Korxonaning narx strategiyalari. Biznes-rejada ishlab chiqarilayotgan tovarlar bo‘yicha korxonaning narx strategiyasini ko‘rsatish mumkin.
Yuqori baho yoki «qaymog‘ini olish» strategiyasi - avvalo tovar bahosini ishlab chiqarish narxidan ancha yuqori o‘rnatib, asta-sekin uni tushirib boradi. Bu usul bilan yangi tovarlar (patentlar bilan himoyalangan) sotiladi va bozorga kirgandan keyin segmentlar guruhini kengaytirish maqsadida arzonlashtirib boriladi.
“Past narxlar” yoki “bozorga yorib kirish” strategiyasida mahsulotga dastlab past narx o‘rnatiladi va talabni rag’batlantiriladi. Raqiblar bozordan siqib chiqariladi va asosiy ulush egallanadi, sekin asta mahsulot bahosi oshirib boriladi. Bu strategiyani qo‘llash quyidagi sharoitlarda maqsadga muvofiq: bozor baho o‘zgarishiga juda sezgir va past baholar uning kengayishiga yordam beradi; xarajatlarning o‘sib borishi bilan ishlab chiqarish va sotish xajmi qisqarib boradi; raqobatchilar uchun past baholar qiziqarli emas.
Ustuvor narx strategiyasi past narxlar strategiyasining yoki kuchli yorib kirish strategiyasining davomi hisoblanadi. Ushbu strategiya korxona faoliyati sohasiga raqobatchilarning kirib kelishi xavfi bo‘lganda qo‘llaniladi. Uning mohiyati raqobatchilarga nisbatan xarajatlar yoki sifat bo‘yicha ustunlikka erishishdadir.
''O‘rtacha xarajatlar plyus foyda'' usuli. Bahoni hisoblashning ushbu usulining mohiyati quyidagicha: korxona yoki tadbirkor ishlab chiqarish bo‘yicha xarajatlarni aniqlaydi va unga kiritilgan kapital uchun mukofot sifatida qaraladigan mo‘ljaldagi foyda miqdorini qo‘shadi.
Psixologik jihatdan jozibador narxlar belgilash. Bunda xaridorlar psixologiyasi hisobga olinadi. Bahoni butun son emas undan bir oz kamroq raqamlarda belgilanadi. Masalan, atirning bahosi 10000 so‘m emas 9990 so‘m belgilanadi.
Korxonaning narx taktikasi. Boshlang‘ich, dastlabki bahoni belgilash va uning maqsadiga muvofiq o‘zgarishi yo‘nalishlarini aniqlab olish bilan narxni shakllantirish jarayoni to‘xtab qolmaydi. Narxni belgilashda bozorni o‘zgarishini hisobga olib borish lozim, lekin mahsulotning narxi o‘zgarishi belgilangan narxning yuqori va quyi chegarasida bo‘lishi kerak. Bozor talablariga ko‘ra narxni to‘g‘rilab borish, ishlab chiqaruvchilar tomonidan bir qator qarorlar qabul qilishni ko‘zda tutadi.