Sudya bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi sud hujjatlaridan birini qabul qiladi:
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash;
qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risidagi qaror;
sud sanatsiyasini, tashqi boshqaruvni joriy etish va uning muddatini uzaytirish;
bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish;
qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani ko‘rmasdan qoldirish;
kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi ajrim.
|
Ishni ko‘rishga tayyorlash sudya tomonidan yakka tartibda va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga xabar bermasdan amalga oshiriladi. Ishni ko‘rishga tayyorlashdan keyingi bosqich, bu arizachi yoki kreditorlarning talablariga nisbatan qarzdor tomonidan keltirilgan vajlarni tekshirishdir. Umumiy asoslarda ishni ko‘rishga tayyorlashda vajlarning asoslantirilganligi sud tomonidan bevosita nizo ko‘rilayotgan paytda tekshirilsa, bankrotlik ishlarida vajlarning asoslantirilganligi ishni mazmunan ko‘rib hal qilishdan oldin tekshiriladi. Qarzdorning vajlarini tekshirish bo‘yicha alohida ajrim chiqarilish-chiqarilmasligi haqida qonunda alohida norma belgilanmagan, shuning uchun bu haqda qarzdor yoki kreditorlarni xabardor qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Qarzdor vajlarining asosliligini tekshirish natijalari tegishli kreditorlar yig‘ilishida ovozlar sonini aniqlashga asos bo‘lishi mumkinligi uchun, sud bu vajlarni mazkur majlisning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgunga qadar tekshirishi lozim, chunki “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq kreditorlarning birinchi yig‘ilishi ishni sudda mazmunan ko‘rib hal qilinishidan oldin o‘tkazilishi kerak. Qarzdorning vajlarini tekshirish natijasida yuzasidan sud tomonidan ajrim chiqariladi, uning ustidan shikoyat keltirilishi mumkin emas, chunki bu haqida XPK va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘rsatib o‘tilmagan.
Bundan tashqari, qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash uchun va ishni ko‘rishga tayyorlashda, ishni ko‘rishda maxsus bilimlarni talab qiladigan savollarni tushuntirib berish uchun iqtisodiy sud ekspertiza tayinlaydi. Ekspertiza nafaqat ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosiga ko‘ra, balki iqtisodiy sudning topshirig‘iga asosan ham tayinlanishi mumkin, chunki bu xo‘jalik protsessual huquqi normalariga zid emas.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish umumiy tartibda ko‘rilganda qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. Alohida hollardagina ishni ko‘rish ikki oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Sudya qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani o‘z ish yurituviga qabul qilayotgan vaqtda kuzatuvni joriy etish va muvaqqat boshqaruvchini tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |