Darsni mustahkamlash uchun savollar:
1. Qaynayotgan suv temperaturasi butun hajmida bir xil bo'ladimi?
2. Ikkita bir xil hajmli qo'rg'oshindan, misdan va po'latdan tayyorlangan jismlar Yer sirtidan bir xil balandlikdan tashlansa, bir xil temperaturagacha qiziydimi?
3. 100°C li suv va bug' molekulalari nimasi bilan farq qiladi?
Mexanik hodisalar bo'limida Siz jismlarning ikki xil energiyaga ega bo'lishi bilan tanishgan edingiz. Jismlarning o'zaro ta'siri tufayli ega bo'lgan energiyasini potensial va harakati sababli olgan energiyasini kinetik deb atalgan edi. Modda tuzilishi bo'limidan esa, barcha moddalar mayda zarrachalar – atom yoki molekulalardan tashkil topganligi, ularning to'xtovsiz harakatda ekanligi ham sizga ma'lum. Mana shunday harakatlari tufayli zarrachalar ham kinetik energiyaga ega bo'ladilar. Suyuqlik va qattiq jismlarda zarrachalar ma'lum tartibda o'zaro ta'sirlashib joylashganlaridan potensial energiyaga ega bo'ladilar. Bu energiyalar moddaning ichki tuzilishini tashkil etgan zarrachalarga taalluqli bo'lganligidan moddaning ichki energiyasi deb ataladi. Uni chuqurroq tushunish uchun quyidagi misolni qaraylik. 30°C li suvdagi molekulalar 80°C li suv molekulalaridan nimasi bilan farqlanadi? Ular faqat molekulasining tezligi bilan farq qiladi. 80°C li suv molekulasining tezligi, 30°C li suv molekulasining tezligidan kattaroq bo'lar ekan. Demak, kinetik energiyasi ham katta. Bundan 80°C li suvning ichki energiyasi 30°C li suvning ichki energiyasidan katta bo'lishi kelib chiqadi. Bu mulohazalardan temperaturaga ham ta'rif berish imkoniyati tug'iladi: Temperatura – moddani tashkil etgan zarrachalarning o'rtacha kinetik energiyasi o'lchovidir.
Oldingi mavzulardan ma'lumki, moddaning temperaturasini uni isitish yo'li bilan ko'tarishdan tashqari, ish bajarib ham oshirish mumkin. Masalan, tangani olib, uni mo'ynaga ishqalasangiz qiziydi. Ishqalanish tufayli jismlarning qizishidan qadimgi odamlar yog'ochni ishqalab olov hosil qilganlar. Yog'ochning yonishi uchun uning temperaturasini 250°C ga ko'tarish kerak. Yog'ochni ishqalab bunga erishish osonmi? Urinib ko'ring. .
Hozirgi kunda ham olov ishqalanishdan foydalanib hosil qilinadi. Buning uchun gugurt cho'pini qutisiga ishqalash kifoya! Faqat, bunda gugurt cho'pi kallagiga o'rnatilgan moddaning yonish temperaturasi ancha kichik bo'lganligidan tez yonadi. Gugurtni XIX asrning 30-yillarida ixtiro qilishgan. Unda yonish temperaturasi 60°C bo'lgan fosfordan foydalanilgan. Gugurtni ixtiyoriy bir yuzaga, hatto etik tagiga ishqalansa ham yonadigan bo'lgan. Tez yonish xususiyatiga ega bo'lganligidan yong'inlar chiqishiga sabab bo'lgan hamda zaharli ekanligidan havfli fosfor o'rniga boshqa yonadigan qorishmani 1855-yilda Shvetsiyada o'ylab topishgan.
Ichki energiyani ish bajarib oshirish mumkinligini «havo chaqmog'i» deb ataluvchi qurilmada ko'rish mumkin (1-rasm). Qalin organik shishadan yasalgan silindr ichiga benzin bilan ho'llangan paxtani qo'yiladi. So'ngra porshenni pastga tez bosilsa, paxta yonib ketadi. Bunda havoni siqishda ichki energiya ortadi va temperaturasi ham ortib paxta yonadi. Gaz tashqi kuch bilan siqilsa, temperaturasi ortishi ma'lum bo'ldi. O'z-o'zidan kengaysa nima bo'ladi? Bunday kengayishda bajarilgan ish gazning ichki energiyasi hisobiga bo'ladi. Shu sababli uning temperaturasi pasayadi. Uy-ro'zg'orda ishlatiladigan sovutkich (xolodilnik) lar shu asosda ishlaydi.
Yuqorida aytganimizdek, ichki energiya moddani tashkil etgan zarrachalarning potensial energiyasi bilan ham belgilanadi. Masalan 0ºC da suv ham, muz ham mavjud bo'ladi. Lekin molekulalarining o'zaro joylashishlari turlicha bo'lganligidan 0°C li suvning ichki energiyasi, 0ºC li muznikidan katta bo'ladi. Ichki energiya, shuningdek, jism massasiga bog'liq bo'ladi. Katta olchamdagi dazmol, xuddi shunday temperaturali kichik dazmolga nisbatan ko'proq kiyimni dazmollay oladi. Agar 100ºC gacha qizdirilgan 1 kg li po'lat sharni 1 litrlik suvga solinsa, aynan 100ºC li 0,5 kg li po'lat shar solinganiga qaraganda ikki barobar ko'proq isitar ekan. Bundan tashqari ichki energiya modda turiga ham bog'liq. Buni quyidagicha tajribada ko'rish mumkin. Bir xil massali alyuminiy va qo'rg'oshin sharlarni 100°C gacha qizdiraylik. So'ngra ularni bir xil idishdagi suvlarga solaylik. Bunda alyuminiy shar solingan suv ko'proq qiziganini ko'ramiz.
AMALIY TOPSHIRIQ
Mis yoki alyuminiy simni olib, bir joyidan bir necha marta buklab, to'g'rilang. Shunda sim sinib ketadi. Sababini tushuntiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |