Qiymat nazariyasi A.Smit qiymatning mehnat nazariyasini V.Pettiga nisbatan
ancha chuqur va to'laroq ishlab chiqdi (shuni ta'kidlab o'tish kerakki, keyingi Farb
tadqiqotlarida qiymat o'rniga qimmat tushunchasi ko'proq qo'llanilmoqda, marjinalizm
nazariyasida ham shunday). U tovarning bozor va tabiiy yoki haqiqiy baholarini farqlaydi,
haqiqiy bahoni qiymat bilan aynan bir deb tushunadi. «Qiymat» so'zi uningcha ikki xil
mazmunga ega. Bu so'z bilan buyumning foydaliligi (balki qimmati) hamda uni boshqa
buyumga almashish qobiliyati belgilanadi. Demak, u iste'mol va almashuv qiymatlarini
farqlagan. Masalan, suv va olmosni olib, bu tovarlarning almashuv qiymatini ularning
foydaliligi yoki iste'mol qiymati bilan tushuntirish bema'ni ekanligini ko'rsatib beradi.
Qiymatning yagona manbai va oxirgi o'lchovi shu tovarni ishlab chiqarish uchun
sarflangan mehnat bo'lib, bu mehnat sarflari jami uchun zarur o'rtacha sarfga tengdir. Smit
malakali va murakkab mehnatdan oddiyga o'tishga ma'lum koeffisientlar yordamida
bajarilishini uqtiradi.
Almashuv qiymati tovarning tabiiy xususiyati emas, tovarlarning tabiiy xususiyati,
ularning iste'mol qiymatlari hisoblanadi. Agar tabiiy xususiyatlarni inkor etsak, tovarlarda
yagona xususiyat qoladi: tovarlar inson mehnatining mahsulidir. A.Smit V.Pettidan farqli
ravishda (u mehnat faqat oltin yoki kumush ishlab chiqarishda qiymat hosil qiladi, degan
edi) mehnat barcha moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarida qiymatni hosil qiladi, degan
fikrda edi. U ish vaqti va qiymat miqdori orasidagi to'g'ridan-to'g'ri aloqadorlikni aniqladi,
mehnat qiymatning haqiqiy asosi ekanligini isbotlashga urindi.
A.Smit mehnatning ikkiyoqlama xarakterini, ya'ni abstrakt va konkret mehnat
borligini tushunmadi, qiymat o'z tabiatiga ko'ra ijtimoiy xarakterga ega, tovar ishlab
chiqaruvchilarning ijtimoiy munosabatlarini aks ettiradi va bir tovarning ikkinchisiga
munosabati almashuv qiymati orqali aniqlanadi.
Smitning fikricha, qiymatni sotib olinadigan mehnatga qarab aniqlash shu tovarlarni ishlab
chiqarishga sarflangan mehnat bilan aniqlash usuliga qarama-qarshi emas.
Ekvivalentlik tovar almashuvining qonuni: bir xil miqdordagi mehnat aks etgan tovarlar
almashadi. Shundan Smit tovar ishlab chiquvchi bir tovarni boshqasiga almashganda keng
miqdordagi mehnatni sotib oladi, shu sababli tovar qiymatini sarflangan va sotib olingan
mehnat bilan bab-baravar aniqlash mumkin, degan qisqacha xulosalar chiqaradi. Bu holda
qiymat o'lchovi deb ish vaqti o'rniga mehnatning almashuv qiymati keltiriladi.
Sotib olinadigan mehnat nazariyasida qiymat tushunchasi ishlab chiqarish
faoliyatidan almashuv sohasiga ko'chirilgan (bu esa xato), almashuv qiymati esa o'z
hisobiga faqat ma'lum miqdordagi mehnatni olish qobiliyati sifatida izohlagan, xolos.
A.Smit kapitalist va ishchi o'rtasidagi munosabatni tahlil etib, bunda ekvivalentlik
qonunining buzilganligini ko'rdi. Kapitalist ishchiga ish haqi sifatida ishchi mehnati
tomonidan yaratilgan qiymatning faqat bir qismini to'laydi. Bu qiymatning ikkinchi
qismini esa kapitalist foyda sifatida o'zlashtiradi. Olim kapitalizm davrida qiymat qonuni
buzilayotir, deb e'lon qildi va qiymatning mehnat nazariyasi kapitalizmgacha bo'lgan
sharoitlarda qo'llanilishi mumkin, deb hisoblaydi. Uning fikricha, qiymat faqat
«jamiyatning dastlabki holatida», kapitalist va yollanma ishchilar bo'lmagan, ya'ni oddiy
tovar ishlab chiqarilishi sharoitlaridagina mehnat bilan aniqlanadi (ekvivalentlik to'la
mavjud).
Ma'lumki, oddiy tovar ishlab chiqaruvchilar mehnat mahsulotini sotadilar va sotib
oladilar, ishchi kuchi u erda tovar emas. Tushunarliki, u sharoitda begona mehnat faqat
mehnatning moddiylashgan shaklida «sotib olinadi». Kapitalizmda esa ishchilar ishchi
kuchini tovar sifatida, sotuvchilar sifatida, kapitalistik ishlab chiqarish vositalari egasi
sifatida bu tovarni sotib oluvchilar sifatida ish yuritadilar, oqibatda jonli va moddiylashgan
mehnat o'rtasida doimiy almashuv ro'y beradi.
A.Smit ishchi kuchi degan kategoriyani bilmagan, u ishchi o'z mehnatini sotadi deb
o'ylagan. Shu sababli u kapitalizmda haq to'lanmagan mehnatning o'zlashtirilishini
qiymatning mehnat nazariyasi asosida tushuntirib bera olmagan. A.Smit qiymatni daromad
bilan ham tenglashtirishga uringan. U aytadiki, ish haqi, foyda va renta har qanday
daromadning, xuddi shuningdek har qanday almashuv qiymatining dastlabki uch
manbaidir. Demak, Smit kapitalizmga xos yana bir qiymat - daromad nazariyasini o'ylab
topdi, bu erda daromad ish haqi darajasi, foyda va renta bilan aniqlanadi. Qiymatni
daromadlar asosida tushuntirish olimning qiymatning mehnat nazariyasiga qarama-
qarshidir. Bu g'ayriilmiy konsepsiya boshqa siyosiy iqtisod namoyandalari tomonidan keng
foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |