Yetarli asos qonuni. To‘g‘ri fikrlashga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri asoslilik, ishonchlilikdir. Fikrlash jarayonida buyum va hodisalar haqida chin muhokama yuritibgina qolmasdan, bu muhokamaning chinligiga hech qanday shubha bo‘lmasligi uchun uni asoslash, isbotlashga harakat qilinadi. Bunda chinligi avvaldan ma’lum bo‘lgan va o‘zaro mantiqiy bog‘langan mulohazalarga asoslaniladi, ya’ni bayon qilingan fikrning chinligi avvaldan ma’lum bo‘lgan, chinligi tasdiqlangan boshqa bir fikr, mulohaza bilan taqqoslanadi. Tafakkurning bu xususiyati yetarli asos qonuni orqali ifodalanadi.
Inson tafakkuriga xos bo‘lgan bu qonunni birinchi marta nemis faylasufi va matematigi G. Leybnits ta’riflab bergan. Uning ta’kidlashicha, barcha mavjud narsalar o‘zining mavjudligi uchun yetarli asosga ega. Har bir buyum va hodisaning real asosi bo‘lgani kabi, ularning in’ikosi bo‘lgan fikr-mulohazalar ham asoslangan bo‘lishi kerak.
Yetarli asos qonunida to‘g‘ri tafakkurning eng muhim xususiyatlaridan biri bo‘lgan fikrlarning izchillik bilan muayyan tartibda bog‘lanib kelish xususiyati ifodalanadi. Bu qonun avvalgi ko‘rib o‘tilgan qonunlar bilan o‘zaro bog‘liq holda amal qiladi. Fikrlash jarayonida berilgan mulohazaning chinligini asoslash uchun keltirilgan chin mulohazalar mantiqiy asos, berilgan mulohazaning o‘zi esa mantiqiy natija deb yuritiladi.
Shunday qilib, to‘g‘ri tafakkurning yuqorida ko‘rib o‘tilgan qonunlarining har biri chin bilimga erishish uchun xizmat qiladi. Bu qonunlar tafakkur jarayonida alohida-alohida yoki birin-ketin emas, balki bir vaqtda, birgalikda fikrlar bog‘lanishining xarakteriga qarab amal qiladi. Bu qonunlarning talablari bir-birini to‘ldirgan holda mantiqiy tafakkurning chin bo‘lishini ta’minlaydi.
TUSHUNCHANING TA’RIFI, TUZILISHI VA TURLARI.
Tushuncha tafakkur shakllaridan biri sifatida til orqali ifodalanadi. Tushunchaning mohiyatini bilish uchun uning nom va so‘z bilan qanday bog‘liqligini aniqlab olamiz.
Inson buyum va hodisalar haqida tushunchaga ega bo‘lish uchun ularning nomlarini bilishi zarur. Olamdagi barcha jonli va jonsiz mavjudotlarning, voqea va hodisalarning nomi bor. Nomlar bilish va muloqotning zaruriy vositasidir. Buyum va hodisalarning nomi tilni mavjud voqelik bilan bog‘lab turadi. Faraz qiling, olamdagi hech bir narsaning nomini bilmasak, ular haqida tushunchaga ega bo‘lishimiz, fikr yuritishimiz mumkinmi?
Do'stlaringiz bilan baham: |