Xurramova Dilso’z Baxtiyor qizi
TerDUPI “Pedagogika” kafedrasi o’qituvchisi
(90)-294-14-51 XurramovaD1007@gmail.com
Moziyga qarab ish ko’rmak xayrlidir.
Abdulla Qodiriy
Annotatsiya: ushbu maqolada “O’tgan kunlar” romanida milliy xususiyatimizning qanchalik namoyon bo’lganligi va uning o’quvchi-yoshlarga ta’siri haqida fikr yuritiladi.
Kalit so’zlar: milliy xususiyat, urf-odat, burch, an’ana, qadriyat, tarbiya, milliy ong, ota-ona va farzand munosabati tushunchasi.
Milliy xususiyat nima? U qay tarzda va qachon namoyon bo’ladi? Har bir xalqning o’z urf –odat va an’analari mavjud. O’zbek millatiga mos milliy xususiyatlarga esa insonlarning yuz-qiyofasi, kiyinishi, mehmon kutish odobi, salomlashish, to’ylardagi urf-odatlar, qo’shnichilik urf-odatlari, uy qurishdagi o’ziga xoslik, uy hayvonlarini boqish, milliy taomlarimiz, sumalak sayli, keksalarga hurmat, hattoki hovlimizga manzarali emas mevali daraxtlarni ko’proq ekishimiz ham milliy xususiyatimizning namoyishidir. “O’tgan kunlar” romanida ham milliy xususiyat Otabek va Kumushning o’zaro munosabatlarida hamda ota-onalari bilan muomalasida yaqqol namoyon bo’ladi.
O’zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy “O’tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari orqali o’zbek adabiyotiga ulkan qadamni qo’ydi desak adashmagan bo’lamiz. Adibning badiiy so’zida tabiiylik va betakror joziba bo’lganligi sababli asar necha marta o’qilsa ham, qayta mutolaaga ehtiyoj sezilaveradi. Roman o’quvchini zeriktirmaydi. Qayta o’qish jarayonida asarning yangidan-yangi qirralari ochilaveradi. Bu hol, tabiiyki, adibning obraz yaratish mahoratiga, inson qalbini chuqur anglashiga dahldor hodisadir. Zero, ko’rkam adabiyotdek san’at daryosida badiiy til muhim sanaladi.
“O’tgan kunlar” romanida o’sha zamon hayoti, milliy xususiyat va pok muhabbat yorqin ranglarda tasvirlab berilgan. Uning bosh qahramoni Otabek haqiqiy o’zbek yigiti. Uning mard va jasurligi va insoniy fazilatlari kitobxonni o’ziga tortmay qo’ymaydi. Kumush o’zbek ayolining yorqin timsoli. uning ibo-hayosi va kamtarinligi ayniqsa ota-onasiga va sevikli yoriga bo’lgan e’tiqodi milliy xususiyatning yaqqol namoyishidir.
Kumushbibi Otabekni bir ko’rib qanchalar sevib qolgan bo’lmasin na ota onasiga va na biror kishiga aytmaydi. Uni Otabekka uzatishganda ham kimga tegayotganini bilmay turib rozi bo’ladi va kutilmagan baxtga erishadi. Adib o’zbekona hayo va tarbiyani Kumushbibi timsolida mahorat bilan gavdalantirgan.
Otabek Kumush ishqida qanchalar yonmasin ota-onasining rayiga qarshi chiqolmaydi:
__ O’g’lim, hali san eshitdingmi, yo’qmi haytovur biz saning ustingdan bir ish qilib qo’ydiq…
__ Aqlliq kishilarning o’g’ullari ustidan qilg’an ishlari albatta noma’qul bo’lmas[1].
O’zbek oilalariga xos xususiyat ota-bola suhbatida yaqqol ko’zga tashlanadi. Yozuvchi asarni yozish chog’ida o’zbekonalikka, milliylikka juda kata e’tibor bergan. Inson yaralibdiki ta’lim-tarbiyaga muhtojlik sezadi. Bizning bobolarimiz esa qadim-qadimdan bu ikki atamani bir-biriga bog’lab yoshlarga o’rgatganlar. Necha ming yillardan buyon xalq og’zaki ijodi (maqol, doston, terma, latifa va boshq.) namunalari, zardushtiylik dinining muqaddas kitobi hisoblangan “AVESTO”, buyuk bobokalonlarimizning durdona asarlari milliy o’yinlarimiz, milliy liboslarimiz, kelin salomlar-u yor-yorlarda va hattoki Hadisi sharifda ham milliy xususiyatlarimiz o’z aksini topgan. Biz esa ulardan foydalanib yosh avlodga ta’lim-tarbiya beramiz. Oila va maktabda o’quvchilar ongiga milliy xususiyatlarimizni singdirishning asosiy negizi ilm-ma’rifat namoyondalari bo’lmish buyuk allomalarinimizni boy ma’naviy merosini singdirish orqali ularni tarbiyalashdir. Jumladan, Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Eng katta boylik-bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros-bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik-bu bilimsizlikdir! Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o’zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo’lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.”[2]
Binobarin ushbu asarda ham qahramonlar talqinida milliy ong, milliy tushuncha va milliy tarbiya ota- ona va farzand o’rtasida ustamonlik bilan yoritib berilgan. Asar qahramonlarining kiyinishlari, xarakterlarida o’zbekonalik ufurib turadi. “O’tgan Kunlar” ni o’qigan har qanday boshqa millat kitobxoni bizning milliy xususiyatimizni o’rganishi qiyin emas.
“O’tgan kunlar” hayoliy va hayotiy omillar uyg’unligida maydonga kelgan ulkan bir ma’naviyat qasriki, uning ichkarisiga kirgan odam insoniyat abadiyatiga dahldir tushunchalarning badiiy talqiniga, eng nafis his tuyg’ularning betakror tasviriga, o’zaro chambarchas bog’langan ijtimoiy va individual holatlar zanjiriga duch keladi. Asarda aks etgan voqea hodisalarda milliy ong, ota onaga bo’lgan e’tiqod, ayniqsa, Otabek talqinida mahorat bilan aks ettiriladi.
Xulosa qilib aytganda, biz zamon bilan hamnafas o’sib ulg’ayayotgan yoshlarimizni turli yomon ta’sirlardan asrash uchun o’zbekona milliy ruhda va milliy xususiyatlarimizga yo’g’rilgan holda tarbiyalashimiz lozim. Bunda esa milliy ruhda yaratilgan asarlarning o’rni beqiyos. Yoshlarni bo’sh vaqtini kitob mutolaasiga bag’ishlasak to’g’ri qadam tashlagan bo’lamiz. Bu borada yurtboshimiz yoshlarni bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida muhim “Besh tashabbus” ishlab chiqqanlar. Har bir ota-ona va o’qituvchi qabul qilinayotgan qaror va konsepsiyalarga tayanib vijdonan va mas’uliyat bilan yondashib ish ko’radigan bo’lsak, yosh avlod tarixini, qadriyat, urf-odat va an’analarimizdan xabardor bo’lib shu ruhda kamol topadi va komil inson bo’lib yetishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |