2-chizma. F.Kenening iqtisodiy jadvali (2-variant)
«Iqtisodiy jadval»da takroriy ishlab chiqarishni tahlil qilish asosida olingan muhim
ilmiy qisqacha xulosalar shundaki, unda ayrim-ayrim oldi-sotdi aktlari qarab
chiqilmasdan, ko'plab individual aktlar sinflar o'rtasidagi muomalaga
birlashtirilgan. Ana shu sinflar o'rtasidagi muomala F.Kene tadqiqotining predmeti
edi. Olim aylanish (muomala)ni takror ishlab chiqarish jarayonining shakli sifatida,
pul muomalasini esa kapitalning aylanish momenti sifatidagina qarab chiqishga
uringan. F. Kene iqtisodiyot tarixida birinchi bo'lib makroekonomik
modellashtirishni amalga oshirgan edi.
F.Kenening ijodi nihoyatda yuqori baholangan edi. Fransuz iqtisodchisi Mirabo
V.R. (1715-1789) fikricha, dunyo paydo bo'lganidan buyon asosan uchta kashfiyot
siyosiy jamiyatlar mustahkamlanishiga ko'mak bergan:
1) yozuv;
2) tanga;
3) «Iqtisodiy jadval».
F.Kene ta'limotida bir qancha kamchiliklar mavjud, sinflar to'g'risidagi
g'oyada izchillik va ilmiylik yo'q. Sanoatchilar («unumsiz sinf») ishlab chiqarish
vositalaridan mahrum etilgan (chunki mahsulotning hammasi sotib yuboriladi) va
ularda ishlab chiqarishni qaytadan boshlash imkoniyati yo'q (vaholanki,
hunarmandlar asosiy kapitalga ega). Ammo F.Kenening jadvali iqtisodiyot tarixida
birinchi marta natural, ya'ni tovar va pul holidagi moddiy ne'matlarning
makroekonomik zanjiridir. Undagi g'oyalar bo'lajak iqtisodiy modellarning kurtagi
bo'lib qoldi.
3. A.Tyurgo va uning iqtisodiy ta'limoti
F.Kenening g'oyalari Ann Rober Jak Tyurgo (1727-1781 yy.) tomonidan
davom ettirildi va chuqurlashtirildi. Ammo u o'zini F.Kene shogirdi yoki
davomchisi deb hisoblamagan. U Parijda normand dvoryanlar oilasida tug'ildi,
Sarbonnaning Teologiya (diniy) fakultetini tugatdi, ammo bu sohada ishlamadi.
1751 yildan Parij parlamentining chinovnigi, 1761-1774 yillarda Limojda
intendant (harbiy qismda xo'jalik mudiri), 1774-1776 yillarda moliya bosh
nazoratchisi, qirol Lyudovik XVI davrida moliya vaziri sifatida bir qancha
antifeodal islohotlar o'tkazdi (don savdosidagi cheklashni yo'q qildi, savdo
gildiyalarini tugatdi...), ammo bu o'zgarishlar Tyurgo iste'foga chiqqach, bekor
qilindi. U ham F.Kene singari Didro, D`Alamber va ularning yordamchilari
tomonidan chiqarilayotgan «Qomus»ga bir nechta falsafiy va iqtisodiy maqolalar
yozdi.
A.Tyurgo hayoti va ijodida progressiv chinovnik Vensan Gurne katta rol
o'ynadi. U fiziokratlardan ancha farqli ravishda sanoat va savdoning mamlakat
ravnaqidagi rolini to'g'ri tushundi. Sof bozor iqtisodiyotidagi mashhur laissez faire,
laissez passer (bu tamoyilga ko'ra, iqtisodiyot davlat aralashuvisiz rivojlanishi
kerak) tamoyili birinchi bor shu tadqiqotchi tomonidan ilgari surilgan degan fikr
bor. U boshqalar qatori hunarmandchilikdagi sex cheklashlariga qarshi chiqdi,
erkin raqobatni qo'llab-quvvatladi.
A.Tyurgo V.Gurne (u 1759 yilda vafot etdi) bilan F.Kene
xuzurida ko'p bo'lgan, u ular bilan asosiy masalalarda
maslakdosh bo'lsa ham, ko'p sohalarda boshqacha fikr
yuritar edi. A.Tyurgo Parijda A.Smit bilan ham
uchrashgan. A.R.J.Tyurgo A.Tyurgoning iqtisodiy
qarashlari uning 1766 yilda yozilgan (1769-1770 yillarda
chop etilgan) «Boylikning paydo bo'lishi va taqsimlanishi
to'g'risidagi mulohazalar» asarida nisbatan to'la yoritilgan.
U Kene fikrlarini faqat targ'ibot qilish bilan cheklanmadi,
uni rivojlantirdi. U kapitalistik ishlab chiqarish
munosabatlarini ancha chuqur tushundi,
A. Tyurgo feodalizmni islohotlar o'tkazish yo'li bilan yaxshilash mumkin
degan fikrga ishonmadi (Kene ishongan), kapitalizm feodalizm kobig'ida vujudga
keladi va g'alaba qiladi degan g'oyani ilgari surdi.
Bu kitob aslida Parijga o'qishga kelgan ikki xitoylik uchun darslik sifatida
yozilgan va 100 ta aniq tezisdan iborat (V.Petti uslubi), ammo ba'zi qoidalar
aksioma (isbot talab etmaydigan qoida)dan iborat. Bu iqtisodiy teoremalar aniq
uch qismga bo'linadi. 31 ta tezis (teorema) fiziokratik g'oyalar majmuidan iborat
(ustoz F.Kenening ta'siri). Ammo «sof mahsulot» nazariyasi F.Kenedan
boshqacharoq talqin etiladi, aslini olganda bu erda qo'shimcha qiymat haqida gap
boradi va bu mahsulot tabiatning sof in'omidan dehqon mehnati bilan yuzaga
keladigan ortiqcha mahsulot sifatida qaraladi hamda asosiy ishlab chiqarish
vositasi bo'lgan er egasi tomonidan o'zlashtiriladi.
Keyingi 17 ta teorema qiymat, baho va pulga bag'ishlangan. A.Tyurgoning
bu sohadagi fikrlari o'ziga xos xarakterga ega va qiymatning mehnat nazariyasidan
ancha yiroq. Uningcha almashuv qiymati va tovarning bahosi tovarlar nisbati,
almashuvda ishtirok etayotgan shaxslar, sotuvchi va oluvchi istagining intensivligi
bilan aniqlanadi (marjinalistik talqin). Ammo A.Tyurgoning bu g'oyasi uning
ta'limotiga hech ham mos kelmas edi.
Oxirgi 52 ta teoremada A.Tyurgoning tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan asosiy
iqtisodiy g'oyalari keltiriladi. Yuqorida aytilganidek, fiziokratlar jamiyatni uch
sinfga bo'ladilar. A.Tyurgo esa jamiyatni sinflarga boshqacharoq ajratadi,
«unumsiz» sanoatchilar sinfini u ikki qismga bo'ladi: birinchisiga tadbirkor
manufakturistlar, fabrika egalari kiradi, ular katta kapital egalari sifatida namoyon
bo'lib, o'z avans, ya'ni bo'naklari yordamida ish joyi yaratadilar va uni foyda olish
uchun sarflaydilar. Ikkinchilari - bu oddiy hunarmandlar bo'lib (ishchilar), ular o'z
qo'l kuchlari hisobiga ish haqi oladilar (ishlab chiqarish vositalaridan mahrum).
A.Tyurgo ish haqini V.Petti va F.Kene kabi tirikchilik uchun zarur minimum
mablag'lar asosida hal etadi, ammo Kenedan farqli ravishda nega shunday bo'lishi
kerakligining mexanizmini tushuntirib bermoqchi bo'ladi. Uning asosiy dalili
shuki, mehnatga talab taklifga nisbatan kamayib boradi, ishchilar o'rtasida raqobat
boradi.
Xuddi shu kabi er egalari sinfi ham fabrikantlar kabi ikki razryadga ajratiladi, bular
avans beruvchi tadbirkorlar yoki kapitalistlar va faqat ish haqi oluvchi oddiy
ishchilardir. Bu katta ijobiy voqea, chunki Fransiyada bu sinflar mavjud edi.
Demak, A.Tyurgo bo'yicha jamiyatda besh sinf mavjud, bu haqiqatga yaqindir. U
yollanma ishchida qo'l kuchidan boshqa ishlab chiqarish vositalari yo'qligini ochib
beradi, kun kechirish uchun u o'z mehnatini boshqalarga sotishi zarurligini
ko'rsatadi. A.Tyurgoning bunday fikrga kelishida vaqtning ham ta'siri bor, chunki
u Kenedan keyinroq yashadi.
Tyurgoning ta'limotida pul, qiymat, sinflar va daromad nazariyalari tahlil
etiladi.
Uning fikricha, oltin, pul ham, agar ular miqdori oshib ketsa, boshqa tovarlar kabi
o'z qimmatini (foydalilik- naflik) yo'qotishi mumkin (marjinalistik g'oya). Pulning
miqdori jamiyatdagi ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlarga mos kelishi
shart. U shuni qayd etadiki, «milliy boyligi» bu avvalo erlar va ulardan olinadigan
«sof mahsulot»dir.
Bu olim ham qiymatning sarf-xarajat konsepsiyasini qo'llaydi. Noyoblikka
e'tibor berib, tovar xarid etishda eng muhim element deb qaraladi (marjinalizm
mavzusiga qarang).
A.Tyurgo boshqalar kabi erkin sohibkorlik mehnatini qo'llab-quvvatladi,
dehqonchilik qo'shimcha, ya'ni sof mahsulot manbai ekanligini (bu fikr Keneniki)
tan olgan holda sanoat va savdoga ham ko'p e'tibor qiladi.
U kapitalni Kenega nisbatan ancha chuqur va to'la tahlil etdi. Kene kapital
deganda asosan natural (mahsulot) shaklidagi bo'naklar summasi (xomashyo,
mehnat haqi va boshqalar)ni tushungan, shu sababli uning tizimida kapital
jamiyatdagi sinflar o'rtasidagi mahsulotlar taqsimoti muammosi bilan chambarchas
bog'lanmagan. Kenening tizimida foyda o'rni yo'q; kapitalist faqat «ish haqi
olgan», bu «ish haqi»ning qanday vujudga kelishi ham tahlil etilmagan.
Bu sohada A.Tyurgo ancha ilgarilab ketadi. U foydani chetlab o'ta olmaydi,
hatto to'g'ri tuyg'u asosida uni tadqiq etishni sanoat kapitalistidan boshlaydi; bu
erda foydaning kelib chiqishi haqiqatdan ham aniqroq ko'rinadi, vaholanki boshqa
fiziokratlar (Kene ham) «barcha ortiqcha mahsulot erdan kelib chiqadi» degan
noto'g'ri aqidaga asoslanadilar.
U o'z ustozlari va maslakdoshlaridan «tabiiy tartib» konsepsiyasini
buzayotganligi uchun kechirim ham so'rab qo'yadi, chunki u tahlilni sanoatdan
boshlaydi va dehqonchilikni keyin qarab chiqadi. Ammo uning uzri noo'rindir,
aksincha u muammoni echishga to'g'ri yondashgan; yollanma ishchi kuchidan
foydalanuvchi fermer kapitalist o'z kapitalidan kam deganda xuddi fabrikant
singari foyda olishi va renta sifatida er egasiga berishi kerak bo'lgan ma'lum
ortiqcha (qo'shimcha)ni ham olishi kerak.
Eng ajoyib teorema 62-tezis bo'lib, unga ko'ra ishlab chiqarishga qo'yilgan
kapital o'z-o'zidan ortib borish qobiliyatiga egadir. Xo'sh, o'z-o'zidan ortib borish
darajasi va nisbatlari nima bilan belgilanadi?
A.Tyurgo kapital tomonidan yaratiladigan mahsulot qiymati nimadan iborat
ekanligini tushuntirmoqchi bo'ladi (aslida kapital emas, balki mazkur kapital
asosida harakatga keladigan mehnat yaratuvchidir). Avvalo, uning fikricha,
mahsulot qiymati kapital sarflarini, shuningdek, ishchilarning ish haqini qoplashi
kerak. Qolgan qismi (aslida qo'shimcha qiymat) uch qismga ajraladi: birinchisi,
foyda bo'lib, kapitalist pul kapitalining egasi sifatida «hech qanday mehnatsiz»
olishi mumkin bo'lgan daromadga teng. Bu ssuda (pul) foiziga mos foydadir.
Foydaning ikkinchi qismi fabrika yoki ferma ochishga tavakkal qilgan
kapitalistning «mehnati, tavakkalchiligi va san'atini» to'lashga sarf etiladi. Bu
tadbirkorlik daromadidir. Shunday qilib, aslida A.Tyurgo sanoat foydasining ssuda
va funksional kapitalga bo'linishini ko'rsatib berdi. Agar pul foizi past bo'lsa,
bilingki, bu kapitalning ortiqchaligi oqibati hamdir, deydi u.
Foydaning uchinchi qismi rentadir. U faqat dehqonchilikda band kapitalistlar
uchun mavjuddir. So'zsiz, bu tahlil iqtisodiyot fanida aytilgan yangicha g'oyadir.
Ammo olimning keyingi fikrlari izchil bo'lmay, yana fiziokratizm qobig'iga
qaytadi. Boshida foydani foizdan chiqaradi, bu minimum bo'lib, unga har bir
kapitalist egalik qilish huquqiga ega.
Agar kapitalist idorasida xotirjam o'tirmasdan fabrikaning faoliyatiga yoki
qishloq xo'jaligida batraklar ishiga boshchilik qilsa, unga ma'lum qo'shimcha,
o'ziga xos maosh beriladi. Foiz oxir-oqibatda er rentasiga tenglashtiriladi, chunki
kapital bilan eng oson bajariladigan operasiya bu er uchastkasi olish va uni hech
tashvishsiz ijaraga topshirishdir. Endi qo'shimcha qiymatning asosiy shakli er
rentasi bo'lib qoldi, qolgani esa uning hosilalaridir. Yana butun jamiyat faqat er
yaratadigan «ish haqida o'tirgan» bo'lib chiqadi.
Yuqorida aytilganidek, A.Tyurgo nazariyotchi olim bo'lishdan tashqari
amaliyotchi chinovnik edi. U qirol Lyudovik XVI davrida moliya vaziri bo'lib ham
ishladi, o'zining bir qancha ilg'or g'oyalarini ilgari surishga intildi.
U birinchi bo'lib davlat moliyasini sog'lomlashtirishga harakat qildi, bu sohada
uzoq muddatli dastur tuzib chiqdi, unga ko'ra er egaligidan tushadigan
daromadlardan olingan soliqlar tizimi tugatilishi kerak edi. Umuman u sanoat va
savdodagi odil bo'lmagan soliqlarni tartibga solishga kirishdi. U byudjet
chiqimlarini cheklashga intildi, bundan saroy xodimlarining ortiqcha sarf-
harajatlarini keskin kamaytirish mo'ljallandi va bu sohada ma'lum yutuqlarga
erishildi.
A.Tyurgoning muhim muvaffaqiyatlaridan biri shuki, u don va unga erkin
savdoni kiritdi, bu sohadagi monopoliyaga chek qo'ydi. Bu ishlar nihoyatda og'ir
kechdi, chunki feodalizm ildizlari hali kuchli edi, bu kuchlar yangilikka tish-tirnogi
bilan qarshi turdi.
A.Tyurgo 1776 yilning 12 mayida (yilga e'tibor bering, shu yili A.Smitning
«Xalqlar boyligi» asari chop etildi) iste'foga chiqishga majbur bo'ldi. Eski tuzum
davom etdi, barcha ijobiy ishlar inkor etildi, demak, hali ularni amalga oshirish
uchun kerakli shart-sharoitlar mavjud emas edi. Nazariyot va amaliyot bir ekadan
bosh chiqara olmadi.
1778 yili A.Tyurgo amerikalik do'sti Franklinga atab o'zining so'nggi
iqtisodiy asari bo'lgan «Soliqlar to'g'risidagi esdaliklar»ini yozadi.
Olimning zamondoshi E.Kondilyak (1715-1780) tomonidan 1776 y
qimmatga oid sub'ektiv qarash ilgari surildi. Uning fikricha, qimmat bu buyumda
emas, balki unga biz berayotgan bahoga bog'liq. Bu baho esa bizning talab –
ehtiyojlarimizga bog'liq: baho ana shu talabga qarab yo ortadi yo pasayadi.
Narsalarning qimmati uning noyobligi bilan oshadi va mo'l ko'lligi bilan pasayadi.
Deyarli 100 yil avval aytilgan bu g'oya XIX asr 70-yillaridagiga marjinalistlar
tomonidan isbotlandi. Istisodchilar butun asr davomida qiymatning insonlar
hohishidan qat'iy nazar substansiyasi (ob'ektiv asosi) nimada degan savolga javob
izladilar. Bu kashfiyot tufayli fiziokratlarning savdo (almashuv) sohasida boylik
yaratilmaydi, chunki almashuvda teng qiymatlar almashadi degan g'oyalarini
chippakka chiqardi. Aksincha, bozorga unga kerakmas buyum bilan kelgan xaridor
o'ziga ko'proq foydali boylikni olib qaytadi, ya'ni kamroq nafli narsa o'rniga
ko'prog'i olib ketadi, deb ta'kidlaydi olim (bu fikrlar «Marjinalizm» bobida to'la
qaraladi). Shu yerda xalqimizning maqollarida ham shunday g'oyalar allaqachon
mavjudligini aytib o'tmoqchimiz. Masalan, «Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q»,
«Shakarning ozi shirin», «Bemaza qovunning urug'i ko'p bo'ladi» va boshqalar. Bu
g'oyalar to'g'riligini marjinalistlar isbotlab berdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |