Rejalashtirilgan tadbirga tayyorgarlik ko’rishda amal qilish lozim
bo’lgan aniq tashkiliy qismi va bosqichlar
1. O’quvchilar bilan tadbirning xarakter va mazmuni, o’tkazish joyi va vaqtini muhokama qilish.
2. Kerakli materiallarni tanlash, dastur tuzish va o’quvchilarga rollarni bo’lib berish, musiqali badiiy jihozlanishi uchun javob beruvchilarni, tadbir o’tkazish joyini tanlash, vaqtini belgilash.
3. E’lon yozish.
4. O’yin, konkurslarning yakun qilish shartlarini va hay’at a’zolarini tasdiqlash.
5. Devoriy gazetalarni chiqarish.
6. Ssenariy materiallari bilan ishlash.
Fanlar bo’yicha o’quvchi tarbiyaviy jarayonning samaradorligini oshirish yo’llaridan biri sinfdan va maktabdan tashqari ishlarning yagona tizimini tashkil qilish. Dasturdagi har qanday mavzuni o’rganishni sinfdan tashqari ishlarda davom etdirish mumkin. Sinfdan tashqari mashg’ulotlar o’tilgan materiallarni to’ldirib, umumlashtirib o’quvchilarga fanni o’rgatishning natijalarini shakllanishiga yordam beradi.
Ertalik va kechalar:
1. Yangi yilni nishonlash haqida ( Vatan tarixi, O’zbekiston xalqining erishgan muvaffaqiyatlari va tabiatni asrash bo’yicha epizodlar o’rin olishi kerak).
2. Navro`z bayrami (xalq qo’shiqlaridan ijro qilish, Dehqonbobo, Boychechak, Quyoshjon kabi obrazlar asosida turli sahna ko’rinishlarini tayyorlash)
3. O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni va O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Bayrog’i, Madhiyasi qabul qilingan kunlarga bag’ishlab tadbirlar o’tkazish. (Ko’rik tanlovlar shaklida bo’lishi mumkin)
Bu tadbirlarni o’tkazishda tadbirlar zali, maktab hovlisi yoki sinfxona bayramona bezatiladi, devoriy gazetalar chiqariladi, ijodkor o’quvchilar tomonidan yasalgan turli ko’rgazmalar (maketlar, o’z ijodi bo’yicha she’riy to’plam, rasmlar majmuasi va hokozo) na’munalari ham qo’yiladi.
Har bir ertalik, kechalar va tadbirlarning dasturlari (ssenareylari) tayyorlanib so’ngra o’tkaziladi.
Buyuk allomalar, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy- ma’rifiy sohalarda yuksak marralarga erishgan atoqli kishilarga bag’ishlangan kecha (uchrashuv)ning namunaviy dasturi.
1. Kirish so’zi
2. Mashhur (adib, yozuvchi, shoir) insonning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot (yuqori sinf o’quvchilari ishtironida o’tkazladi)
3. Allomaning ijodidan parchalar (o’quvchilar uchun matnlar tanlanadi).
4. Allomaning asarlaridan va o’quvchilar referatlari, bukletlari, albomlaridan namunalar ko’rgazmasi tashkil qilinadi.
5. Allomalar ijodi asosida qo’shiq va sahna ko’rinishlari tayyorlanadi.
Bayram va kechalarning mavzulari:
1. "Quvnoq qish qo’shiqlari " (Yangi yil bayrami)
2. "Ona Vatan posbonlari " (Vatan himoyachilari kuni)
3. Xalqaro xotin - qizlar kuni ("Onalarni e’zozlaylik" , asosan o’g’il bolalar tomonidan tayyorlanadi).
4. Navro’z - milliy bayramimiz (Barcha til to’garaklari hamkorlikda)
5. " Har doim bo’lsin kuyosh" (Halqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag’ishlanib, o’qish yilining oxirida may oyida o’tkazladi)
6. "Vatan yagonadir -Vatan bittadir" Mustaqillik kuni
She’riyat mulkining sultoni, o’zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy tavaludiga bag’ishlangan “Yosh navoiyshunoslar”deb nomlanuvchi bilimdanlar bahsi
SSENARIYSI
Tadbirni o’tkazish joyi: Maktab tadbirlar zali
Tadbirni o’tkazish vaqti: ---------
Taklif etiluvchilar: Maktab ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, maktab yetakchisi, mehnat faxriylari, mahalla faollari, “Eng namunali oila” vakillari, mahalliy ijodkorlar.
Sahna bezagi: Sahna to’rida Alisher Navoiyning siymosi aks ettirilgan surat va plakat. Plakatda quyidagi yozuv aks etgan bo’ladi:
Agar bu ulug’ zotni avliyo desak,u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkitri, shoir desak, shoirlarning sultonidir.
Islom Karimov
O’quvchilar tartib bilan saf tortishadi. Musiqa fonida Alisher Navoiyning “Keldimu” g’azali bilan kuylanadigan qo’shiq yangraydi. Mikrofon oldiga milliy libosdagi o’g’il va qiz (tadbirni olib boruvchilar) chiqib kelishadi:
1-boshlovchi:
Assalomu alaykum! Aziz mehmonlar,
Otalar-u onalar- qalbi daryo, ummonlar.
Assalom ustozlar, siz mehribonlar,
Assalom sizlarga ey mehribonlar.
2- boshlovchi: Hazrat Alisher Navoiy ustozlar to’g’risida shunday demishlar:
Haq yo’linda kim sanga bir harf o’qitmish ranj ila,
Aylamak bo’lmas oning haqqin ado ming ganj ila.
Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ustozimiz _____ ma’ruzasini tinglaymiz .
boshlovchi:
Aaziz mehmonlar, hurmatli ustozlar. She’riyat mulkining sultoni, o’zbek adabiy tilining asoschisi, ulug’ bobomiz Alisher Navoiy tavaludi munosabati bilan tashkil etil bugungi “Yosh navoiyshunoslar”deb nomlangan tadbirimiz davom etadi. Darhaqiqat, bu buyuk zotning bizga qoldirgan ma’naviy merosi ummon kabi bepoyon va cheksizdir.
Kecha kelgumdir debon, ul sarvi gulro’ kelmadi,
Ko’zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqtimu, chektim yo’lida intizor
Keldi jon og’zimg’a-u, ul sho’xi badxu kelmadi.
2- boshlovchi:
O’zbek xalqining ulug’ shoiri Alisher Navoiy 1441 yilning 9- fevralida Hirot shahrida tavallud topgan. Yosh Alisher o’tkir zehnli, boodob va zukko bo’lgan va adabiyotga, she’riyatga ko’ngil qo’ygan edi.U ulg’aya boshlagan sari musiqa ilmini, husnixat va rassomchilikni, fors va arab tillarini, tarix va tilshunoslikni, tabiatga oid ilmlarni o’rganishga astoyidil kirishdi. «Navoiy» taxallusi bilan she’rlar yoza boshladi.
1-boshlovchi: Jondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz.
Sondin seni ko’p sevarmen ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortiq bo’lmas,
Ondin seni ko’p sevarmen ey umri aziz.
Bugungi tadbirimizda 8 “A” sinfining “Ash’or” guruhi va 8 “B” sinfining “Navo” guruhi o’zaro bellashadilar. Biz bu uruhlarga omad tilagan holda musobaqa shartlarini e’lon qilamiz. Demak diqqat bilan tinglang:
1-shart: Komandalar tanishuvi. Shartning ijrosi 10 ballgacha baholanadi.
Ushbu shartga muvofiq har bir guruh a’zolari 5 daqiqa mobaynida shu kungacha erishgan yutuqlari, o’z shiorlari va maqsadlari kabi ma’lumotlarni beradilar. Guruhni tanishtirish she’riy, qo’shiq tarzida, badiiy ko`rinish yoki elektron lavha tarzida bo’lishi mumkin. Ushbu shartda notiqlik ham alohida e’tiborga olinadi
2-shart: Alisher Navoiy hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi sahna ko’rinishi. Ushbu shart ijrosiga 10 daqiqa vaqt belgilanadi va 10 ballgacha baholanadi.
3-shart: Alisher Navoiy g’azali bilan kuylanuvchi qo’shiq jonli ijro etiladi. 10 ballgacha baholanadi.
shart: Krossvod o’yini. To’g’ri va tez bajargan guruh 10 ballgacha baholanadi
shart: G’azalxonlik. Ifodali o’qish e’tiborga olinadi va 10 ballgacha baholanadi.
boshlovchi: Ushbu shartlarning ijrosini baholab borish uchun kechamizga jyuri hay’atini taklif etganmiz, hozir ularni tanishtirib o’tmoqchiman:
Maktab ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari ------------
Maktab “Yoshlar yetakchisi”--------------------
Ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi--------------------
Ota- onalar qumitasi a’zosi--------------
Musiqa fani o’qituvchisi-----------------------------
Mahalla faoli ------------------
2-boshlovchi: Har bir shart bajarib bo’lingach jyuri hay’ati a’zolaridan baholarni e’lon qilib borishlarini so’raymiz. Hozir tayyorgarlik ko`rishlari uchun guruhlarga qisqa muddat beriladi, sahnaga esa 8 “A” sinf o’quvchilari ------------------------------ larni taklif etamiz. Qo’shiq –“Qaro ko’zim” .(Qo’shiq ijro etiladi)
(Qo’shiq tugagach har bir guruh navbat bilan shartlarni bajaradilar )
Har bir shart tugagach hakamlar tomonidan baholanib,izohlanadi va ballar e’lon qilib boriladi.
Hamma shartlar bajarib bo’lingach umumiy ball e’lon qilinadi va g’oliblar hamda barcha ishtirokchilar ma’naviy rag’batlantiriladi.
1-boshlovchi: Besh asrkim nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig’i yetmagan joyni,
Qalam bilan oldi Alisher.
Azizlar, hazrat Navoiy dahosi qancha zamon o’tmasin o’z qimmatini yo’qotmaydi, aksincha, yanada yolqinlanib boraveradi.
2-boshlovchi: Hurmatli davramiz qatnashchilari, aziz mehmonlar shuning bilan “Yosh Navoiyshunoslar”deb nomlangan tadbirimiz o’z nihoyasiga yetdi. Navoiy bobomiz orzu qilganlaridek komil inson bo’laylik.
Ma’naviyat soati.
Mavzu: Oilam, ota- onam – baxtu iqbolim
Darsning maqsadi: O’quvchilarga oila, ota-ona haqida, ularning qadri, hurmati, oiladagi o’rni haqida tushuncha berish.
Darsning tarbiyaviy maqsadi:
O’quvchilarga ota –onani hurmat qilish, ularning o’git va nasihatlariga quloq solish, duolarini olish, do’stlik haqida tushuncha berish
Rivojlantiruvchi maqsad: O’quvchilarga kelajakka yo’l oiladan, ota- ona bag’ridan boshlanishi, maktab va kelajakdagi ishxona va Vatan ham oila ekanligi haqida bilim, ko’nikma berish.
Dars usuli: Suhbat, savol- javob, kichik guruhlarda ishlash.
Dars jihozi: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, oila, ota -ona haqidagi maqollar va hikmatlar, ibratlar, xadislar, allomalar fikrlari va rivoyatlar yozilgan slaydlar (yoki plakatlar), hamda ovozli va tasvirli vositalar, matbuot materiallari.
Xona bezagi: Devorlarga Vatanni, ahil oilani, faol bolalarni, baynalmilallikni aks ettiruvchi plakatlar ilinadi. Bukletlar tashkil qilinadi. Xonaki gullar bo’lishi shart. Sinfxona o’rtasiga uchta kichik guruhlarda ishlash uchun mo’ljallab stollar (Ular ustida “ILM”, “ODOB”, “HAMKORLIK” yozuli lavhalar komanda nomini va o`rin joyini angldatadi) va stullar qo’yiladi, devor bo’ylab taklif etilgan mehmonlar uchun stullar qo’yiladi.
Taklif etiluvchilar: Maktab ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, makdab yetakchisi, mehnat faxriylari, mahalla faollari, “Eng namunali oila” vakillari, mahalliy ijodkorlar.
Dars shiori: Ilm, odob, hamkorlik!
Darsning borishi:
O’qituvchi va taklif etilganlar oldin kirib joylashadilar. Sinfga bir o’quvchi kiradi.
O’quvchi:
Assalomu alaykum! Aziz mehmonlar,
Otalar-u onalar- qalbi daryo, ummonlar.
Assalom ustozlar, siz mehribonlar,
Assalom sizlarga ey mehribonlar
Aziz mehmonlar, mehridaryo ota-onalar, bugun ma’naviyat darsida Oilam, ota- onam – baxtu iqbolim mavzusida fikrlashmoqchimiz,buning uchun uch guruhga, ya’ni “ILM”, “ODOB”, “HAMKORLIK” guruhlariga bo’lindik, marhamat sinfdoshlarim darsga marhamat!
O’quvchilar kirib kelib joylashadilar va bir ovozdan shiorni aytadilar:
“Ilm, odob, hamkorlik!”
O’qituvchi: O’tgan darsimizda qaysi mavzu yuzasidan fikrlashgan edik?
O’quvchilar: “Mehnat , mehnatning tagi rohat” mavzusini o’tgan edik.
O’qituvchi: Qanday maqollarni o’rgangan edik?
O’quvchilar mehnat haqidagi maqollarni aytadilar.
O’qituvchi: O’quvchilar men bugungi Oilam, ota- onam – baxtu iqbolim mavzusidagi yangi darsimizni bir rivoyat bilan boshlamoqchiman.
Rivoyat.
Qadimda bir bog’bonning uch o’g’li bo’lib, ular negadir xo’p o’yinqaroq va ishyoqmas bo’lib ulg’aya boshlashibdi. Ota ularga mehnatning afzalligi, mehnat qilgan odam hech narsaga zoriqmasligi haqida pand nasihatlar qilar ekan. Ammo o’g’illar bunga ko’p ham quloq solishmas, oson yo’l bilan boylik orttirish ilinjida bo’lishar ekan. Umri tugab borayotganini sezgan ota bir kuni o’g’illarini yoniga chorlabdi va debdi:
- Xabaringiz bor mening kattagina serhaosil uzumzorim bor. Shu uzumzorda mehnat qilib kam bo’lmadim, boylik orttirdim. Bir xum tillalarni bog’ning qayirigadir ko’mgan edim, esimda yo’q. Men dunyodan o’tgach shu oltinlarni topib teng bo’lashib olinglar.
Shu kuni ota dunyodan o’tibdi. Uni qabrga qo’yib kelgan o’g’illar bog’ni bir boshidan kovlab oltin izlay ketishibdi. Oltinlardan darak bo’lmabdi.O’g’illar otamiz nega bizni aldadilar ekan?- deya o’ylay boshlashibdi.
Xo’sh aziz o’quvchilar rivoyatning davomi qanday bo’ladi? Haqiqatdan ham ota o’z o’g’illarini adaganmikan? Fikr bildiring. (Har bir guruh a’zolari navbat bilan fikr bildirishadi).
O’qituvchi: (O’quvchilar fikrini umumlashtiradi). -Rivoyatning davomi quyidagicha, o’g’illar oltin qidirib, o’zlari bilmagan holda uzumzorning yerini yumshatib qo’ygan edilar. Usumlar shunchalar serhosil bo’ldiki uni sotib ado qilish mushkul edi. “Bog’i borning tog’i bor” deydi xalqimiz.
Guruhlarga bajarish uchun topshiriqlar beriladi.
1-shart:
3 guruhga bittadan o’quvshi chiqib ota –ona haqida maqollar aytishadi.
Odob : Otalar so’zi -aqlning ko’zi
Onalar so’zi-baxtning o’zi.
Ilm: Ota –aql, ona idrok
Tarbiya: Otalik uyning zari bor,
Onalik uyning o’zi bor
Odob ; Ota- bilak, ona –yurak
Ilm: Onangga boshingni xam qil,
Otangga gapingni kam qil
Tarbiya: Otangni quyosh bilsang,
Onangni oy bil
Kim o’z navbatida maqol aytolmay qolsa yutqazgan hisoblanadi.
2- shart:
Ota-ona haqidagi she’rlardan ifodali o’qib bering
3-shart:
Rasmga qarab ota-ona haqida so’zlab bering
Rivoyat aytsa ham bo’ladi.
4- shart:
Ota-ona haqidagi krossvordni tezlik bilan yechish
G’olib guruhlar aniqlanib ballari e’lon qilinadi va rag’batlantiriladi
Ota-onalarni hurmat qilish to’g’risida o’quvchilar kichik sahna ko’rinishlari namoyish etadilar: “T a r b I y a o i l a d a n b o s h l a n a d i”
Musiqali tanaffus.
O’quvchilar guruhi tomonidan raqs.
Dars yakunida o’qituvchi:
Har farzandki, og’ir va dono bo’lsa , hech vaqt ota-onaning mehr haqini ado qilmoqdan holi bo’lmog’usidir.
O’zingdan kattalarga odob bilan muomala qil, o’zingdan kichiklarga esa shavqat yo’lini tut.
Senga saboq bo’lsin deb, ko’ngildagin naqd aytdim:
Yonib yashasang agar, onang uchun baxt aytdim.
Senga kelgan baloga men duoyibad aytdim,
Sen faqat diyonatni boshingga toj b il, bolam
(Mehmonlarga ham so’z navbati berilishi mumkin. Bunda so’zga chiquvchining qaysi mavzuda va qancha vaqt gapirishi oldindan o’qituvchi bilan kelishib olinadi)
O’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining --- yilligiga bag’ishlangan “Til -dil kaliti” mavzusidagi tadbir
SSENAREYSI
Tadbirni o’tkazish joyi: Maktab tadbirlar zali
Tadbirni o’tkazish vaqti: ---------
Taklif etiluvchilar: Maktab ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, makdab yetakchisi, mehnat faxriylari, mahalla faollari, “Eng namunali oila” vakillari, mahalliy ijodkorlar.
Sahna bezagi: Sahna to’rida O’zbekiston Respublikasining “Davlat tili to’g’risida”gi qonuni katta o’lchamda tayyorlanadi qo’shimcha plakatda quyidagi yozuv aks etgan bo’ladi:
“Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdir”
Abdulla Avloniy Shuningdek ”Buyuk va muqaddassan mustaqil Vatan” nomli devoriy gazeta, til haqidagi maqollar hamda gullar bilan bezatilgan. O’quvchilar maktab formasida, yuzlarida quvonch, qo’llarida guldastalar. Yangrayotgan musiqa sadosi ostida sahnaga 6 nafar o’quvchilar va 2 nafar boshlovchilar chiqib kelishadi. (O’quvchilar sahnada yarim oy shaklida turadilar, boshlovchilar o’rtada mikrafon oldida)
1-boshlovchi:
Tilim-tilim- Ona tilim,
Tillar ichra sara tilim.
Shirin –shakar ma’no tilim
Ona tilim –A’lo tilim.
Asssalomu alaykum hurmatli ustozlar, tengdoshlar, aziz mehmonlar. Bugungi Davlat tilining --yilligiga bag’ishlangan “Til- dil kaliti” deb nomlangan tadbirimizga xush kelibsiz!
Barchangizni til bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz!
2-boshlovchi: Bir tuproqdan zuvalasi.
Bitta choynak- piyolasi.
Hammamiz shu yurt bolasi-
Tillar turfa, dil bittadir.
Til -xalqning qalbi, uning nomusidir. U Ona kabi ulug’ va mo’tabar. Xususan, o’zbek tili haqida gap ketganda beixtiyor Navoiy bobomizning quyidagi satrlari yodimizga keladi:
Insonni so’z ayladi judo hayvondin,
Bilkim guhari sharifroq yo’q ondin.
Hazrat Navoiyning beqiyos xizmatlarini e’tirof etib, Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch” asarida “Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg’usi ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelgan”- deb yozgan edilar.
1-boshlovchi: Ona tilim- jonu dilim. Ona tilimizni onadek muqaddas bilamiz. Chunki “Til millat qalbining tarjimonidir” Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o’z davrida o’zbek tilining barcha go’zalliklarini ko’rsatib, ijod qilgan. U o’z tilini maqtab, o’zga xalqlar tillarini kamsitgan emas.
2-boshlovchi: Til –millatning ulkan boyligi, bebaho mulkidir. O’zbek tili o’zbek xalqining ma’naviy mulkidir. G’ammamizga ma’lumki 1989- yil 21- oktyabrda o’zbek tiliga “Davlat tili ” maqomi berildi.
Sahnadagi o’quvchilar , ona tilimizga ta’rif beradilar:
“Til -inson madaniyatining ifodasidir”
Har bir millatning o’zligi, uning tili va adabiyotida namoyon bo’ladi.
Til- aloqa vositasi ekan, so’z inson kamolining, ilm va fazilatini o’lchab ko’rsatadigan tarozidir.
1-boshlovchi: Eng quvonarlisi ona tilini o’qitishga barcha o’quv yurtlarida bilim maskanlarida til o’rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kim erursan sen o’zing,
Gar o’zliging bilmasang.
Asli zoting, eling kim,
O’z tilingni bilmasang?!
2-boshlovchi: “Tilga hurmat-elga hurmat”, - deydilar.
Kimki o’z ona tilini e’zozlamasa, u o’z xalqini e’zozlamagan, yashab turgan Vatanini hurmat qilmagan sanaladi.
Ona tilim, onajonim tili bu,
Beshikdanoq singgan jonu dilimga.
Shu yurtim, xonumonim tili bu
Qadimlikda o’xshar ona tuproqqa.
Endigi navbat tadbir ishtirokchilariga. Marhamat!
Til haqida ma’lumotlar.
O’quvchi: 1989- yil 21- oktyabrda o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi tufayli tilimiz o’zining qonuniy o’rnini topdi. Har yili 21- oktyabrda “Til bayrami”, 21- fevralda esa Xalqaro ona tili kuni nishonlanadi.
O’quvchi: O’zbekistonda turli millat vakillari yashaydilar, ular Davlat tilidan tashqari o’z ona tilllaridan ham foydalanadilar. Har bir til o’ziga xos boylikka va imkoniyatlarga ega. Ko’p tilni bilish kishining madaniy saviyasini oshiradi.
O’quvchi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizdagi barcha tillarni tengligi va erkinligini ta’minlaydi. Asosiy Qonunimizning 4- moddasida shunday deyilgan “O’zbekiston Respublikasining davlat tili- O’zbek tilidir.”
O’quvchi: Tilimiz boy va go’zal! O’zbekiston davlat ilmiy adabiyotlar nashriyotida “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi ” , 5 jildlik “O’zbek tilining izohli lug’ati ”, Mustaqillik yillarida buyuk bobomiz Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlar to’plami kitobxonlarga munosib tuhfa bo’ldi.
O’quvchi: Bugungi kunda dunyoda 3000 dan ortiq turli tillar mavjud bo’lib, bu tillarning ayrimlarida o’n hatto yuz millionlab kishilar gaplshadilar. Ba’zi tillarda esa birnecha ming kishigina gaplashadi.
O’quvchi: Bugungi kundagai jonli tillar qadimgi tillar asosida paydo bo’lgan va rivojlangan. XV- XIX asrlarda lutfiy, Atoiy, Alisher Navoiy, Ogahiy, Muqimiy kabi mumtoz adabiyotimiz vakillari ning shoh asarlari yozilgan eski o’zbek tili hozirgi o’zbek tilining shakllanishi va rivojlanishi uchun asos bo’lgan.
Voshlovchi: Dilim bandi, tilim bandi,
Umr bandilikda o’tkardim.
Tilim hayqir, tilim hayqir,
Xudoyim erkka yetkazdi.
Voshlovchi: Tilni xalq yaratadi. Tilimiz boy , tilimiz sof, go’zaldir,
vari maqol, bari masal, mataldir.Tilning ijtimoiy ahamiyati, millatning madaniy hayotidagi o’rni beqiyos, shu bois ham tilga e’tibor doimo kuchli va dolzarb bo’lib kelgan. Til haqidagi maqollarning ko’pligi ham buning isbotidir. (O’quvchilar maqollar aytadilar )
Til bilgan – yo’l topar.
Avval o’yla, keyin so’yla.
Otalar so’zi- aqlning ko’zi.
Aytilgan so’z- otilgan o’q.
Arslon izidan qaytmas, yigit –so’zidan.
Tilga ixtiyorsiz- elga ixtiyorsiz.
O’ynab gapirsang ham, o’ylab gapir!
Chin so’z- mo’tabar, yaxshi so’z muxtasar.
Voshinnga qilich kelsa ham rost so’zla.
So’zdan so’zning farqi bor.
Oftob bilan oy ham so’z ila ravshan.
Til kishini baxtli qiladi.
Ko’p til bilish, bir qulfning ko’p kalitiga ega bo’lish demakdir.
Tig’ yarasi bitadi, lekin til yarasi bitmaydi.
Odobning boshi til.
Til dil kaliti.
1- boshlovchi: Bobolardan so’zladim ammo,
Bir zot borkim baridan suyuk.
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o’zingsan buyuk.
2-boshlovchi: O’zi yemay qo’liga tutgan,
Sen o’zingsan farzandlar sha’nin
Asrlardan opichlab o’tgan,
Ona xalqim, jon- tanim manim
O’zbekiston, Vatanim manim!
Qo’shiq (Vatan haqida yoki til haqida, xor ijrosida ham bo’lishi mumkin)
1-boshlovchi: So’zingga ehtiyot bo’l, boshing ketmasin,
Tilingga ehtiyot bo’l tishing sinmasin.
Endigi navbat sahnaviy ko’rinishga: (Quyidagi hikoyat sahnalashtirladi)
Podshoh bir kuni a’yonlariga :- Menga eng lazzatli taom pishirib kelinglar,-dedi.
A’yonlar mazali taom nimadan tayyorlanishini bilmaydilar va Navoiyning oldiga boradilar. Ul zot a’yonlarga tildan taom tayyorlashni aytadi. Tildan tayyorlangan taom podshohga ma’qul bo’ladi.
Ul zot : -Endi esa eng achchiq narsadan tayyorlangan ovqat olib kelinglar,-deb farmon beradi. Navoiyning maslahati bilan bu gal ham unga tildan tayyorlangan taom pishirib beradilar,podshohga topshiriqning ijrosi ma’qul bo’ladi.
Yaxshi so’z-jon ozig’i,
Yomon so’z-bosh qozig’i.
2-boshlovchi:
Yo madhing yozaymi, iftixor bilan,
Ko’ksimda barq urgan navbahor bilan,
Oh, aziz tilginam,shirin so’zginam,
Joningga tasadduq bo’lay o’zginam.
Tilni madh etuvchi she’rlar aytiladi.Avar shoiri R.Hamzatovning “Ona tilim ”she’ri.
Avar so’zin , tinglab kirdi menga jon,
Ohista tirildim va shundan bildim:
Meni tuzatolmas hech dori-dormon,
Jonimga masihdir shu ona tilim.
Mayli, kim qaysi tildan zavq-u shavq olsa,
Mening o’z tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim yo’qolsa agar,
Men bugun o’lishga bo’lurman rizo.
Mayli qashshoq bo’lsin, mayli behasham,
Lekin mening uchun aziz va suyuk.
Jahon minbaridan yangramasa ham
Ona tilim menga muqaddas, buyuk.
2-boshlovchi: Til shaxsiy hayotda ham juda katta o’rin tutadi: u shaxsning o’zini o’ziga tanitadi, milliy va umuminsoniy faxrlanish tuyg’usini kamol toptiradi.
So’zla mazmunli bo’lsin,
Tingla foydali bo’lsin.
1-boshlovchi: Tilimizning bebaho xazinalarini qunt bilan o’rganaylik.
O’zbek tilining benihoya boyligi va go’zalligini his qilaylib, uning sofligi va rivojiga doimo e’tiborli bo’laylik.
Bobolardan bizga meros ezgu til,
Avlodlarga xazinayi bebaho.
Qalbimizga, ruhimizga ko’zgu til,
Bu dunyoga bag’ishlaymiz ne daho.....
2-boshlovchi: Yana bir bor barchangizni til bayrami bilan muborakbod etamiz!
Mavzu asosidagi savollar:
Ijro intizomi to’g’risida qanday qonuniy hujjat bor?
Ijro intizomin kim amalga oshiradi?
Maktab hujjatlari ijro intizomiga belgilangan vazifalar?
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O`zbekistan Respublikasi Konstitutsiyasi. T.: Uzbekistan, 1992.
2. «Ta’lim turrisida» o`zbekistan Respublikasining qonuni. T., 1992.
3. O`zbekistonning milliy istiQlol mafkurasi. T.: Uzbekistan, 1993.
4. «Ta’lim To`g`risida» O`zbekistan Respublikasi Qonuni. T., 1997.
5. O`zbekistan Respublikasining «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», T. 1997.
6. «Ma’naviyat va ma’rifat» ijtimoiy markazlari ishlarini takomillash-tirish xaqidagi Prezident Farmoni. T., 1996.
Do'stlaringiz bilan baham: |