Qadrli do‘stlar!
Bundan bir yil muqaddam mana shu muhtasham zalda, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan majlisda, sizlar bilan atroflicha fikr almashib, 2010 yilni mamlakatimizda «Barkamol avlod yili» deb e’lon qilgan edik. Davlatimiz va jamiyatimizning bugungi kuni, ayniqsa, kelajagi uchun g‘oyat muhim bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash vazifasini o‘z oldimizga qo‘yar ekanmiz, avvalambor, biz yashayotgan XXI asr – intellektual boylik, yuksak bilim va salohiyat talab etiladigan, aynan shu qadriyatlar ustuvor ahamiyat kasb etadigan asr, degan hayotiy haqiqatdan kelib chiqqan edik. Albatta, hozirgi kunda taraqqiyot yo‘lidan izchil rivojlanib borishimizda, ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan muhim bir mezon borki, u ham bo‘lsa, inson kapitali, ya’ni inson omili, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, hayotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimizdir.
Biz qabul qilgan, o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash dasturida belgilangan ulkan va keng ko‘lamli vazifalarni qisqa vaqt mobaynida, ya’ni bir yil davomida amalga oshirib bo‘lmasligi barchamizga yaxshi ayon. Shu ma’noda, bu olijanob maqsad davlatimiz va butun jamiyatimizning doimiy va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifasiga aylanishi va hamisha e’tiborimiz markazida turishi lozim.
Ko‘lami g‘oyat keng bo‘lgan ushbu dastur doirasida bajarilgan barcha ishlarni bitta ma’ruzada qamrab olish qiyin, albatta, uning ijrosi haqida yil yakuniga bag‘ishlab joylarda va markazda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarda atroflicha fikr yuritiladi. Men bu o‘rinda faqat 2010 yilda «Barkamol avlod yili» Davlat dasturining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan eng muhim ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Avvalambor, bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni barkamol rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berildi.
Bu borada, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, 600 tadan ortiq normativ-huquqiy hujjat to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi, ularning yakuni bo‘yicha amaldagi qonunlar va normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga voyaga yetmagan bolalarning jinoiy muhitga tortilishining oldini olish maqsadida yoshlarga mo‘ljallangan turli xil hordiq chiqarish muassasalari rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslarning o‘rnatilgan normalarga rioya qilish bo‘yicha javobgarligini kuchaytirish va huquq-tartibotni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan aholi, birinchi navbatda, o‘quvchi va talabalarga zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona, avvalambor internet xizmati ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonun birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shular qatorida «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi albatta katta ahamiyat kasb etadi. «Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash to‘g‘risida»gi qonunning yaqin kunlarda qabul qilinishi sog‘lom avlodni shakllantirishda, ularni bolalik davridan boshlab salomatlikka putur yetkazadigan zararli odatlardan himoya qilishda muhim omil bo‘lishini alohida ta’kidlash joiz. Aytish kerakki, dastur doirasida ishlab chiqilgan «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasi ushbu sohani yanada isloh qilish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Ma’lumki, sog‘lom avlod deganda, barchamiz birinchi navbatda sog‘lom naslni tushunamiz. Bu borada o‘tgan yillar davomida «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etildi.
Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, jumladan, poytaxtimiz va viloyatlarimizda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari, yangi tug‘ruq majmualari barpo etishga qancha kuch va mablag‘ sarflanganidan, o‘ylaymanki, hammangiz yaxshi xabardorsiz. Birgina «Ona va bola skriningi» Davlat dasturi doirasida boshqa viloyatlar markazlari qatorida Guliston va Jizzax shaharlarida yangi skrining markazlari tashkil etildi. Barcha mintaqaviy markazlar budjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari, zarur materiallar bilan ta’minlandi. Bu o‘z navbatida ko‘plab irsiy kasalliklarning oldini olish va davolashni yuqori darajaga ko‘tarish, bolalarning irsiy xastaliklar bilan va nuqsonli tug‘ilishining xavfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlaridagi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan qishloq vrachlik punktlari va ixtisoslashtirilgan markazlarda deyarli barcha aholi tibbiy ko‘rik va ultratovush tekshiruvidan o‘tkazildi. Bundan tashqari, har oyda muntazam ravishda «Tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smir qizlarni sog‘lomlashtirish haftaligi» o‘tkazilmoqda. Joriy yilning o‘zida tug‘ruq yoshidagi 7 million 800 ming ayol va 14 yoshgacha bo‘lgan 8 million 500 ming bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganini qayd etish lozim. Bu yil shu borada yana bir ibratli tajriba yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, 12 mingdan ortiq patronaj hamshiralari, 8 mingdan ziyod pediatr, neonatolog, akusher va tibbiyot hamshirasi xotin-qizlar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi texnologiyalar asosida ta’lim olib, o‘z malakasini oshirdi. Ma’lumki, keyingi yillarda homilador ayollarni tarkibida hayotiy zarur elementlar bo‘lgan maxsus polivitaminlar bilan ta’minlash va shu orqali aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida misli ko‘rilmagan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aytish kerakki, bunday chora-tadbirlar har yili 400 ming nafar homilador ayolni sog‘lomlashtirish, onalar salomatligini mustahkamlash, rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar tug‘ilishining oldini olish imkonini bermoqda.
Shuningdek, yurtimizda inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan bir qator kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida bolalarning 98 foizdan ortig‘i oldini olish mumkin bo‘lgan infeksiyalarga qarshi emlanmoqda. Buning natijasida diftereya, qizamiq kasalliklariga chalinish holatlari keskin kamayganini aytish darkor. 2010 yilda yuqumli kasalliklar bilan og‘rish holatlari, jumladan, meningokok infeksiyasi 28 foizga, epidemik parotit 27 foiz, virusli gepatit 13 foizga kamaygani ana shunday tadbirlar samarasidir. Mamlakatimizda o‘tkazilgan yana bir keng ko‘lamli tadbir – poliomiyelitga qarshi emlash milliy kunlari davomida 15 yoshgacha bo‘lgan 4 million bola emlandi. Bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda aynan shu masalada noxush vaziyatlar yuzaga kelgan bir sharoitda bunday tadbirlar poliomiyelit bilan kasallanishning oldini olish imkonini berganini, buning ahamiyatini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz. Bir qator nufuzli xalqaro institutlarning baholashicha, O‘zbekiston dunyoning 125 davlati orasida xotin-qizlar uchun qulay sharoitlar yaratish va onalikni muhofaza qilish borasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Buni YUNISEFning Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bo‘yicha ofisi tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi dasturlarni joriy qilishda O‘zbekistonning mintaqadagi namunaviy model sifatida e’tirof etilgani ham isbotlaydi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, turli kasalliklarning oldini olish, umuman, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish maqsadida joriy yilda davlat budjetidan jami 1 trillion 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu 2009 yilga nisbatan 30 foiz va 2008 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p demakdir.
«Barkamol avlod yili» davlat dasturini amalga oshirishda ta’lim sohasini rivojlantirish, avvalambor, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi o‘quv muassasalari qurish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash masalasiga e’tibor yanada kuchaytirildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturining amalga oshirilishi natijasida 1 ming 536 ta akademik litsey va kasb-hunar kolleji, umumta’lim maktablarining qariyb 9 mingtasi, ya’ni, deyarli hammasi, 1 ming 800 dan ortiq sport zali namunaviy loyihalar asosida barpo etildi yoki kapital rekonstruksiya qilindi. Ushbu o‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini muntazam yangilab borish, tizimli asosda zamonaviy kompyuter texnikasi, o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va o‘quv anjomlari bilan qayta jihozlash, ularni talab darajasida saqlash hamda yaratilgan bu ulkan salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida mutlaqo yangi bir tuzilma – Moliya vazirligi huzurida maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Bu jamg‘armaning hisob raqamiga 2010 yili 315 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2011 yilda 370 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda. Shuning o‘ziyoq bizning ushbu masalaga qanday katta e’tibor berayotganimizni yaqqol ko‘rsatib turibdi, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi.
Joriy yilda Toshkent shahrida Turin politexnika universitetining yangi, zamonaviy o‘quv kompleksining barpo etilgani biz uchun qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Ushbu oliy o‘quv yurti mamlakatimizda jadal rivojlanib borayotgan avtomobil sanoati va boshqa tarmoqlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan maskan bo‘lib xizmat qiladi. Shu davr mobaynida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi, oliy ta’lim bakalavriat bosqichining 50 ta yo‘nalishi va magistratura bosqichining 74 ta mutaxassisligi unifikatsiya qilindi, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarining yangi klassifikatorlari joriy etildi. Dastur doirasida 2010 yilda 560 ta yetakchi klaster maktablari qiymati qariyb 6 million AQSH dollari bo‘lgan 13 ming 500 ta kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi, 750 dan ortiq qishloq maktabi zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va multimedia vositalari bilan jihozlandi, 1,5 mingta qishloq maktabi o‘qituvchilari umumiy qiymati qariyb 13 million AQSH dollari bo‘lgan 3 ming 400 ta shaxsiy kompyuter bilan ta’minlandi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha, ya’ni 12 mingdan ortiq ta’lim muassasalari, ilmiy va madaniy-ma’rifiy tashkilotlar 25 mingdan ziyod o‘quv materiallari va resurslarni o‘z ichiga olgan Ta’lim portaliga ulandi. Bu masofadan turib o‘qitish usullarini ta’lim tizimiga keng joriy etish, o‘quvchi va yoshlarga boshqa xil axborot-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish imkonini berishi bilan ayniqsa ahamiyatlidir. Shu bilan birga, zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyalar, internetni nafaqat maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlariga, balki har bir oilaga joriy qilish harakatlari bugungi kunda tobora kuchayib bormoqda. Aynan zamonaviy aloqa va axborot texnologiyalari tizimini keng ko‘lamda rivojlantirish mamlakatimiz va jamiyatimizning taraqqiyot darajasini ko‘rsatadigan mezonlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Joriy yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda yurtimizda 6 million kishi internetdan foydalanmoqda, ularning yarmini mobil aloqa orqali internetdan foydalanuvchilar tashkil etadi. 2010 yilda Toshkent va Samarqand shaharlarida ko‘p dasturli televizion kanallarni tarqatish xizmatlarining sifatini oshirish, xalqaro axborot resurslaridan foydalanish bo‘yicha mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratadigan zamonaviy raqamli televideniye ishga tushirilganini alohida ta’kidlash zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |