Aziz vatandoshlar!
Endi sizlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2011 yilga qanday nom berish haqida fikrlashib olishimiz kerak. Bu masalada amaliy bir qarorga kelish, ya’ni yangi yilga o‘z oldimizga qo‘ygan yagona maqsad yo‘lida barchamizni birlashtiradigan aniq nom berishning ahamiyati va mohiyati haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Muxtasar aytganda, davlatimiz va jamiyatimizning, mulk shaklidan qat’i nazar, yurtimizdagi ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot yoki muassasalar bo‘ladimi, yuridik yoki jismoniy shaxslar, homiylar va xayriya jamg‘armalari bo‘ladimi – bularni barchasining kuch-imkoniyat va mablag‘larini aniq bir maqsad va ezgu niyatlarni amalga oshirish uchun safarbar etish, bir yoqadan bosh chiqarib mavjud muammolarni yechish, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bartaraf qilishda ushbu masala qanday katta ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Buning tasdig‘ini biz o‘z hayotiy tajribamizda, ya’ni 1997 yildan boshlab kirib kelayotgan har qaysi yangi yilga jamiyatimiz, butun el-yurtimizning fikru zikri va intilishlarini birlashtiradigan, yangi kuch-quvvat bag‘ishlaydigan nom berib, shu asosda qo‘lga kiritgan yutuq va marralarimiz misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Yuqorida bildirilgan fikr va xulosalarni inobatga olgan holda, mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida men kirib kelayotgan 2011 yilni mamlakatimizda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb e’lon qilishni taklif etaman. Tadbirkorlik haqida gapirganda, biz avvalambor xususiy tadbirkorlikni o‘zimizga tasavvur qilamiz. Aytish kerakki, yurtimiz tarixida tadbirkorlik qadim zamonlardan buyon alohida o‘rin tutib keladi. Ota-bobolarimizning o‘z yeri, o‘z mulki, o‘z kasbu hunariga ega bo‘lish, omilkorlik bilan ish yuritish, tadbirkor va ishbilarmon insonlarni qadrlash borasidagi an’analari haqida ko‘p gapirish mumkin. Men bu o‘rinda Sohibqiron Amir Temur bobomizning barchamizga yaxshi ma’lum bo‘lgan «Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir», deb aytgan chuqur ma’noli so‘zlarini yana bir bor eslatmoqchiman.
Albatta, ilgarigi zamonlarda tadbirkorlik balki boshqacha nomlar bilan atalgan bo‘lishi mumkin. Ammo, qanday nom bilan atalmasin – uning otini savdogar yoki do‘kondor deydimi, hunarmand usta yoki kasanachi deydimi, katta-kichik korxona egasi deydimi, bundan qat’i nazar, ajdodlarimiz aynan shu soha hisobidan ro‘zg‘or tebratib, o‘z oilasini, el-yurt manfaatini ta’minlab kelgan.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlik, ishbilarmonlik xalqimizning, millatimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgan noyob va ezgu fazilat, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab mamlakatimizning kelajagini, davlatimiz va jamiyatimizning siyosiy-ijtimoiy qurilishini belgilashda, birinchi navbatda Konstitutsiyamizni ishlab chiqish va tasdiqlashda mulk va mulkiy munosabatlar haqidagi prinsipial masala doimo e’tiborimiz markazida bo‘lganini ta’kidlash lozim. Aynan shuning uchun ham mamlakatimizning ko‘pukladli iqtisodiyoti tarkibida davlat mulki, korporativ va xususiy mulkning tengligini e’tirof etgan holda, Konstitutsiyamiz va qonunchiligimizda xususiy mulk ustuvorligi mustahkamlab qo‘yildi va uning ishonchli konstitutsiyaviy kafolatlari ta’minlandi. Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi, roli va ta’siri, sodda qilib aytganda, boshqa hech bir soha va yo‘nalish o‘rnini bosolmaydigan katta ahamiyati bilan davlat va jamiyatimiz rivojida alohida o‘rin egallaydi.
Mustaqillik yillaridagi taraqqiyotimiz misolida shuni hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, bu sohani rivojlantirmasdan, unga tegishli ko‘mak va rag‘bat bermasdan, zarur imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar yaratmasdan turib, biz iqtisodiyotimizning kelajagini ta’minlay olmaymiz. Ichki bozorimizni raqobatdosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, bugungi kunda biz uchun eng dolzarb masalalardan biri bo‘lmish aholimizni, avvalambor, yoshlarimizni ish bilan ta’minlash va shu asnoda ularning munosib daromad topishi, farovonligining oshib borishiga erishishda ayni shu sohani tez va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish eng asosiy omillardan biri ekanini hech unutmasligimiz darkor. Shu borada yana bir muhim masalaga e’tiboringizni jalb etishni zarur deb bilaman. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning izchil rivojlanib borishini ta’minlash orqali biz mamlakatimizda jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy tayanchi va poydevori bo‘lgan o‘rta sinfning shakllanishiga va uning tobora mustahkam bo‘lib borishiga erishmoqdamiz.
Barchamizga ayonki, aynan ana shu ijtimoiy qatlam – ya’ni o‘rta sinf yurtimizda amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirishdan, mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanishidan eng ko‘p manfaatdordir. Shu bois kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugungi kunda jamiyatimizdagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlikning kafolati va tayanchiga, yurtimizni taraqqiyot yo‘lidan faol harakatlantiradigan kuchga aylanib bormoqda. Sizlarga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda ushbu soha rivoji uchun qulay tadbirkorlik muhiti yaratish va uni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Bu haqda ko‘p gapirmasdan, birgina misol keltirish kifoya, deb o‘ylayman. Agar 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 30 foizi kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, qisqa bir davrda, ya’ni 2010 yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich qariyb 53 foizga yetishi kutilayotgani, hech shubhasiz, ana shunday ishlarimizning mantiqiy samarasidir. Bu haqda so‘z yuritganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik odamlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari ochish, barqaror daromad manbalarini yaratishning eng muhim omiliga aylanayotganiga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi ish bilan band aholining 74 foizdan ortig‘i aynan shu sohada mehnat qilayotgani ham shundan dalolat beradi.
O‘zingiz o‘ylang, aziz do‘stlar, agarki yurtimizda shu sohaga o‘z vaqtida katta e’tibor qaratib, uning rivoji uchun har tomonlama yo‘l ochib bermaganimizda bugun bizning kuch-quvvatga to‘lgan yoshlarimiz boshqalarga o‘xshab qayoqqa ish izlab borardi, kimlarga muhtoj va qaram bo‘lib kun ko‘rar edi? Shu haqida o‘ylash, buning oldini olish davlat hokimiyati idoralarining asosiy burchidir. Joriy 2010 yilning o‘zida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 480 mingta yangi ish o‘rni ochilgani ham yuqorida zikr etilgan fikrning yaqqol tasdig‘i, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Eng muhimi, bu ish o‘rinlarining 60 foizdan ortig‘i qishloqlarimizda tashkil etilmoqda. Mamlakatimiz aholisining 50 foizga yaqini qishloq joylarda yashashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu raqamlarning ijtimoiy ahamiyatini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas. Albatta, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ko‘zga yaqqol tashlanib turgan afzalliklari va katta imkoniyatlari haqida yana ko‘p gapirish mumkin. Lekin bugungi kunda O‘zbekistonda bu sohada hali ishga solinmagan juda katta salohiyat va imkoniyatlar mavjud ekanini, dunyodagi taraqqiy topgan davlatlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yalpi ichki mahsulot hajmida yetakchi va hal qiluvchi o‘rinni egallayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishda qiladigan ishlarimiz naqadar ko‘pligi ayon bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» bo‘yicha qabul qilinadigan davlat dasturida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Birinchi navbatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ushbu soha rivoji uchun yanada keng yo‘l ochib berish maqsadida mavjud normativ-huquqiy bazani tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish, yangi qonun hujjatlarini qabul qilish masalasi diqqat markazida bo‘lishi darkor. Bu haqda gapirganda, shuni aytish kerakki, joylarda kichik bo‘lsa ham o‘z ishini, o‘z biznesini ochishga intilayotgan xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, mahalliy amaldorlar tomonidan ularni ko‘rolmaslik, qo‘lidan ish keladigan odamlarning yo‘liga turli-tuman g‘ov-to‘siqlar qo‘yilayotganiga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Albatta, keyingi yillarda bunday salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida tegishli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatiga davlat va nazorat tuzilmalarining aralashuvini keskin kamaytirish, shuningdek, xo‘jalik va tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy huquq va erkinliklarini sezilarli darajada kengaytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Lekin nazorat organlariga mansub ayrim mansabdorlar malakasining pastligi hanuz o‘tkir muammo bo‘lib qolmoqda va ishimizga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Shular qatorida ko‘pgina viloyat va tumanlarda korrupsiya degan balo, ya’ni poraxo‘rlik, ta’magirlik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish kabi illatlar uchrab turayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Qonunga zid bo‘lgan bunday xunuk holatlar bilan murosa qilishga chek qo‘yishning vaqti keldi.
Navbatdagi ustuvor yo‘nalish – kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay muhit yaratishdan iborat. Hammamizga ma’lumki, oxirgi yillarda tadbirkorlik sohasida o‘z ishini ochish uchun ruxsat olish, soliq, moliya va statistika organlariga hisobot topshirish masalalarini tartibga solish bo‘yicha ancha ishlar qilindi va qilinyapti. Buni rad etib bo‘lmaydi, lekin bu sohada bajaradigan ishlarimiz hali kam emas. Ayni paytda kichik biznes subyektlarining energiya, gaz, suv va kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va boshqa shu kabi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi yoki ularni qurishda ishtirok etishi uchun ruxsat olish tartib-qoidalarini soddalashtirish masalasi bo‘yicha ham dasturda aniq chora-tadbirlar belgilanishi va ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish darkor.
Yana bir muhim masala kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun soliq va boshqa to‘lovlar borasida qulaylik va yengilliklar yaratish bilan bog‘liqdir. Albatta, so‘nggi yillarda xo‘jalik subyektlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 2005 yildagi 13 foizdan 7 foizga tushirish yoki qariyb 2 barobar kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun katta imkoniyatlar tug‘dirmoqda. Shu borada kirib kelayotgan 2011 yildan boshlab bu ko‘rsatkichning 7 foizdan 6 foizga tushirilishi, hech shubhasiz, davlatimiz tomonidan ishbilarmon va tadbirkorlarga ko‘rsatilgan yangi bir imtiyoz bo‘lib qolajak, deb o‘ylayman.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan cheklanmasdan, kichik biznes subyektlariga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash uchun o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan kreditlar berish tizimini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishimiz zarur. Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida ishtirok etishi, ularning mintaqa va jahon bozorlariga chiqishini kengaytirish muammosini hal etishga jiddiy ahamiyat qaratishimiz lozim. Alohida katta e’tiborni talab etadigan yana bir masala shuki, hozirgi vaqtda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik asosan savdo-sotiq, xizmat va aloqa sohasida, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ko‘proq rivoj topmoqda. Lekin, shu bilan birga, sanoat sohasida, yuqori texnologiyalarni talab etadigan zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etishda, innovatsion va nanotexnologiyalar, farmakologiya va farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya tizimi, biotexnologiya, muqobil energetika turlaridan foydalanish sohasida, muxtasar aytganda, ilg‘or ilm-fan yutuqlariga asoslangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga keng yo‘l ochib berishimiz zarur. Aytish joizki, men dasturdan o‘rin olishi kerak bo‘lgan eng muhim yo‘nalishlarning faqat ayrim jihatlari haqida qisqacha fikr bildirdim, xolos.
O‘z-o‘zidan ayonki, dasturni konkret mazmun bilan to‘ldirish, yechimini kutib turgan dolzarb muammolarni hal qilish uchun hukumat qarori bilan bu masala bo‘yicha maxsus ishchi komissiyasi tuzish hamda yetakchi mutaxassislarimiz, avvalambor tadbirkorlarning o‘zini bu ishga jalb qilib, har bir yo‘nalishni atroflicha, chuqur va puxta ishlab chiqishimiz darkor.
Bu borada mamlakatimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlar, kichik biznes egalari, fermer va tadbirkorlar, homiylar, bir so‘z bilan aytganda, keng jamoatchiligimiz o‘z fikrlari va amaliy takliflari bilan faol ishtirok etadi, deb o‘ylayman.
Shu fursatdan foydalanib, takror va takror aytishni istardim: kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – jamiyatimizning, bugungi va kelajak taraqqiyotimiz, farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo‘lishi shart. Aynan ana shunday qarash, ana shunday yondashuv bizning ish faoliyatimizda, avvalambor, oldimizda turgan o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirishda asosiy mezon va yo‘llanma bo‘lishiga ishonaman va barchangizga ayni shu maqsad yo‘lida kuch-g‘ayrat va yangi-yangi omadlar tilayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |