22.1. Cho‘l va to‘qay o‘simliklari
O‘zbekiston hududining juda katta qismini cho‘llar tashkil etadi.
Cho‘lda qum uyumlari, sho‘r, gipsli va toshli tuproqlar katta maydonlarni egallaydi. Har bir tuproqning o‘ziga xos o‘simliklari va ular hosil qiladigan o‘simlik qoplami bor.
Qizilqumdagi qum uyumlarida tashqaridan qaraganda o‘simlik yo‘qdek ko‘rinadi. Aslida esa u yerda o‘ziga xos bir yillik, ko‘p yillik o‘t-o‘simliklar, buta va saksovul kabi daraxtlar o‘sadi.
Qumliklarda saksovul, turli sho‘ralar (sag‘an, qumtariq), juzg‘un, selin, iloq va boshqalar birgalikda o‘sadi. Ular o‘sishi bilan bir qatorda ko‘chma qumlarni mustahkamlaydi.
Kuzda va bahorda yog‘gan yomg‘irdan keyin qumliklarda o‘simliklarning urug‘i unib chiqadi. Ko‘p hollarda yosh nihollar bahorda kunlar isishi bilan qurib qoladi. Saqlanib qolganlari esa o‘sib, meva beradi. Qumliklarda o‘sadigan o‘simliklar suvni uzun ildizi orqali qum orasidagi namlikdan va tunda tushadigan shudringdan oladi. Qumliklarda o‘sishga moslashgan o‘simliklardan biri juzg‘undir.
U ayniqsa ildiz tizimi yaxshi taraqqiy etganligi bilan ajralib turadi. Uning yoniga o‘sgan ildizlari hatto 30 m gacha taraladi.
Iloq ko‘p yillik ildizpoyali o‘t bo‘lib, qumning ustki qatlamiga mayda yon ildizchalari bilan yopishib oladi. Qum yuzasiga asosan uning kalta (15–20 sm) poyasi, 7–10 ta ingichka barglari chiqib turadi.
Qumliklarda o‘sadigan o‘simliklar turlarining ko‘p yoki kamligi kuz va bahorning quruq yoki seryog‘in kelishiga bog‘liq.
Cho‘llardagi turli darajada sho‘rlangan tuproqli yerlarda tanasi turli shiraga boy bo‘lgan seret baliqko‘z, qizil sho‘ra, sarsazan, qorabaroq kabi o‘simliklar o‘sadi. Ustyurtga o‘xshagan tuprog‘i gipsga boy joylarda qora boyalich, buyurg‘un, shuvoq singari o‘simliklar uchraydi.
Cho‘l o‘simliklari qorako‘1 qo‘ylar, tuyalar va boshqa cho‘l hayvonlari uchun oziq manbai hisoblanadi.
To‘qay deganda, daryo bo‘ylaridagi sernam yerlarda joylashgan turli daraxt, buta va o‘tlardan tashkil topgan chakalakzorlar tushuniladi. To‘qaylar daryo suvlari bilan chambarchas bog‘langan. O‘zbekistondagi eng katta to‘qaylar Sirdaryo bilan Amudaryo bo‘ylarida joylashgan.
To‘qaylarda ham xilma-xil o‘simliklar o‘sadi. U yerlarda keng tarqalgan namsevar o‘tlardan qamish, ro‘vak, shirinmiya, qo‘g‘a, yantoq; daraxt va butalardan esa turang‘il, yulg‘un, tol, jiyda kabilarni ko‘rsatish mumkin. To‘qaylardagi o‘simliklar bir tekis tarqalmagan.
Shuni ham aytish kerakki, Sirdaryo bilan Amudaryo suvlari kamayishi bilan uning bo‘yidagi o‘rmon va to‘qaylar ham ancha qisqarib ketgan. Ayniqsa so‘nggi yillarda daryolar suvidan insoniyat noto‘g‘ri foydalanishi tufayli qamish, shirinmiya, turang‘il kabilarning maydonlari tobora qisqarib bormoqda.
To‘qaylarning mohiyati benihoya katta. Birinchi navbatda, ular o‘ziga xos o‘simliklar qoplamiga ega. To‘qaylar daryo sohillarini (qirg‘oqni) yemirilishdan saqlaydi, chorva mollari uchun oziq manbai hisoblanadi, cho‘llarning quruq havosini ma’lum darajada yumshatadi va uni kislorod bilan boyitadi. Bulardan tashqari, to‘qaylar turli mo‘ynali va boshqa foydali hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish uchun ham zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |