Natural xo’jalik. Bu umuminsoniy taraqqiyotda tarixan birinchi, eng uzoq davom etgan xo’jalik yuritish bo’lib, ishlab chiqarishning industrial bosqichiga o’tilgandan keyin o’z hukmron mavqeini yo’qotadi.
Xo’jalik yuritishning tovar shakli esa iqtisodiyotning rivojlangan bosqichiga xos.
Har ikki xo’jalik yuritish shakli bir-biridan tubdan farq qiladi;
— birinchisi «yopiq» xo’jalik bo’lsa, ikkinchisi «ochiq»;
— ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanish darajasi birida past, mehnat universal
xarakterga ega bo’lsa, ikkinchisida yuqori;
— ijtimoiy mahsulot shakli ham farq qiladi, birida natural, ikkinchisida tovar;
— ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchi o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar farqi ham katta.Iqtisodiyotdagi nima, qancha, kim uchun kabi masalalar natural xo’jalikda oson echiladi. Natural xo’jalikda mahsulot ishlab chiqaruvchilarning maqsadi o’z ehtiyojlarini qondirish. Shuning uchun ham ishlab chiqarish xo’jalik ehtiyojlaridan kelib chiqib olib boriladi.Natural xo’jalik tashkiliy-iqtisodiy jihatdan alohida xo’jaliklardan tarkib topgan. Natural xo’jalik erga mulkchilik munosabatlariga tayanadi. Erning bosh mulk egasi sifatida davlat qo’lida to’planishi davlat hukmronligi bilan mulkchilikning bir-biriga chatishib ketishiga olib
keldi. Shu sababli odamlar o’rtasidagi munosabatlar ham to’g’ridan-to’g’ri yuz beradi. Natural xo’jalikning ana shu xususiyatlari uning konservativligi, barqarorligi, turg’unligi, sustkashligiga asosiy sabab bo’ldi. Aynan ana shular qishloq xo’jaligida dehqon jamoalarining erga bo’lgan jamoa mulki asosida minglab yillar saqlanib qolishiga sabab bo’ldi. Natural xo’jalikda ishlab chiqarish hajm jihatidan ham, sifat jihatidan ham cheklangan. Maqsad deyarli doimo bir xil va bir zayldagi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgani sababli ijtimoiy xo’jalikning rivojlanish
sur’atlari ham past bo’lgan.
Natural xo’jalik alohida xo’jalik birliklaridan (oila — jamoa, pomeste —
pomeshchiklarning er mulki) iborat bo’lib, har biri o’zining ishlab chiqarish resurslariga ega, o’zini o’zi ta’minlaydigan yopiq tizim.
Hamma ishlab chiqarish turlari xo’jalikning o’zida bajariladi. Resurslar topishdan
boshlab, tayyor mahsulotni iste’mol qilishgacha xo’jalik doirasida yuz beradi.
Natural xo’jalikka universal qo’l mehnati xos. Har bir kishi hamma asosiy ishlarni o’zi bajaradi. Uning moddiy asosi eng oddiy mehnat qurollari (omoch, xaskash, bolta va hokazolar) bo’lib, mehnat unumi g’oyat past.
Natural xo’jalikka to’g’ridan-to’g’ri aloqalar xos bo’lib, u ishlab chiqarish — taqsimot — iste’mol tarzida yuz beradi. Yaratilgan mahsulot ayirboshlashni chetlab, shaxsiy hamda ishlab chiqarish iste’moliga ketadi. Bunday to’g’ridan-to’g’ri aloqa natural xo’jalikning barqarorligini ta’minlaydi.
Shuning uchun ham qadimgi ko’pgina allomalar, jumladan Aris-totel ham natural xo’jalik tarafdori bo’lib, pulni barcha yomonlik, yovuzliklarning asosi deb hisoblagan.
Natural xo’jalik jamiyat yuritishning tarixiy birinchi tipi bo’lib, u ibtidoiy jamoa tuzumi davrida ishlab chiqarishning chorvachilik bilan dehqonchilik tarmoqlariga ajralish davrida vujudga kelgan, deb taxmin qilinadi. Nisbatan sof holda natural xo’jalik ibtidoiy tuzum davrida, hali ijtimoiy mehnat taqsimoti yuz bermagan davrda amal qilgan. Iqtisodiyotda natural xo’jalik noiqtisodiy, ya’ni shaxsiy qaramlik, tobelik hukm surgan tuzumda hukmron bo’lgan, u quldorlik hukm surgan davlatlarda hamda hukmron feudal iqtisodiyotining muhim xususiyatlaridan bo’lgan.
Hozirgi paytda natural xo’jalik rivojlanayotgan mamlakatlarda mavjud bo’lib, yarim
natural ishlab chiqarishda aholining 50—60%i band.
Iqtisodiy adabiyotlarda natural xo’jalik odatda traditsion —an’anaviy iqtisodiyot deb
yuritiladi. Bu ko’p jihatdan uni xarakterlab beradi; a) o’z iste’moli uchun ishlab chiqarishning hukmronligi, b) texnika taraqqiyotining keskin cheklanishi, v) sotsial-iqtisodiy munosabatlarning turg’unligi, g) hayot tarzining o’zgarmasligi, qoloqligi, orqada qolishi.
Xo’jalik yuritish «yopiq» tizimning shunday xususiyatiki, u mik-roiqtisodiyot darajasida ishlab chiqarishni naturalashtirish hozirgi zamonda sanoat va qishloq xo’jaligi korxonalari, xo’jalik uyushmalari, regionlari doirasida yuz berishi mumkin. Mamlakatda tovar xo’jaligi mavjud bo’lishiga qaramay, har bir xo’jalik zarur narsalar bilan o’zini o’zi ta’minlashga harakat qiladi.
Makroiqtisodiy miqyosda ham shunday tendentsiya yuz berishi mumkin. Davlatning
bunday xo’jalik yuritish siyosati avtarkiya deb ataladi. Avtarkiya — bu bir mamlakatning yopiq, ustun darajada o’z ehtiyojini o’zi qondiradigan xo’jalik yuritish tizimidir. Buning natijasida boshqa mamlakatlar bilan bo’lgan aloqalar uziladi. Avtarkiyaga intilish mamlakat yuqori boj soliqlari orqali chetdan keladigan
tovarlarni cheklashda ham namoyon bo’ladi. Bunday holatning, albatta har bir mamlakat uchun o’z sabablari hamda maqsadi bor.
Shunday qilib, natural xo’jalik industrial bosqichga qadar hukmron xo’jalik yuritish
shakli bo’lib, industrial bosqichga o’tilgach o’z mavqeini yo’qotdi. Uning o’rnini tovar xo’jaligi egalladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |