Jamiyatni bilishda ijtimoiy falsafaning o`rni.Ijtimoiy bilish (jamiyat to`g`risidagi fan majmui)da ijtimoiy falsafa yoki jamiyat falsafasi alohida o`rin egallaydi. Ijtimoiy falsafa jamiyatni bir butun tizim sifatida, ya`ni uni tashkil qiluvchi elementlarning oddiy mexanik yig`indisiga bog`lab bo`lmaydigan, integral tuzilma (hosila) sifatida tadqiq etadi..
Jamiyat to`g`risidagi fanlarning ichida ijtimoiy falsafa jamiyatni umumiy tarzda olamning alohida bir qismi sifatida o`rganadi. SHuning uchun ham jamiyat eng yuqori darajada umumiylashtirilgan tushunchalar – falsafiy kategoriyalar yordamida talqin etiladi. Ijtimoiy falsafa umumfalsafiy qonunlarni, ya`ni (tabiat, jamiyat va tafakkur qonunlarini) ijtimoiy hodisalar va jarayonlar tahliliga tatbiq etishdan iboratdir.
Ijtimoiy falsafa jamiyat to`g`risidagi eng umumiy nazariy bilimlar tizimidan iborat. U, jamiyat nima, u qanday faoliyat ko`rsatadi va rivojlanadi; bu rivojlanishda insonning roli qanday, degan masalalarni ko`rib chiqadi. Ijtimoiy falsafaning jamiyat haqidagi fanlar majmuidagi roli va ahamiyati shundan iboratki, u ijtimoiy bilishni to`laligicha rivojlantirish uchun nazariy va metodologik asos bo`lib xizmat qiladi. Ma`lumki, har qanday ilmiy qonun va kategoriyalarni o`rganish uchun dastlab eng umumiy qonun va kategoriyalarni bilish kerak bo`ladi. Ijtimoiy falsafa esa, aynan, shunday bilimlarni beradi, chunki uning qonun va kategoriyalari kerakli darajadagi umumiylik xususiyatiga egadirlar. Jamiyat to`g`risidagi aniq, maxsus fanlar (sotsiologiya, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik va b.) ijtimoiy hayotning turli tomonlari va qirralarini tahlil qilish bilan birga, ijtimoiy falsafaning tushunchalari va predmeti mazmunini boyitishga yordam beradi. SHu tariqa, agar ijtimoiy falsafa jamiyat to`g`risidagi boshqa fanlarga nazariy-metodologik asos bo`lsa, ular esa, o`z navbatida ijtimoiy-falsafiy umumlashmalar uchun empirik asos bo`ladi.
Ijtimoiy falsafaning jamiyat haqidagi boshqa fanlar bilan munosabati. Sotsiologiya, ayniqsa, umumnazariy sotsiologiya nazariy-metodologik asoslariga ko`ra ijtimoiy falsafaga ko`proq yaqindir. Ularning yaqinligi shu darajada aniqki, faylasuflar ham, sotsiologlar ham bir-biri bilan bunday yaqin, o`zaro mustahkam bog`liq bo`lgan fanlarning alohida-alohida, mustaqil ravishda mavjud bo`lishi maqsadga muvofiqligiga shubha bildiradilar. Lekin, shuni ta`kidlash kerakki, sotsiologiya (hatto nazariy bo`lsa ham) har doim ijtimoiy falsafaga qaraganda umumiylik darajasi kamroq bo`lgan qonun va kategoriyalar bilan ish ko`radi. Zero, shu narsa aniqki, ijtimoiy borliq va ijtimoiy ong munosabatlari, ijtimoiy rivojlanish manbalari, ijtimoiy bilishning xususiyati, sivilizatsiyaning global muammolari kabi falsafaning asosiy fundamental muammolari sotsiologik tahlildan chetda qoladi. SHuning uchun ham sotsiologiyani ijtimoiy falsafaga qo`shib yuborish maqsadga muvofiq bo`lmaganidek, ijtimoiy falsafani ham nazariy sotsiologiyaga tenglashtirish mumkin emas.
Ijtimoiy falsafa bilan yaqindan bog`liq va o`zaro ta`sir qilib turuvchi fanlarning yana biri tarixdir. Ularning talaygina umumiy tomonlari bor. Birinchidan, ijtimoiy falsafa ham, tarix ham sotsiumni faqat bir tomonlama o`rganish bilan cheklanmasdan, uni bir butunicha, yaxlit holda kompleks o`rganadilar. Ikkinchidan, unisi ham, bunisi ham ijtimoiy hayotning barcha shakllari va sohalarini o`rganadilar. Uchinchidan, ikkala fan ham o`z diqqat-e`tiborini avvalo tarixiy jarayonning sub`ektiv, ya`ni faoliyat tomoniga qaratadilar. To`rtinchidan, tarix va falsafa bir-biriga singib ketadi. CHunki falsafaning muhim elementi sifatida falsafiy g`oya va ta`limotlarning tarixi yotadi. Ayni paytda, falsafa tarixi tarix fanining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ijtimoiy falsafa bilan tarix o`rtasidagi tafovut quyidagilardan iborat. Birinchisi, tipik, umumiy, muhim tomonlarni o`rganadi. Faylasufni sotsium rivojlanishining engumumiy qonunlari, bu rivojlanishning manbalari va harakatlantiruvchi kuchlari, tarixiy jarayonning umumiy mazmuni va asosiy bosqichlari qiziqtiradi. Boshqa ijtimoiy fanlarga (siyosatshunoslik, psixologiya, iqtisodiy nazariya, huquqshunoslik va b.) kelsak, ularning predmeti bilan ijtimoiy falsafa predmetining farqi aniq: ularning hammasi ham falsafiy umumiylik va universallikni da`vo qilmaydi, jamiyat hayotining faqatgina konkret, alohida jihatlarini, sohasini o`rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |