Tepaqul 5 makoni. Tepaqulsoy chap yon qayirida joylashgan bo‘lib, Samarqand Davlat Universiteti arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan 1979 yilgi arxeologik qidiruv ishlari jarayonida kashf etilgan. Makonda sistemali ravishda qazishma ishlari o‘tkazilmagan, lekin 1992 va 1999 yillarda vertikal va gorizontal holatda transhey uslubida qazib ko‘rilishi jarayonida qiziqarli arxeologik manbalar qo‘lga kiritilgan. Tosh buyumlar kolleksiyasi tipologik tahlili, ularni sazog‘on jamoalari qurollariga o‘xshash ekanligini ko‘rsatdi.
O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida so‘ngi yillarda sistemali ravishda amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida mazkur mintaqa ibtidoiy jamoalari makonlari faqatgina yirik soylar yon qayirlari bilan bog‘liq bo‘lib qolmasdan shu soylar yon daralarida mavjud bo‘lgan g‘or, ungirlar ham ibtidoiy odamzod uchun makon bo‘lganliklari ma’lum bo‘ldi.
Lolab g‘or makoni. Samarqand Davlat Universiteti arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan 1979 yili Sazog‘onsoy yon daralari bo‘yicha dala arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirish jarayonida kashf etilgan. Makon Olmabuloq paleolit makonidan soy bo‘ylab 350-400 metrlar chamasi yuqorida, soy o‘zani sathidan esa taxminan 40-60 metrlar chamasi balandlikda daradaning yon bag‘rida joylashgan. G‘orning og‘iz qismi janubiy-g‘arbga, ya’ni quyosh nuri tushadigan tomonga qaragan bo‘lib, hozirgi kunda ko‘rinishi qisman ko‘milib qolgan holatidadir.. Uning o‘lchamlari quyidagicha: og‘iz qismi balandligi 1,2 metr, eni esa 1,3 metr bo‘lib, ichki qismi kengayib borib balandligi 3 metr, kengligi esa 3,5 metrga etadi. G‘or tubi tomon uzunligi 9 metrni tashkil etadi va uning pastki qismi tuproqli qatlamdan iborat. Makon kashf etilgan yili dastlabki qidiruv shurfi qazilib, ibtidoiy madaniyat izlari topilgan. Keyingi tadqiqot ishlari esa 2001 yili davom ettirilib, bu safar g‘or ichki qismida qidiruv shurfi qazib ko‘rilgan. Uning yuqori gorizontlaridan tarixiy taraqqiyot so‘ngi davrlariga oid sopol buyum parchalari, hayvon suyagi qoldiqlari, pastki gorizontallardan esa tosh buyumlar, hamda neolit sopoli parchalari topilgan. G‘or makoni o‘z joylashish holati, hamda boshqa jihatlari bilan ibtidoiy odamzod yashashi uchun barcha qulayliklarga ega. Hattoki, g‘or joylashgan daraning pastki qismida, ya’ni soy sathi yaqinida qator buloqlar hozir ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Tosh buyumlar tipologik tahlili makon moddiy madaniyati neolit jamoalariga qarashli ekanligini ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |