§ 3
Islom uchun kurashning Madina davri
Islom tarixidan ma’lumki, Muhammad va uning safdoshlari «muhojirlar», ya’ni ko’chib kelganlar, yasriblik musulmonlar esa «ansorlar», ya’ni «yordamchilar», deb nom oldilar. Ulardan Muhammad payg’ambarga eng yaqin turgan va maslahatchi bo’lgan bir guruhi «sahobalar» (ko’pligi «asxob»-safdoshlar) deb ataladi. Muhammad payg’ambar ko’chib kelgandan so’ng Yasrib Madina, ya’ni shahar, ba’zan esa Madina an-Nabiy (payg’ambar shahri) deb atala boshlandi. Keyinchalik Islom adabiyotida Makka va Madina Islomning muqaddas markazi sifatida «Makkai mukarrama» «Madinai munavvara» deb ataladigan bo’ldi.
Muhammad Madina Markazidagi maydonda o’z izdoshlari bilan juma namozini o’qiydi va shundan boshlab barcha musulmonlar to’planib (jamoat bo’lib) Muhammad payg’ambar imomligida namoz o’qishi an’anaga aylanadi. Shu yerda payg’ambar birinchi bor xutba aytgan, keyin xutba ham an’anaga aylangan. Xutba islom an’anasida o’ziga xos duo-iltijo shakli bo’lib, Muhammad payg’ambar musulmonlar jamoasiga g’alaba va omonlik tilab, xutba o’qigan.
Keyingi islom tarixida hukmronlar tarixining barqaror bo’lishini tilab, juma namozidan oldin xutba o’qilgan. Xutba o’qiydigan ruhoniylar xatib (ba’zan imom-xatib) deyilgan. Muhojirlar va ansorlar bir-birlari bilan aka-uka tutinib, Madinada yagonada diniy jamoa-musulmonlar jamoasi paydo bo’ldi va uni «Ummat al-Mo’minin», deb ataldi. Uni ayrim manbalarda qisqa qilib «umma» deb ham ataladi. «Umma» dinga asoslangan kishilarning birlashishi edi.
Muhojirlar bilan ansorlar shahar markazida masjid va payg’ambarga uy qurdilar. Payg’ambar oilasini ham Makkadan Madinaga ko’chirib keltirildi. Makkadan yarim yil ichida bir nechta guruh musulmonlar Madinaga ko’chib keldilar.
Muhammad Madinada payg’ambar deb tan olindi, keyinchalik esa siyosiy hokimiyat ham uning qo’liga o’tdi. U bosh lashkarboshi, bosh qozi, bosh imom edi. Muhammad payg’ambar rahbarligida musulmonlar Madinaga ko’chib kelgandan keyin bu yerda to’rtta - muhojirlar, avsetlar, xazrajiylar va yahudiylardan iborat guruhlar vujudga keldi. Muhammad ular o’rtasida birlikka erishish uchun alohida ahdnoma tuzdi va hujjat sifatida rasmiylashtirdi. Olimlarning yozishicha (Masalan, Muhammad Hamidulloh) bu hujjat «Madina konstitusiya»si edi. Hujjatda, bu to’rt guruh bir jamoadan iborat, ular bir kuch sifatida jangga kiradi, asirlarni qutqarish uchun sarflangan harajatlarni ham o’rtada qilinadi, ular o’z oralaridan hyech kimni qarovsiz qoldirmaydi, qonunbuzar va jinoyatchilarga qarshi birga kurashadi, barcha dindorlarning himoyachisi Allohdir, dindorlar esa bir-biriga himoyachidir, dushman bilan jang tugagach, barcha guruh birlikda sulh tuzadi, o’ldirilgan shaxs uchun dindorlar bir-biridan qasos olish huquqiga ega, lekin qon to’kmasdan tovon to’lash ma’quldir, hamma guruhlar islom dushmani bo’lgan qurayshlarga qarshi kurashadilar, hyech kim ularni himoya qilmasligi kerak, bu ahdnomani buzganlar Allohning qahriga uchraydi, deb yozib qo’yilgan edi. Bu tarixiy hujjat islom mamlakatlarida ilk feodalizm davrida g’oyat muhim ahamiyatga ega edi. Uning ko’pgina talablari hozir ham ahamiyatga ega. Madinada birlik va hamjihatlik paydo bo’lgach, Muhammad payg’ambar Makkaga qarshi kurash boshlab yubordi.
Makkadan shimolga, Falastin va Suriya yerlariga olib boradigan karvon yo’li Madina yaqinidan o’tardi. Bu yo’l Makka hokimlari va savdogarlari uchun g’oyat katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lganligi uchun, dastlabki yillarda kurash ana shu kavron yo’li ustida boshlangan.
Dastlabki jang 624-yil mart oyida Badr qudug’i atrofida bo’lgan. Bu jangda Muhammad boshchiligida 300 dan ziyod musulmonlar va Abujahl boshchiligida 850 Makkalik qo’shin qatnashgan. Urushda musulmonlar yengib chiqadi. Natijada musulmonlar jamoasi mustahkamlanadi. Jangda musulmonlar 30 ta ot, 150 ta tuya, ko’p qurol-anjomlarni o’lja oladi. 624-yil 16 mart (Hamal) kuni Qur’onning 8-al Anfol (O’lja) surasi vahiy bo’ladi. Bu surada o’ljani qanday taqsimlash ko’rsatilgan. Unda, o’ljaning beshdan bir qismi musulmonlar jamoasining manfaatiga, piyoda askarga bir hissa, otliq asqarga ikki hissa berilishi ko’rsatilgan, adolatli taqsimlashga da’vat qilingan. Keyinchalik bu qoida xalifalar davrida ham saqlanib qolgan. Badr jangida 622 yildagi ahdnoma buzilganligi uchun Kaynuka yahudiy jamoasi jazolanadi va 624 yil 10 aprelda ko’chirib yuboriladi. Musulmonlar bilan yahudiylarning tarixiy nizolari o’sha davrdan boshlanib, hozirgi davrda arab davlatlari bilan isroil mojaralarida davom etmoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, musulmonlar bu davrda (Makkada ham Madina ham) an’anaviy muqaddas shahar hisoblangan Quddus (Iyerusalim) tomonga qarab namoz o’qishgan. Qiblaning o’zgarilishi va Makkadagi Ka’baning qibla deb belgilanishi Badr jangi va Kaynuka bilan to’qnashuvdan keyin yuz bergan.
Shuningdek, birinchi bor masjidda namoz o’qish boshlanishi oldidan azon aytish ham shundan boshlangan. Payg’ambarning Bilol ismli ozod qilingan quli azonchi (muazzin)lik qilishni boshlagan. Xuddi shu davrda birinchi bor ro’za tutish marosimi va u tamom bo’lgach ro’za hayiti namozi ham kiritilgan. Ro’za tutish 625 yilning ramazon oyidan tutilishi belgilab qo’yilgan edi. U hozir ham o’z kuchini saqlamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |