2. Turkiy (o‘zbek) tildagi tarixiy manbalar
“Temur tuzuklari”. "Temur tuzuklari", "Tuzukoti Temuriy", "Malfuzoti Temuriy" yoki "Voqeoti Temuriy" nomlari bilan atalgan asar Temurning yetti yoshligidan boshlab hayot yo‘li haqida hikoya qiladi. "Temur tuzuklari" - muhim tarixiy manba bulib, unda Temur davlatining tuzilish va boshqarish xususiyati nuqtai nazarlari bayon etilgan. Asar dastlab turkiy-o‘zbek tilida bitilgan. Uning bir qo‘lyozma nusxasi Yaman mamlakatining oliy hukmdori Ja’far poshsho kutubxonasida saqlangan. "Temur tuzuklari"ning fors tiliga tarjimoni Mir Abu Tolib Husayniy at-Turbatiy tarjima muqaddimasida, Arabiston muqaddas joylarini haj qilib qaytishida, Yamanda bo‘lgan chog‘ida Ja’far poshsho kutubxonasida turkiy tildagi mazkur asarni topgani va u Amir Temurning hayot yo‘li haqidagi o‘zi yozgan asar ekanligini ta’kidlaydi. Mir Abu Tolib Arabistondan qaytib kelgandan keyin, asarni fors tiliga tarjima qilgan. Lekin Arabistondan olib kelingan turkiy asliyatdan yoki Hindistonda bo‘lgan biron nusxadan o‘girilgani aytilmagan. Mir Abu Tolib 1637 yilda mazkur tarjimani boburiylardan Shohi Jahonga tortiq qiladi. Keyincha bu tarjima Muhammad Afzal Buxoriy tomonidan jiddiy tahrir etilgan. Ikki fozil shaxslar Mir Abu Tolib va Muxammed Afzal Buxoriy xizmatlari tufayli "Temur tuzuklari" fors tilida bizgacha yetib kelgan. Asar mo‘tabar qo‘lyozmalari Rassiya, Hindiston, Eron, Turkiya, Misr, Angliya, Fransiya va boshqa mamlakatlar xazinalarida mavjud. "Temur tuzuklari" forsiy matni (1783, 1785, 1890 va 1963 Ovrupo va sharq tillaridagi tarjimalari bilan bir necha bor nashr etilgan. "Temur tuzuklari”ni turkiy-o‘zbek tiliga 1857 yili Xivada Muxammed Yusuf Rojiy tarjima qilgan. 1967 yili Alixon To‘ra Sog‘uniy Mir Abu Tolib matnini o‘zbekchaga tarjima qilgan edi. 1990 yili Alixon To‘ra tarjimasini "Temur tuzuklari" Bombay nashri matni asosida yana bir tarjima Habibulla Karamatov tomonidan amalga oshirilib, 1991 yili nashr ettirdi. Mazkur asar ikki maqoladan iborat. Birinchi maqola Temurning davlatni barpo etish va mustahkamlash, qo‘shinlarni tashkil etish yuzasidan tuzuklari, rejalaridan tarkib topgan. Ikkinchi maqoladagi 13 kengash va uning qismlarida Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi va harbiy yurishlari tafsilotlari beriladi. Ushbu kitobning manba sifatidagi tarixiy ahamiyati buyuk ekanligi unga bo‘lgan mutaxassislarning katta e’tiboridan bilish mumkin. Uning sakkizta motabar qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, Sharqshunoslik instituti xazinasida mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |