Anglash bosqichining ahamiyati. Anglash fazasida yangi axborot da’vat fazasida faollashtirilgan axborot bilan bog‘lanadi.
Bu bosqichning asosiy vazifasi, birinchidan, chaqiriq bosqichida yaratilgan qiziqish va harakatlanish inersiyasini, faollikni qo‘llab-qo‘vvatlashdan iborat. Ikkinchi muhim vazifasi o‘quvchilarda o‘z tushunishini kuzatishga doir intilishlarini qo‘llashdan iboratdir Sub’ektning ichki jarayonlari va holatlarini o‘zi tomonidan bilib borishi refleksiya (ba’zan meta-bilish) deb ataladi.
Refleksiya (lotincha reflexio- orqaga qaytish) falsafiy tushuncha bo‘lib, u individ ongida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida o‘zining mulohaza yuritishini anglatadi. Refleksiya- bu sub’ektning faqatgina o‘zini-o‘zi tushunishi bo‘libgina qolmay, balki u “refleksiyalanuvchi”ni, uning shaxkiy xususiyatlari, ta’sirga javob berishining ifodalanganligi va bilishga oid tasavvurlarning oydinlashtirilishi va boshqalar tomonidan tushunilishini ham anglatadi.
Fazaning eng muhim vazifasi esa, yangi o‘quv materialining tushunilishiga erishishdan iboratdir. Faol o‘quvchilar xabarni eshitib, odatda savol beradilar yoki tushunmaganlarini keyinchalik aniqlash uchun yozib qo‘yadilar. Sust o‘quvchilar esa bunday qilmaydilar, ular vujudga kelgan chalkashliklar, anglashilmovchiliklar haqida yoki nimanidir tushunmay qolganlarini o‘ylab ham ko‘rmaydilar.
O‘quvchilar o‘z tushunishlarini kuzatganda, yangi axborotni o‘zlaridagi tasavvurlar bilan solishtiradilar, ongli ravishda yangilarni avval ma’lum bo‘lganlari bilan bog‘laydilar. Ular yangi tushunishni yaratish uchun eski va yangi bilimlar orasida “ko‘prik”lar quradilar.
Fikrlash (mulohaza qilish) bosqichining ahamiyati. Bu fazada bilimlar mustahkamlanadi va o‘rganilayotgan masala bo‘yicha oldingi fazalarga nisbatan boshqacha (to‘laroq) tasavvur shakllanadi va “o‘qiganlik”ning ortishiga olib keladi. O‘quvchi o‘z o‘quv maqsadiga erishgandagina bunday o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, bu fazada o‘quvchini o‘qiganlikning pastroq darajasidan uning yuqoriroq darajasiga o‘tkazish sodir bo‘ladi. Bu o‘quvchining yangi g‘oya va axborotlarni o‘z so‘zi bilan ifodalay olishida aks etadi. O‘quvchilar o‘zlariga ko‘proq yoqqan narsani yaxshiroq eslab qoladilar.
Fikrlash bosqichida bir nechta muhim maqsadlarga erishish rejalashtiriladi. Birinchi navbatda, o‘kuvchilar yangi fikr va axborotlarni o‘z so‘zlari bilan ifodalashga harakat qilib ko‘rishlari kerak. Agar sizga eslab qolish kerak bo‘lsa – unutasiz. Agar sizga tushunish kerak bo‘lsa – eslab qolasiz. (“Tushunish yodlashdan yaxshiroq va afzaldir” Abu Rayhon Beruniy “Osor al-boqiya” asaridan).
Ta’lim natijalarining qancha uzoq muddatga saqlanishi hamda tushunish darajasi turli odamlarda har xildir. Tushunganlarni o‘z so‘zlari bilan ifodalab, qayta tuzganda shaxsiy anglangan kontekst yuzaga keladi.
Fikrlash bosqichining ikkinchi maqsadi o‘quvchilar o‘rtasida fikrlar bilan jonli almashuv hisoblanadi, bu ularga o‘z so‘z boyligini kengaytirishga hamda boshqa o‘quvchilarning tasavvurlari bilan tanishishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |