Tog‘ oldi mintaqasida grunt va qatlamlararo suvlar asosan yog‘in-sochin va baland tog‘lardan sizib kelgan suvlar hisobiga shakllanadi. Bu mintaqa yer osti suvlari yer ostidan sizilib borib, pastda joylashgan artezian havzalariga qo‘shilib ketadi. Mintaqadagi yer osti suvlari sho‘rlik darajasi chuchukdan to sho‘rgacha bo‘ladi. CHuchuk suvlar asosan shag‘alli jinsnlar tarqalgan yerlarda uchraydi. Yer osti suvlari ichimlik suv sifatida va chorva mollarini sug‘orishda ishlatiladi. Bu mintaqada yer osti suvlari dinamik zahirasining umumiy miqdori 295 m3/sek ni tashkil etadi.
Tog‘ oralig‘i botiqlarida asosan grunt suvlari va qatlamlararo suvlar shakllanadi. Ularning sifati, miqdori har bir botiqda har xil. Bu mintaqaning grunt suvlari yog‘inlardan, daryo, kanal, ko‘l, suv omborlaridan sizgan suvlardan hamda tog‘ mintaqasidan oqib kelayotgan suvlardan to‘yinadi. Botiqlardagi yer osti suvlarining katta qismi -pastki hududlarga sizilishga, bug‘lanishga sarf bo‘ladi. Bu mintaqada er osti oqimi bo‘lgan hududlarda grunt suvlari toza va chuchuk, oqim sust bo‘lgan, iqlimi quruq, issiq hududlarda (Markaziy Farg‘onada, Mirzacho‘lda, Qarshi cho‘lida, Quyi Zarafshonda) esa sho‘rlangan. Botiqlardagi yer osti suvlari zahirasi unga bo‘lgan ehtiyojni bemalol, ancha oshirib qondiradi.
Bu mintaqada yer osti suvlariga eng boy hudud Farg‘ona botig‘idir. Bu yerda to‘yinish manbaiga ega va foydalanish mumkin bo‘lgan yer osti suvlari miqdori sekundiga 289 m3 ga teng.
Tekislikda yog‘in kam, bug‘lanish katta bo‘lganidan ularning grunt suvini to‘yintirishdagi salmog‘i katta emas. Tekislikda grunt suvining oqimi etarli darajada bo‘lmaganligi hamda bug‘lanishning kattaligi yer osti suvlari sifatining yomonlashishiga olib kelgan. Grunt suvlari ichishga deyarli yaroqsiz, tarkibida natriy va xlorid tuzlari ko‘p uchraydi.
O‘zbekistonning tekislik mintaqasi Amudaryo, Sirdaryo va Ustyurt artezian havzalaridan iborat, ularning tabiiy yer osti suvi resurslarining umumiy miqdori 120 m3/sekundni tashkil etadi va buning asosiy qismi sug‘oriladigan delta tekisliklariga to‘g‘ri keladi. CHuchuk suvlar yer osti suvi jami miqdorining taxminan 10 % ini tashkil etadi. Ular asosan sug‘oriladigan yer, kanal va ariqlardan sizib vujudga keladi, yirik magistral kanallar yoqasida uchraydi.
Artezian suvlar O‘zbekistonda ancha chuqurdan —100 —400 m va undan ham chuqurdan chiqqanligi sababli suvining sifati hamma erda bir xil emas. Yer yuzasiga yaqin qatlamlar orasidagi suvlar chuchuk, harorati pastroq, chuqurda joylashganlarida issiq, biroz minerallashgan bo‘ladi.
O‘zbekistonning cho‘l mintaqasida joylashgan artezian xavzalarida qatlamlararo suvlar qumli yotqiziqlarda uchraydi. Ular ancha sifatli bo‘lib, yaylovlarni suv bilan ta’minlashda, kichik voxalarda sug‘orma dexqnchilikda ishlatilmoqda. Bu suvlarni (sho‘rligi 1,5 —5,0g/l )maxsus qurilmalar yordamida chuchuklashtirib xo‘jalikda va axolini ichimlik suv bilan ta’minlatttda foydalanish ham mumkin. Hozirgi kunda Janubiy Orolbo‘yida 100 dan ortiq maxsus qurilmalar yordamida yuqori bo‘r yotqiziqlari orasidagi suvlar chuchuklashtirilib, axoli manzillari ichimlik suv bilan ta’minlanmoqda.
O‘zbekistonda aniqlangan, tasdiqlangan chuchuk va bir oz sho‘r (foydalanishga yaroqli) er osti suv resurslari miqdori 1993 yil 1 yanvar ma’lumotiga ko‘ra sutkasiga 19 mln m3 ni tashkil etgan. Buning deyarli yarmi (sutkasiga 8,9 mln m3) chuchuk suvlardir. CHuchuk suvlarning 95 % i tog‘li mintaqaga to‘g‘ri Keladi.
Amudaryo, Zarafshon xavzalarida sug‘orma deqqonchilik maqsadlarida suv rejimining o‘zgartirilishi oqibatida Qoraqalpog‘istonda, Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi vohalarda chuchuk er osti suvlari sho‘rlanib qoldi.
O‘zbekistonda 1994 yil 1 yanvar hisobi bo‘yicha sutkasiga 9,6 mln m3 atrofida er osti suvlaridan sug‘orishda, sanoat korxonalarini suv bilan ta’minlashda foydalanilgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda o‘rganilgan va zahirasi aniqlangan er osti chuchuk suvlari respublika aholisining ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojining 50 % ni qondirmoqda. SHuning uchun gidrogeologlar oldiga chuchuk er osti suvlarini qidirib topish, miqdorini aniqlash kabi muhim vazifalar qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |