Quddus Muhammadiy – bolalarning tabiatshunos shoiri
(1907-1997)
Quddus Muhammadiy 1907-yilda Toshkent shahrida mehnatkash dehqon oilasida dunyoga keladi. Bo`lajak shoirning otasi Muhammad Alibek Abdurahmonbekov ancha savodli kishi edi. Shu sababli u dastlabki ma’lumotni otasidan oldi. 1925-yilda otasi vafot etgach, Quddus Muhammadiy avval amakisinikida, so`ngra esa maktab-internatda tarbiya oladi. Internatda Quddus Muhammadiyning birinchi she’ri "Chuvalachi" maydonga keladi va bu yerda chiqadigan "Quyosh" nomli devoriy gazetada e’lon qilinadi. Shu ilk mashqlaridayoq bo`lajak shoirning nafosat olamini kuzatish va badiiy idrok etish talanti hamda umumlashtirish mahorati yaqqol ko`rinadi. U yetti yillik maktabni tamomlab, Toshkent qishloq xo`jalik texnikumiga o`qishga kiradi. Bu yerda u bolalar uchun she’rlar yoza boshlaydi. Uning "Tong o`yini", "Paranji", "Ahmad va asalari", "Seleksiya stansiyasi" nomli she’rlari vaqtli matbuotda bosilib chiqadi. 1931-yildan Quddus Muhammadiy maktabda botanika o`qituvchisi bo`lib ishlaydi, shu bilan birga, O`rta Osiyo davlat universitetining biologiya fakultetida o`qiy boshladi.
Quddus Muhammadiy ilk she’rlaridan biri orqali ulkan adib Oybek bilan tanishadi. Oybek bu iste’dodli bolalar shoirini hamisha qo`llab-quvvatlab, ijodiga g`amxo`rlik qilib kelgan. Bir kuni Yozuvchilar uyushmasida mushoira bo`ladi. Mushoiraga raislik qilayotgan Hamid Olimjon she’r o`qish navbatini Quddus Muhammadiyga beradi. U zavq bilan "Sa’va sayrarkan" she’rini o`qiydi. Bo`lajak shoirning ijodiy qobiliyatini payqagan Hamid Olimjon she’r tugashi bilan uni yoniga chaqirtiradi. Qachondan beri she’r yozishini, qayerda ishlashini surishtirib, she’r ma’qul tushganini aytadi. So`ng bolalar uchun she’rlarning kamligi haqida to`xtalib, mana shunday ajoyib she’rlarni ko`proq yozishni ta’kidlaydi.
Shoirning birinchi she’rlar to`plami 1946-yilda "O`quvchiga esdalik" nomi bilan bosilib chiqadi. Shundan keyin "She’r va ertaklar", "Sinov" (1947), "Orzu", "Bahor keldi" (1948), "Qirq o`g`il, qirq qiz" (1951), "Yangi uy" (1953), "Mehribon do`stlar" (1955), "Tanlangan asarlar" (1957), "Qanday bo`lmog`im kerak?" (1960), "Juda qiziq, juda chiroyli" (1961), "Ona-bola mehri" (1963), "Bola boshidan, o`g`lon yoshidan" (1964), "Dono boboning nevara-chevaralari" (1966), "Qanotli do`stlar" (1967), "Ochildasturxon" (1971), "Tabiat alifbesi" (1971), "Bog`larda bolalar" (1976), "Qanotli do`stlar" (1978), "Cho`pon bobo qo`shig`i" (1979), "Kitob-oftob qo`shig`i" (1985), "Men sizga bir hikmat aytayin" (1987) singari 60 dan ortiq she’r va ertaklar to`plamlari Quddus Muhammadiyni haqli ravishda bolalar she’riyatimizning sarvari, sarkori sifatida tanitdi. Bolalar adabiyotida o`ziga xos hodisa bo`lmish besh kitobdan iborat "Tabiat alifbesi" (1971-1980) esa tom ma’noda shoir ijodining gultoji hisoblanadi. Quddus Muhammadiyning she’riy to`plamlari, ertak-dostonlaridan tashqari, maktab darsliklariga kiritilgan asarlarining o`ziyoq, uning ommabop va hammabop she’rlar yozganidan dalolat beradi. Muhimi, ana shu ehtiros hali-hanuz so`ngani yo`q. Shoir she’rlari mustaqillik bolalari tomonidan ham birdek, sevib o`qilmoqda. Shunga yarasha ijodkor badiiy olamining talqini o`zining yangi qirralari bilan to`lishib bormoqda.
Q.Muhammadiy ijodiga xos bo`lgan muhim xususiyatlardan biri hozirjavoblikdir. Shoir asarlarida ona-Vatanga muhabbat, a’lo o`qish, xulq-odobda boshqalarga namuna bo`lishga da’vat etish, fan va texnikani o`rganish muammolari asosiy mavzulardan hisoblanadi.
Quddus Muhammadiy doimo zarur mavzularda asarlar yaratib keldi. Har bir she’rni kundalik hayotimizdan olib yozdi. Yozganda ham qiziq yozdi, qizg`in yozdi, soz yozdi. Bolalarni o`qishga, hunar o`rganishga, odobli bo`lishga, mehnatga chaqirdi, qiziqtirdi, yordam berdi. Buni shoirning "O`quvchiga esdalik" she’rida ko`rish mumkin. Asarda maktab o`quvchisining ma’naviy qiyofasi va vazifalariga mufassal to`xtalib, o`qish, bilim o`rganish zarurligini ta’kidlaydi:
Bo`lay desang bog`bon,
Yo Vatanga posbon.
Yo osmonda uchuvchi,
Do'stlaringiz bilan baham: |