To’rtinchi rejada, odamzod umumiy rivojlanish bilan birga qanchadan-qancha to’siqlarni, tanazzul
va tushkunliklarni boshidan kechirgan va ularni bartaraf etib, o’z moddiy va madaniy darajasini qayta
tiklagan va yangi taraqqiyot sari astoydil intilgan. Fanda bunday yirik, salmoqli yuksalishni tiklanish,
«uyg’onish», «renessans» ham deb ataydilar. Xususan, G’arbiy Yevropada bunday renessans XV-XVIII
asrlarda deyarli 700 yillik xurofat zulmatdan so’ng yuz bergan. Markaziy Osiyoda ilk uyg’onish davri IX-
XII asrlarga to’g’ri keldi va o’zgacha shart-sharoitlarda kechdi. Uning ko’lami, oqibatlari, jahon
tsivilizatsiyasiga ta’siri ham o’zgacha bo’lgan.
O’lkamiz hududida miloddan avvalgi davrlarda erishilgan moddiy va ma’naviy madaniyat yangi
asrlarda Kushon podsholigi, eftalitlar davlati va Turk xoqonligi davrlarida o’sib bordi. Me’morlikda yangi
qurilish g’oyalari vujudga keldi va ular murakkab muxandislik yechimi asosida amalga oshdi (Masalan
Usturishona, Varaxsha va boshqalar). Hunarmandchilik rivojlandi, ularning yangi turlari vujudga keldi.
Savdo-sotiq, qo’shni yurt-elatlar bilan munosabatlar rivoj topdi, sug’orma dexqonchilik maydonlari
kengaydi, yangi suv inshootlari barpo etildi. Aholi o’rtasida savodxonlikka intilish ko’chaydi. Mavjud din
va aqidalar o’zaro murosada yashadi. Madaniy hayot, sa’natning turli janrlari boyidi. Tabiiy fanlarga, atrof
muhitni anglashga, kengroq bilishga intilish ko’chaydi. Lekin, VIII asr boshlarida Markaziy Osiyo aholisi
arablar bosqini natijasida og’ir qiyinchiliklarga duchor bo’ldi va istiloga qarshi ko’p yillik kurash olib bordi.
Abu Rayhon Beruniy asosli ravishda arablar istilosi oqibatida So’g’d va Xorazmning boy madaniyati
barbod bo’ldi, deb afsuslangan edi. Shu bilan birga arab xalifaligida ham katta o’zgarishlar yuz berdi.
Ummaviylar sulolasidan hokimiyat Abbosiylarga o’tganligi muhim voqea bo’ldi. Yangi sulola benihoya
katta saltanatni idora qilishda, uning taraqqiyotini ta’minlashda ilmu-fanning ahamiyatini chukurroq
angladi. Xorun-ar-Rashid (786-809), so’ngra uning o’g’li Ma’mun o’z tasarrufidagi o’lkadan olimlarni
xalifalik poytaxti Bog’dodga taklif etdilar, ularni samarali ishlari uchun sharoit yaratdilar.
O’lkamizda islom dinining tarqalishi, uning mahalliy odat-udumlari bilan tez orada uyg’unlashuvi
katta ahamiyatga ega bo’ldi. Madaniy sohada, xususan islomning ahloqiy tariqatlari, shuningdek IX-X
asrlardagi dunyoviy ilimlarni rivoji arab dunyosidagi ijtimoiy-ma’naviy vaziyatni ancha o’zgartirdi.
SHuning bilan birga arab (islom) tsivilizatsiyasining shakllanishda Hindiston, Eron, Yunoniston, Markaziy
Osiyo va Kavkaz xalqlari madaniyatining ta’siri katta bo’lgan. Mintaqamizda qadimdan tsivilizatsiya
asoslari, moddiy va ma’naviy madaniyatning chuqur ildizlari mavjud edi. VIII asr oxirlari IX asr boshlarida
Markaziy Osiyoda ijtimoiy va siyosiy vaziyat barqarorlashdi. Bunday sharoit mintaqada ilm-fan, umuman
madaniyatning keng ko’lamda rivojlanishi uchun asos yaratdi. Xususan, Buxaro, Samarqand, Xiva, Termiz,
Farg’ona, Xo’jand, Qo’qon kabi shaharlar madaniyat o’choqlariga aylandi. Xorazmda esa Ma’mun
akademiyasi tashkil topdi.
O’lkadagi mazkur madaniy yuksalish feodal munosabatlarning ayniqsa, feodal boshqaruvining
markazlariga aylangan shaharlarning u yerdagi hunarmandchilik, savdo-sotiq aloqalarining tezlik bilan
rivojlanishi asosida vujudga keldi. Bu rivojlanish esa O’rta Osiyoning arab xalifaligiga qo’shilishi, keng
savdo-sotiq aloqalariga kirishuvi islomning tarqalishi natijasida yanada avj oldi.
Avvaldan mavjud bo’lgan va O’rta Osiyoning G’arbidan-Sharqigacha kesib o’tgan hamda qator
shaharlarni ham o’z ichiga olgan mashhur Ipak yuli mavqeining yanada ko’chayishi ham madaniy
rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |