Buni toping bolalar,
Aytib bermang, onalar!,–
satrlari bilan intiho topgan.
"Qo`ng`izoy bilan Sichqonboy" Quddus Muhammadiy ijodiyotidagi shoh asar bo`lib, 1940-yilda yozilgan va dastlab "Mushtum" jurnalida "Qo`ng`iz bikach bilan Sichqonvoy" nomi ostida bosilib chiqqan. Shoir uni yana qayta ishlov berib, takomillashtirib 1955-yilda hozirgi nomi bilan e’lon qildi. Shundan beri qayta-qayta nashr etilgan bu asar o`zbek bolalar epik poeziyasi taraqqiyotida o`ziga xos salmoqqa ega bo`lib, Hamid Olimjon, Mirtemir va Sulton Jo`ralar boshlab bergan she’riy ertaknavislik an’anasi hosilasi sifatida yuzaga kelgan.
Qo`ng`izoy va uning tarafdorlari bilan Sichqonboy va uning tarafdorlari o`rtasidagi o`zaro kurash lavhalari ertak sujeti asosini tashkil etadi. Qo`ng`izoy o`z muhabbati uchun har qancha kurashmasin, pul va zo`ravonlikni kasb qilib olgan Sichqonboyga tegishga majbur bo`ladi. Sichqonboyning o`z xotini va bolalari bor, lekin u Qo`ng`izoy visoliga yetish uchun hech narsadan qaytmaydi, hech narsani ayamaydi, xotinini qo`yib yuboradi, Qo`ng`izoyga sovchi ustiga sovchi yuborib, uni ham, ota-onasini ham holu joniga qo`ymaydi. Boshida o`zini "ombor mudiri, mudirlarning kuziri, tekin puli" oshganidan shoshilib, bosar-tusarini bilolmay "hamyonini xazonday socha boshladi". Bular bilan ham muddaosiga yetolmasligini payqagach esa Kallamushni sovchilikka yuborib, Qo`ng`izoyning otasiga po`pisa qilib, qizini bermasa, o`ldirajagini aytib, nihoyat murodiga yetadi. Shoir Sichqonboy o`tkazgan to`y lavhalarini yanada yorqinroq chizadi. To`yga oid rasm-rusumlar tasvirida Sichqonboy va uning safdoshlarining xatti-harakati, dabdabali to`y manzarasi real aks etadi:
Tekinxo`rlar kelishib,
Biri pazanda bo`pti,
Biri sozanda bo`pti,
Ola qarg`a karnaychi,
Qora qarg`a surnaychi.
Baqalar nog`orachi,
Go`ng pashsha hofiz, kuychi.
Beshiktervat o`yinchi,
Chigirtka chertar g`ijjak.
Sichqon olifta luchchak.
Chirildoq shovvoz naychi,
O`yin tushar ninachi.
O`rgimchak tor quribdi,
Qo`ng`izoy oh uribdi.
Bu tasvirda har bir qush, hasharot yoki hayvon o`z qiyofasi, harakati va ovozi bilan jonli gavdalantirilgan. Ularning barchasi to`y shavqidan sarmast, faqat Qo`ng`izoy diliga kulgi sig`maydi. Uning butun vujudini alam va norozilik qoplagan. Shoir bu holatni kelindan rozi-rizolik so`rash udumi orqali yanada bo`rttiradi. Qo`ng`izoyni har qancha zo`rlashmasin, tan mahramlikka rozi bo`lavermaydi, lekin qayta-qayta so`rovlardan keyin uning yangasi Qo`ng`izoy qiz tilidan "ha" deb yuboradi. Nihoyat qizni Sichqonboy uyiga etgan zahoti, yo`lak tomonda:
Qo`shni bo`lak tomondan.
Yig`lagan ovoz kepti,
Bekilmagan eshikdan,
Chiqibdi sichqon bekach.
Kavak uyda qon bekach,
Sichqonboyning xotini.
Bir vaqt sevgan otini.
Ya’ni jufti yo`ldoshi,
Qo`ng`izoyning kundoshi.
Ortida sichqonchalar,
Tiriklay yetimchalar.
Tizilishib ketma-ket,
dadalashib, chiyillab kela boshlaydilar. Sichqonboy qancha g`azablanmasin, Qo`ng`izoyning dili ham shu qadar og`riqqa to`lib ketibdi. Bular ham yetmaganday, "Sichqon o`lsin, xotinboz" chiqib qoldi. U "Qancha xotinni qo`ydi, ko`plarni ko`zin o`ydi". Ustiga ustak yana "Ichib keladi kunda, ba’zida yarim tunda" janjal, mashmasha ko`targani-ko`targan. "Erkak xotinga podshoh deya" Qo`ng`izoyni yulqib uradi. Xotiniga Chumchuq bilan yuribsan, – deb tuhmat qilishdan ham tap tortmaydi. Holbuki, Qo`ng`izoyning qo`li uy ishlaridan bo`shamasdi: "Kasov edi qo`llari, Supurgi sumbullari". Dard ustiga chipqon deganlaridek, qaynonasi ham chayonday unga nashtar sanchgani-sanchgan edi. Bunday og`ir vaziyatdan to`ygan Qo`ng`izoy bir kuni qochib onasinikiga keladi. Sichqonboy uning izidan kelib, yana zo`ravonlik bilan uyga olib keladi. Endi uni avvalgidan battar xo`rlay boshlaydi. Shunda uning eski do`stlari kapalak-u ninachilar joniga oro kirib:
Qo`rqma sichqon do`qidan,
So`yloq tishi o`qidan.
Sen uchun biz parvona,
Emasmiz-ku begona.
Sichqonlar ko`zini och!
Dugona, o`rmonga qoch!– deya maslahat beradilar. Qo`ng`izoy shu maslahatga amal qilib, oysiz qorong`u tunda o`rmonga qarab qochadi. Uni o`rmondagi dov-daraxtlar-u gullar, sayroqi qushlar kapalak va ninachilar xursand kutib olishadi. Shunda u tinmay ishlaydi va o`ziga mos mehnatkash asalari bilan topishib oladi. Endi ularning to`yi eskicha udumlarsiz, o`zlari xohlaganlaricha zavqu surur bilan bo`lib o`tadi. "To`yga yurak to`yboshi" bo`ladi. Bu oddiy bir to`y bo`lib, unga barcha o`rmonliklar keladi:
Kelishdi juft-juft bo`lib,
Ketma-ket to`p-to`p bo`lib.
Sa’va, bulbul, to`rg`aygacha,
Qolmadi chittakkacha.
Bo`ldi ajoyib bazm,
O`yin, askiya, hazil.
Qushlar sayrar – orkestr,
Laylak –drijor master.
Kapalaklar o`yinchi,
Raqsga tushar ninachi.
Ayiqlar masxaraboz,
Maymunlar o`ynar dorboz.
Bolarilar xizmatda,
Qo`ng`izoyim izzatda.
Shoir to`y manzarasini butun borlig`i bilan harakatda ko`rsata olgan. Shu zavqu quvonch Qo`ng`izoyning baxtli turmushi dalolatiga aylangan.
Ertak oxirida Sichqonboy o`g`rilikka kirib, mushuk qo`liga tushgani xabar qilinarkan, qissadan hissa tarzida "Har kim ekkanini o`rar", degan xulosa o`rtaga tashlanadi. Asar uchun tanlangan voqelik, konflikt va g`oya kattalar hayotiga to`g`ri kelsa-da, ammo u allegorik obrazlar vositasida shartlilik asosida ifodalanganligi natijasida bolalarbop mohiyat kasb etgan. Muhimi, asar yaratilganiga qariyb bir asr bo`layotgan esada, undagi tabiat manzaralari va personajlar tasviridagi mutanosiblik, tanlangan sujetning qiziqarliligi, muammoning hayotiyligi diqqatga sazovor va shu sababli u yosh kitobxonlar tomonidan hamon sevib o`qilayotgani oydinlashadi.
Shunday qilib, Quddus Muhammadiy o`zbek bolalar she’riyatini tom ma’noda yangi mavzular va g`oyalar, yangi badiiy shakllar va obrazlar, yangi tasviriy vositalar va uslublar bilan boyitdi; navqiron naslning orzu-armonlari, o`yin, o`qish va yashashdagi zafarlari, iztirob va quvonchlari, orzu va umidlarini, odam va olamga munosabatlarini turfa jilolarda kuylab, o`z yurtida va uning sarhadlaridan tashqarida ham tanildi. Uning asarlari yigirmadan ziyod tillarga tarjima qilinib, S.Marshak, A.Barto, S.Mixalkov singari bolalar shoirlari e’tiborini qozondi.
Shoir ijodining nozikta’b tadqiqotchilaridan biri, akademik M.Qo`shjonov fikricha: "U nima to`g`risida asar yaratmasin, nima haqida gapirmasin, doim o`sha narsadan inson hayoti nuqtayi nazaridan ma’no izlaydi. Shoir shu ma’noni topadi ham. Bu oddiy bir ma’no emas, balki bolalarning hayotdan oladigan birinchi taassurotlarini izohlaydigan, uning dunyoqarashi shakllanishiga xizmat qiladigan ma’no".
Bolalar she’riyatimizning tom ma’nodagi sarbonlaridan biri bo`lmish Quddus Muhammadiyning sodda-beg`uborligi she`rlarida mangulikka ko`chgan bo`lsa, qalbi she’rlarida qodi.
Do'stlaringiz bilan baham: |