini e’lon qildi. Konstitutsiyaga ko’ra, Turkiya konstitutsion monarxiyaga aylandi. Ikki palatali parlament tuzish ko’zda tutilgan bo’lib, deputatlar palatasi yuqori mulk tsenzi asosida saylanardi. Senat a’zolari sulton tomonidan umrbod saylanardi. Imperiyaning barcha aholisi “usmoniylar” deb atalib, qonun oldida teng deb e’tirof etildi. Turk tili davlat tili deb, islom dini davlat dini deb e’lon qilindi. Konstitutsiyaga binoan hokimiyatning katta qismi sulton qo’lida markazlashgan edi. Uning shaxsi daxlsiz deb e’lon qilindi. Sulton vazirlarni ishga tayinlash va vazifasidan ozod qilish, urush e’lon qilish, sulh tuzish, harbiy holat joriy qilish va fuqarolik qonunlarni to’xtatib qo’yish huquqiga ega edi.
1876 yildagi konstitutsiya juda cheklangan xarakterda bo’lishiga qaramay, imperiya tarixida ijobiy hodisa hisoblanardi. Lekin “Yangi usmonlar” xalq ommasi bilan aloqa o’rnatmay va uning faolligidan cho’chib, Turkiyani konstitutsion yo’ldan borishini ta’minlay oladigan bu real, xaqiqiy ijtimoiy kuchlarga tayanmadilar. Shuning uchun xam Abdul Hamid II konstitutsiya e’lon qilingan kunning ertasidanoq uni yo’q qilish yo’liga o’tdi. 1877 yil fevralida Midxad poshsho ishdan olinib, surgun qilindi (u 1883 yil Abdul Hamid II ning buyrug’i bilan o’ldirildi). 1877 yil martda ish boshlagan birinchi turk parlamentiga o’tkazilgan saylovlar terror va suiiste’mollik sharoitida o’tdi. “Yangi usmonlar” nomzodlari ovoz berishga (ballotirovka) qo’yilmadi. Parlamentda yirik pomeshchiklar, amaldorlar, ruhoniylarning yuqori tabaqasi ko’pchilikni tashkil etardi. Deputatlar ichida turk savdogarlari va milliy burjuaziya vakillari ham bor edi. Parlament sulton hohish irodasiga qarshilik ko’rsatmay, uni bajarib kelgan bo’lishiga qaramay, sulton 20 majlisdan keyin uni tarqatib yubordi. Ikkinchi parlament 1877 yil aprelda chaqirilib, 1878 yil fevralda tarqalib ketdi. Konstitutsiyaning hech bir moddasining talablari bajarilmadi va Konstitutsiya to’la holda arxivga topshirildi.
1878 yil may oyida “Yangi usmonlar” Istambulda konstitutsiyani himoya qilishga qaratilgan qo’zg’olon ko’tarishga urindilar, lekin bu tezda bostirildi. “Yangi usmonlar” batamom mag’lubiyatgi uchradilar. 1876 yil yanvarda Parij traktatini (1856) imzolagan davlatlar Turkiyadan Bosniya va Gertsegovinada islohotlar o’tkazishni talab qildilar. Lekin sulton hukumati bu talabni rad etdi. Natijada yangi yaqin sharq inqirozi ro’y berdi.
1877 yil bahorida rus-turk urushi boshlandi. 1877 yil may oyida o’zini mustaqil deb e’lon qilgan Ruminiya Rossiyaning ittifoqchisi bo’ldi. Rus armiyasiga bolgar xalq qo’shini ham qo’shildi. 1878 yil boshida Turkiya mag’lubiyatga uchrab, og’ir ahvolga tushib qoldi. Rus qo’shinlari Istanbulga yaqinlashib qoldilar.
Ingliz hukumati Istanbul va bo’g’ozlarni ruslardan himoya kilish uchun o’z flotini Marmar dengiziga olib kirdi. 1878 yil San-Stefano qishlog’ida (Istanbul yaqinida) sulh shartnomasi tuzildi, uning asosiy sharti mustaqil Bolgariya davlatining tashkil topishi bo’ldi. Angliya va G’arb davlatlari Rossiyaning mavqei kuchayib borayotganidan xavfsirab, San-Stefano sulh shartnomasining shartlarini qaytadan ko’rib chiqish uchun Berlinda xalqaro konferentsiya chaqirishga muvaffaq bo’lishdi. Lekin ular Berlin kongressida Rossiyaning harbiy g’alabalari bilan hisoblashishga majbur bo’ldilar. Berlin traktatiga ko’ra (1878 yil iyul) Shimoliy Bolgariya mustaqil knyazlikka aylandi, Janubiy Bolgariya esa muxtoriyatga ega bo’ldi. Sulton Serbiya, Chernogoriya va Ruminiyaning to’la mustaqilligini tan oldi. Rossiyaga Botumi, Kars va Ardaxon rayonlari ko’shildi. Rus-turk urushidagi mag’lubiyat va Berlin kongressi qarorlari Turkiyani chet el mustamlakachilari tomonidan asoratga solinishi yanada kuchaytirdi.
Berlin kongressidan keyin Turkiya va Usmoniylar imperiyasi tarkibidagi boshqa hududlarning buyuk davlatlar tomonidan iqtisodiy jihatdan asoratga solinishi kuchaydi. Usmoniylar imperiyasining kapitalistik davlatlar uchun xom ashyo etkazib berish va tovarlar sotish bozori sifatida ahamiyati oshdi. 1880 yildan 1890 yilgacha Turkiyaning Yevropa davlatlariga qarzi bir yarim marta ko’paydi va u asosan xom ashyo etkazib beruvchi davlatga aylanib qoldi. Turkiya 1875 yil noyabrda o’zini moliyaviy jihatdan qisman bankrot bo’lganligini rasmiy ravishda e’lon qildi. Shu bilan birga Turkiya g’arb davlatlarining sarmoya qo’yish sohasiga aylandi. Usmoniylar imperiyasini moliyaviy jihatdan asoratga solish yakunlandi.
1875 yildagi moliyaviy bankrotlikdan keyin Turkiyaning moliyaviy ahvoli tez sur’atlarda yomonlashib bordi. Bolqondagi qo’zg’olonlarni bostirish, Rossiya bilan urush juda ko’p mablag’larni yutib yubordi. Berlin traktati Turkiya zimmasiga 800 mln. frank miqdorida tovon to’lash majburiyatini yukladi. 1878 yilda sulton hukumati o’zini yana bankrot bo’lganligini e’lon qildi. Qarz beruvchi davlatlar bilan olib borilgan uzok muzokaralardan keyin 1881 yilda Muxarram dekreti deb nomlangan bitim e’lon qilindi (Muharram-musulmon kalendaridagi oy nomi). Qarz beruvchi davlatlar Usmoniylar qarzini 5,3 mlrd. frankdan 2,4 mlrd. frankga kamaytirishga rozi bo’lishdi. Buning evaziga turk hukumati mamlakat moliyasi ustidan chet el sarmoyasi nazorati o’rnatilishiga rozilik berdi.
Muharram dekreti kreditor davlatlarga juda katta huquq va imtiyozlarga ega bo’lgan Ottoman davlat qarzi boshqarmasini tuzishga ruxsat berdi. Uning ixtyoriga tamaki va tuz monopoliyasidan keladigan daromadlar, spirt uchun to’lov, Marmar dengizi va Bosfordagi baliqchilikdan olinadigan soliq, gerb to’lovi, Istanbul, Edirne va Bursadagi ipakdan olinadigan ushr va boshqa ko’pgina daromadlar kelib tushardi. Boshqarma xizmatchilarining soni 5 ming kishidan ortiq edi. Boshqarmaga kreditor-davlatlar: Angliya, Fransiya, Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya vakillaridan iborat Kengash rahbarlik qilardi. Kengashda Angliya va Fransiya vakillari navbatma-navbat rahbarlik qilardilar. Turk hukumati vakili faqat maslahat ovoziga ega edi.
Ottoman davlat qarz boshqarmasining tuzilishi turk hukumatining moliyaviy ahvolini yaxshilamadi va hukumat 1890 yilda yana bir qancha og’ir asoratli zayomlar olishga majbur bo’ldi. Turkiyada Ottoman bankidan tashqari yana bir necha chet el banklari paydo bo’ldi: Istanbulda yirik frantsuz banki «Lion krediti»ning filiali ochildi, 1888 yilda bir necha G’arbiy Yevropa banklari birgalikda Soloniki bankini ochdilar, 1899 yilda Nemis-Falastin banki tashkil topdi va hakozalar. XIX asr oxirida tashkil etilgan yagona turk banki - Qishloq xo’jalik banki juda zaif edi. Turkiyaning moliyaviy qaramligidan foydalangan chet davlatlar temir yo’llar qurish uchun foydali kontsessiyalarni qo’lga kiritdilar. Frantsuz kapitalistlari Suriyadagi temir yo’llarni egallab olgan bo’lsalar, ingliz va frantsuzlar Izmirdagi temir yo’lga egalik qilardilar.
Eng katta Bog’dod temir yo’lini qurish kontsessiyasiga Germaniya ega bo’ldi. Temir yo’llar qurish turk milliy iqtisodiyoti ehtiyojlarini hisobga olmasdan, mustamlakachi davlatlarning iqtisodiy va strategik manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirildi. XIX asr oxiriga kelib chet ellik mustamlakachilarning Turkiyani iqtisodiy jihatdan asoratga solishning uzoq davom etgan davri yakun topdi. Turkiya iqtisodiyotining chet el kapitaliga bo’ysunishi mamlakat siyosiy hayotida ham o’z aksini topdi. Sulton Abdul Hamid II parlamentni tarqatib yuborib, o’rta asrlarga xos mustabid despotiya o’rnatdiki, turklar bu davrni “zulm davri” deb atashdi.
Norozilik yoki hurfikrlilikning har qanday ko’rinishi shafqatsizlik bilan bostirilardi. Chaqimchi va josuslarning butun bir armiyasi xalqni kuzatib bordi. Barcha matbuot organlari ustidan nazorat-tsenzura o’rnatildi. Ish shungacha borib yetdiki, turk lug’atidan “ozodlik” va “inqilob” so’zlari olib tashlandi. Qirolni o’ldirish sahnasi borligi uchun sulton “Gamlet”ni ko’rsatishni taqiqlab qo’ydi. Turk va turk bo’lmagan yirik feodallarning guruhlari, ruhoniylarning yuqori tabaqasi va komprador burjuaziyaning ba’zi guruhlari sulton Abdul Hamid II ning ijtimoiy tayanchi hisoblanardi.
Reaktsion kuchlar o’z maqsadlari yo’lida islomdan foydalanishga intilib, dunyodagi barcha musulmonlarni xalifa-sulton boshchiligida birlashishga chaqirdilar. Chet el mustamlakachilari Turkiyani iqtisodiy jihatdan asoratga solish bilan birga uni siyosiy jihatdan ham o’zlariga bo’ysundira boshladilar. Ottoman davlat qarzi boshqarmasi amalda Turkiya davlat apparatining muhim bo’g’ini bo’lib qoldi. 1883 yilda nemis Bosh shtabining ofitseri fon-der-Golts Istanbulda ofitserlar maktabining boshlig’i bo’ldi.
U turk armiyasini qayta tashkil etishda qatnashdi. Boshqa chet ellik maslahatchilar ham paydo bo’ldi. Turkiyaning yarim mustamlakaga aylanishi Angliya, Fransiya, Germaniya, Avstriya-Vengriya va Rossiya o’rtasida qattiq raqobat sharoitida kechdi. XIX asr oxiriga kelib ingliz-frantsuz sarmoyasi Turkiya iqtisodiyotida hukmron mavqeiga ega bo’lgan edi. German kapitalining kirib kelish ham kuchaydi. Turkiyaga chet el sarmoyasining kirib kelishi temir yo’llar qurilishiga, Turkiyada kapitalistik munosabatlarning rivojlanishiga ma’lum bir darajada turtki berdi. Kapitalistik jamiyat sinflari bo’lgan milliy burjuaziya va proletariat shakllana boshladi. Turk burjua millatining shakllanishi davom etdi. Shu bilan birga Abdul Hamidning zo’ravonlik rejimi va chet ellik mustamlakachilarning zulmi turk kapitalizmining rivojlanishiga to’sqinlik qilardi.
Turk savdogarlari va tadbirkorlari chet el firmalariga nisbatan juda noqulay, yomon ahvolga tushib qoldi. Shuning uchun ham faoliyati absolyutistik tartiblar bilan cheklanib qo’yilgan turk burjuaziyasi mamlakatda konstitutsion tartiblari o’rnatilish tarafdori hisoblanardi. Shu zaminda turk burjua-inqilobiy harakati paydo bo’ldi.
1889 yildan turk burjua-inqilobiy harakati tashkiliy jihatdan shakllana boshladi. O’sha yili Istanbulda harbiy meditsina bilim yurtining bir guruh talabalari tomonidan «Ittihod va taraqqiyot» nomli yashirin siyosiy qo’mita tuzildi. 1891 yilda chet elda turk burjua-inqilobchilarining shu nomdagi markazlari tashkil topdi. Ahmad Rizo 1892 yildan boshlab Parijda bu tashkilotning frantsuz tilida “Mashvarat” nomli gazetasini va turk tilida “Sho’roi-Ummat” (“Milliy majlis”) gazetasini chiqara boshladi. Shuningdek Misrda, keyinchalik Jenevada “Mezon”, Neapolda “Istiqbol” gazetalari nashr qilindi.
Boshqa maxfiy siyosiy to’garaklar ham mavjud bo’lib, ular bir-birlari bilan mustahkam aloqa o’rnatmagan edilar. Bu tashkilotlar a’zolarini odatda yosh turklar deb atardilar va Turkiyada konstitutsion tuzim o’rnatish tarafdorlarining hammasi ular qatoriga kiritilardi.
Keyinchalik “Ittihod va taraqqiyot” qo’mitasining (bu qo’mita 1908 yilda siyosiy partiyaga aylandi) a’zolarigina yosh turklar deb atay boshladilar. Yosh turklar o’zlarining mo’’tadil qarashlariga qaramay Abdul Hamid hukumati tomonidan qattiq quvg’in qilindi, turmalarga tashlandi, ko’pchiligi chet ellarga muhojirlikga ketib, o’z faoliyatini davom ettirdilar. Jumladan yosh turklar 1897 yilda siyosiy namoyish uyushtirganliklari uchun ulardan 13 nafar odam qatl qilindi va 70 ga yaqini katorga ishlariga hukm qilindi.
1905-1906 yillarda yosh turklar harakati o’zining yuksalish bosqichiga kirdi. Uning sabablari Turkiyaning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotiga borib taqalsa ham, 1905 yildagi rus inqilobi ham unga ma’lum darajada ta’sir ko’rsatdi. Imperiyaning turli viloyatlarida, shuningdek armiya va flotda stixiyali g’alayonlar boshlandi. Mamalakatda inqilobiy kayfiyat kuchaydi. “Ittihod va taraqqiyot” komiteti o’z qarorgohini chet eldan Usmoniylar imperiyasi tarkibidagi Makedoniyaning Soloniki shahriga ko’chirdi. Makedoniya ilgaridan turklarning feodal zulmiga qarshi qo’zg’olonlar o’chog’i hisoblanardi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida bu yerdagi qo’zg’olonlar yaqqol milliy-ozodlik xarakteriga ega bo’la boshladi. 1908 yil boshiga kelib Makedoniyadagi ahvol juda keskinlashdi. 1908 yil yanvarda Avstriya-Vengriya Salonikida temir yo’llar qurish uchun kontsessiya olganligini e’lon qildi, bu esa Avstriya-Vengriyaning Makedoniyada mavqei kuchayishini bildirardi.
Bunga javoban rus podshosi Nikolay II va ingliz qiroli Eduard VII 1908 yil Revelda uchrashib, Makedoniyada yangi “islohot”lar o’tkazish va shu yo’l bilan bu yerda ingliz-rus ta’sirini kuchaytirishga kelishib olishdi. Kapitalistik davlatlarning Makedoniyani Turkiyadan ajratib olishga qaratilgan harakatlari yaqqol ma’lum bo’lib qoldi. Bularning hammasi Makedoniyani turklar imperiyasi tarkibida saqlab qolishga intilayotgan yosh turklar guruhini qattiq xavotirga soldi va ularning inqilobiy chiqishlari uchun turtki bo’ldi. 1908 yil iyun o’rtaliridan qo’zg’olonga bevosita tayyorgarlik ko’rila boshlandi. Bu vaqtda Makedoniyada yosh turklarning yashirin tashkiloti kengayib, a’zolarining soni 15 ming kishiga etgan edi. Barcha Shahar va qishloklarda “Ittihod va taraqqiyot” qo’mitasi bo’limlari ish olib borardi.
Yosh turklarning Resna shahridagi (Makedoniya) tashkiloti cheta (qurolli otryad) tuzilib, Abdul Hamid II ning mustabid hokimiyatini ag’darib tashlash va 1876 yildagi konstitutsiyani tiklash uchun qurolli qo’zg’olon boshlash haqida qaror qabul qildi va 1908 yil 3 iyulda qurolli qo’zg’olon boshlandi. Qo’zg’olonga yosh turklarning Salonikidagi markaziy qo’mitasi rahbarlik qildi. Resnadagi chetaga alban millatiga mansub yosh ofitser Ahmad Niyozbey rahbarlik qildi. 6 iyulda Demir-Xisor rayonida mayor Enverbey boshchiligidagi yana bir turk inqilobiy chetasining chiqishi boshlandi. Niyozbey va Anvarbeylar juda mashhur bo’lib ketdilar, ularni “ozodlik qahramonlari” deb atay boshladilar. Lekin ular birorta ham jang qilmadilar. Andrianopol viloyatidagi barcha qo’shinlar jang qilmasdan inqilobchilar tomoniga o’tishdi. Sulton Anatoliyadagi turklarni Makedoniyaga tashlashga buyruq berdi, lekin yosh turklar tomonidan o’tkazilgan targ’ibot-tashviqot natijasida bu polklar inqilobga qarshi chiqishdan bosh tortdilar. Makedoniyadagi hokimiyat “Ittihod va taraqqiyot” qo’mitasi qo’liga o’tdi.
1908 yil 23 iyulda Makedoniyaning Saloniki, Monastir va boshqa Shaharlarida 1876 yilgi konstitutsiya qayta tiklanganligi tantanali suratda e’lon qilindi. 24 iyulda sulton Abdul Hamid II konstitutsiyani tiklash va deputatlar palatasiga saylov o’tkazish to’g’risida farmon berdi.
Yosh turklarning deyarli qon to’kmasdan amalga oshirgan inqilobi shu tariqa yakun topdi.
Dastlabki davrda u umumiy ko’tarinkilik ruhini uyg’otdi. Butun mamlakat bo’ylab ozodlik, tenglik, qardoshlik, odil sud shiorlari ostida tantanali manifestatsiyalar bo’lib o’tdi. Turmalardan 10 minglab mahbuslar ozod etildi. Siyosiy quvg’inlar va muhojirlar qaytib keldi. TSenzura bekor qilinib, ko’plab gazeta va jurnallar chiqa boshladi. Turli xil klublar, assotsiyalar tashkil etilib, ishchilar harakatining dastlabki kurtaklari - ish tashlashlar, kasaba ittifoqlari, sotsialistik to’garaklar paydo bo’ldi. Yosh turklar inqilobi cheklangan bo’lib, buni sulton Abdul Hamid II ni va uning vazirlarini lavozimlaridan olib tashlanmaganligida ham ko’rish mumkin edi. Mehnatkashlarning chiqishlari qo’shin va yosh turklar yordamida bostirildi.
1908 yilda yosh turklar o’zlarining siyosiy dasturlarini e’lon qildilar. Unda parlament saylovlari va 1876 yilgi konstitutsiyaga kiritiladigan o’zgartirishlar haqida juda ko’p gapirilib, mehnatkash ommaning eng muhim ijtimoiy talablarini qondirish haqida hech qanday gap yo’q edi. Lekin dasturda yosh turklarning buyuk davlatchilik shovinizmi yaqqol aks ettirilgan edi. Faqat turk tili davlat tili deb e’lon qilindi. Barcha maktablarda o’qitish ishlari faqat turk tilida olib borilishi belgilab qo’yilgan edi. Saylov to’g’risidagi qonun mayda millatlarning huquklarini cheklab qo’ygan edi. Parlamentga faqat turk tilini biladigan shaxslar saylanishi mumkin edi.
Yosh turklarning xalqqa qarshi shovinistik siyosati hatto yuqoridan turib amalga oshiriladigan islohotlarga ham qarshi bo’lgan reaktsion kuchlarga qo’l keldi. Feodal-klerikal guruhlar komprador burjuaziya yordamida dastlab yashirin ravishda, keyinchalik oshkora tarzda aksilinqilobiy to’ntarishga tayyorlana boshlashdi. Yosh turklar inqilobiga imperialistik davlatlar ham qarshi chiqishdi. Yuqoridan o’tkaziladigan bu inqilob qanchalik zaif bo’lishiga qaramasdan, kapitalistik davlatlar keyinchalik u yuksalib, o’z manfaatlariga xavf solishdan qo’rqardilar. Kapitalistik davlatlar bu inqilobning cheklangan yutuqlarini ham yo’q qilish uchun ichki reaktsiya kuchlarini qo’llab quvvatladilar.
Yosh turklarning xalq ommasidan ajralib qolganligi eski tartibotni tiklash tarafdorlari bo’lgan reaktsiya kuchlarining faollashuviga olib keldi. 1908 yil oxirida shahzoda Sabohiddin boshchiligida feodal-kompradorlarning “Ahror” (“Liberallar”) partiyasi tashkil topdi. Angliyaning Istambuldagi vakillari “Liberallar”ni maxfiy ravishda qo’llab-quvvatlardi. Abdulhamid va “liberallar” armiyada va poytaxt aholisi o’rtasida kuchli tashviqot-targ’ibot ishlarini olib bordilar. 1909 yil aprelda «Ahror» va “Musulmonlar ligasi”ning faol ishtirokida Istambul garnizonida aksilinqilobiy isyon boshlandi. Yosh turklar poytaxtdan qochib ketishga majbur bo’ldilar. Qisqa muddatga yana Abdul Hamidning cheklanmagan hokimiyati tiklandi.
Lekin armiyaning katta qismi sultonga qarshi chiqdi va parlament sultonni taxtdan tushirib, uning o’rniga Mahmud V ni yangi sulton deb e’lon qildi. Bu vaqtga kelib “Ittihod va taraqqiyot” tashkilotining siyosiy partiyaga aylanish jarayoni yakunlangan bo’lib (1908 yilda), uning rahbarlari yangi hukumat tarkibiga kirdi. Lekin yosh turklarning rasmiy ravishda xokimiyatga kelishi ularning eski tuzumga moslashishi asosida yuz berdi. Yosh turklar tez orada reaktsiya tomoniga o’tib ketdilar. Yosh turklar rahbarlari tez orada mamlakatda Abdul Hamid rejimidan uncha farq qilmaydigan tartibot o’rnatdilar.
Yosh turklar hokimyat tepasiga kelishgach oshkora reaktsion siyosat olib bora boshladilar. Ular inqilobning rivojlanib borishini to’xtatish barcha choralarni ishga soldilar. Ular agrar va milliy masalani hal qilishga to’sqinlik qildilar. Ular Turkiyani chet davlatlarga qaramlikdan ozod qilishga intilmadilar. Yosh turklar hukumati ishchi va dehqonlarga nisbatan dushmanlik siyosatini olib bordi. Stachkalar o’tkazishni taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Kasaba uyushmalari va 1910 yilda tashkil qilingan Usmoniylar sotsialistik partiyasi qatog’on qilinib, oxir-oqibatda taqiqlab qo’yildi. Dehqonlarga yer berilmadi, ular feodal ushrdan va otkup tizimidan ozod qilinmadi. Yosh turklar hukmronligi davrida chet davlatlar bilan yangi asoratli zayomlar to’g’risida bitimlar tuzildi. Chet el monopoliyalari yangi kontsessiyalar oldilar. Birinchi jahon urushi arafasida usmoniylar imperiyasining halqaro ahvoli murakkablashdi.
Yosh turklar turk bo’lmagan xalqlarning milliy harakatlarini kuch bilan bostirish uchun ashaddiy shovinistik siyosat olib bordilar. Bu davrda imperiyaning arman aholisiga qarshi yangi qonli qirg’inlar amalga oshirildi, albanlar, arablar va boshqa millatlar ustidan zo’ravonlik kuchaydi.
“Ittihod va taraqqiyot” partiyasining tashqi siyosiy yo’li ham o’zgardi. Ittihodchilar 1908 yildagi inqilobdan oldin va inqilob davrida Turkiyani chet davlatlar zulmidan ozod qilish haqida cho’chib-hadiksirab gapirishgan bo’lsalar, endilikda ular u yoki bu imperialistik davlatlar guruhi bilan bitim tuzishni maqsad qilib qo’yishgan edilar. Yosh turklar oxir oqibatda Turkiyaga o’zining iqtisodiy va siyosiy ta’sirini kuchaytirib borayotgan Germaniya imperializmi doirasiga tortildilar.
Angliya diplomatiyasining qo’llab-quvvatlashi bilan 1911 yilda feodal-kompradorlarning yangi partiyasi – “Hurriya va birdamlik” partiyasi tashkil topdi. Bu partiyaga sobiq “liberallar” va Ittihoddan ajralib chiqqan muxolifatchilar kirgan edi.