3.Shaharsozlik sohasida vakolatli davlat organlari, ularning vazifalari. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvini O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari amalga oshiradi.
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining o’z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari barcha vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Shaharsozlik sohasida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari quyidagilar:
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
shaharsozlik sohasida kompleks davlat dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishiga ko’maklashadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida o’z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;
O’zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhini hamda O’zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini tasdiqlaydi;
Toshkent va Nukus shaharlarining, shuningdek respublika va viloyat bo’ysunuvidagi shaharlarning bosh rejalarini tasdiqlaydi;
shaharlar shahar atrofi zonalarining chegaralarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini belgilaydi;
davlat shaharsozlik kadastrini hamda shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringini yuritish tartibini belgilaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlarning shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishini moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o’tkazadigan yuridik shaxslarni akkreditasiya qilish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasini tashkil etish hamda o’tkazish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida davlat xaridlarini tashkil etish hamda o’tkazish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining tashkiliy tuzilmasini belgilaydi;
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi faoliyatini muvofiqlashtiradi va tashkil etadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shaharsozlik kodeksining 20-moddasiga muvofiq vazirlikning vakolatlari quyidagilar:
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
O’zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar (viloyatlar guruhlari) hududlarini rejalashtirish tarhlarini va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
shaharlarning, shaharchalarning bosh rejalarini, bundan tasdiqlanishi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari mustasno, hamda Toshkent shahrining markaziy qismlarini, viloyatlarning ma’muriy markazlarini, shuningdek madaniy meros obyektlariga ega bo’lgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralarni belgilash haqida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
shaharsozlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar tomonidan taqdim etilgan idoraviy qurilish normalarini kelishib oladi;
shaharsozlik, arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga, ixtisoslashgan davlat ta’lim muassasalarida hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonining darajasi va sifatini oshirishga, qurilish sohasida, shu jumladan xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilarni hamda mutaxassislarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko’maklashadi;
shaharsozlik to’g’risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, davlat standartlariga, qurilish ishlari texnologiyalariga, qurilish materiallari va buyumlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o’tkazish bo’yicha yagona siyosatni amalga oshiradi va ekspertiza xulosalarining yagona reyestrini yuritadi;
qurilishda standartlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini amalga oshiradi;
aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun lisenziyalar beradi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni akkreditasiyadan o’tkazadi;
qonun hujjatlariga muvofiq malakasi bo’lishi majburiy bo’lgan, loyihalashtirish va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlashtiradigan yuridik shaxslarni akkreditasiyadan o’tkazadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to’g’risida aholini muntazam ravishda xabardor qiladi;
o’z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar yuzasidan shaharsozlik faoliyati subyektlari o’rtasidagi kelishmovchiliklarni ko’rib chiqadi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarini ro’yxatga oladi;
texnik nazoratni amalga oshirish bo’yicha buyurtmachining va mualliflik nazoratini amalga oshirish bo’yicha ishlab chiquvchining ishlarini tekshiradi, shuningdek texnik va mualliflik nazorati sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, ularga nisbatan javobgarlik choralarini qo’llash to’g’risida vakolatli organlarga takliflar kiritadi;
shaharsozlik sohasidagi normativ hujjatlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari va buyumlarining ishlab chiqarilishi, realizasiya qilinishi hamda qo’llanilishini, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari talablari chidamlilik va puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab bo’lgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi bo’lgan, obyektlar o’zboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to’xtatib turadi. Qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarishni, realizasiya qilishni hamda qo’llashni, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni tadbirkorlik subyektining faoliyatini to’xtatib turishga olib keladigan tarzda to’xtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog’lig’i uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bog’liq holda faoliyatni o’n ish kunidan ko’p bo’lmagan muddatga to’xtatib turish hollari mustasno;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar to’g’risidagi ma’muriy ishlarni ko’rib chiqadi va jarima tarzidagi ma’muriy jazo beradi;
qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish bo’yicha komissiyalar ishida ishtirok etadi.