Shuningdek, tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlari ham shaharsozlik sohasida bir qancha vakolatlarga ega bo’lib, ular quyidagilar: shaharsozlik to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining but saqlanishini ta’minlaydi;
shaharlar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko’rsatkichlari va istiqboldagi urbanizasiya jarayonlari asosida aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo’yicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi va bu obyektlarning moliyalashtirilishini ta’minlaydi;
o’z hududidagi shaharsozlik faoliyatini, agar bu faoliyat shaharsozlik to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, to’xtatib turadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, to’xtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog’lig’i uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bog’liq holda faoliyatni o’n ish kunidan ko’p bo’lmagan muddatga cheklash, to’xtatib turish hollari mustasno;
o’zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to’g’risida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi;
tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, qurish loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
aholi punktlarini qurish qoidalari loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarining qurilishi to’g’risida qarorlar qabul qiladi;
reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) masalalariga doir shaharsozlik faoliyatini nazorat qiladi hamda rejalashtiradi, shu jumladan reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari ro’yxatini shakllantiradi, ularni pasportlashtirishni amalga oshiradi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarining texnik holati inventarizasiyadan o’tkazilishini tashkil etadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to’g’risida ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog’idagi o’zining rasmiy veb-saytlari orqali aholini muntazam ravishda xabardor qiladi.