§ 4
Xalifalar hukmronligi va islomning jahon
diniga aylanishi
Yuqorida aytilib o’tilganidek, Muhammad rasululloh 632 yilda vafot etdi. Bu davrga kelib musulmonlar davlati Yamandan Sinoy yarim oroligacha, Qizil dengiz sohillaridan Markaziy Qum sahrosigacha cho’zilgan hududlarni o’z ichiga olgan katta mamlakat edi. Bu yerlarda Islom hukmron dinga aylandi.
Muhammad vafotidan keyin uning o’rinbosarlari yoki noiblari (arabcha xalifalar) davlatni boshqara boshlaganlar va shu munosabat bilan musulmonlar davlati «arab xalifaligi» deb nom olgan.
Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning «Mendan keyin xalifalik 30 yil davom etadi. Undan so’ng podshohliklar paydo bo’ladi», degan hadislari bor. (Imom at-Termiziy). Haqiqatdan ham, payg’ambarimiz bashoratlarini tarix tasdiqladi. 30 yil xulofoyi Rashidiylar, Abu Bakr as-Siddiq, Umar bin al-Hattob, Usmon bin Affon, Ali bin Abu Tolib 632-661 yillar davomida islomni asl holida saqlagan holda xalifalik qildilar. Undan keyingi davrlarda xalifalar emas, balki ummaviylar, abbosiylar sulolalariga mansub bo’lgan podshohlik va amirliklar hukmronlik qildilar.(Qarang: Dinlar haqida ma’lumot. Toshkent-2000, Buklet. 3-buklam).
Dastlab Muhammadning ilk safdoshlaridan biri (Qaynotasi) bo’lgan Abu Bakr Siddiq (hukmronlik davri 632-634 yillar) xalifa deb e’lon qilingan. Shu vaqtda bir qancha arab qabilalari o’rtasida Madina hukmronligiga qarshi, o’z mustaqilligi uchun harakatlar ham bo’lgan. Lekin ular tezda bostirilgan. Abu Bakr davrida shimoliy hududlarga hujum boshlangan. Vizantiyaning kuchsiz qo’shinlari jiddiy qarshilik ko’rsatishga ojiz edilar. Abu Bakr vafot qilgach Muhammadga uzoq qarindosh, unga sodiq safdosh bo’lgan Umar ibn-ul-Hattob xalifa etib saylanadi. Uning xalifalik davri (634-644 yillar) 10 yilga cho’zilgan. U ikkinchi xalifa edi. Umar davrida Arabistondagi barcha qabilalar bo’sundirildi va ularni Madina hokimiyati qo’l ostida birlashtirish oxiriga yetkazildi. Iqtisodiy, siyosiy hamda mafkuraviy jihatlardan mustahkamlanib olgan arab xalifaligining qo’shni mamlakatlarni bosib olish uchun yurishlarining birinchi bosqichi Umar davrida boshlandi. Bu davrda, ya’ni 638 yili Damashq, 640-yili Quddus (Iyerusalim) olindi. Falastin va Suriya yerlari to’la ravishda xalifalik qo’liga o’tdi. Shu vaqtning o’zida Mesopatamiya va Eronga ham yurishlar boshlandi. 637 yili arab qo’shinlari Eron poytaxti Tehronga bostirib kirdilar. 644-645 yillarda Hindiston chegaralariga yaqinlashdilar. Shimol va shimoliy-sharq tomonga yurish boshlagan arab qo’shinlari 640 yili Armanistonni bosib oldilar. 639-yilda Misrga hujum boshlandi va 647 yilgacha arablar shimoliy Afrika sohillarini Tunisgacha egallab oldilar.
Umar zaharlab o’ldirilgach xalifalik taxtiga Muhammad-ning yaqin do’stlaridan bo’lgan Usmon ibn Affon (uchinchi xalifa) o’tirdi. Uning xalifalik yillari (644-656 yillar) 12 yil davom etgan. U vafot etgach o’rniga payg’ambarning kuyovi va amakisining o’g’li Ali ibn Tolib o’tdi va (656-661-yillar) 5 yilgina xalifalik qildi. Usmon va Ali xalifaligi davrida ham istilolar davom etdi. Ayniqsa, Kavkaz va Markaziy Osiyo tomonlarga yurishlar kuchaydi. Qisqa vaqt ichida Gruziya, Ozarbayjon, Eronning shimoliy qismi, Xuroson yerlari arablar qo’l ostiga o’tdi va ularning qo’shinlari Amudaryo sohillariga chiqdi.
7-asr oxiri va 8-asr boshlarida (xalifalikda ummaviylar xonadoni hukmron bo’lgan 661-750 yillarda) arablar istilosining ikkinchi davri boshlandi. Shimoliy Afrikada istiloni davom ettirib, u joylar va Ispaniya bosib olindi va uni Al-Andalus nomi bilan xalifalik tarkibiga kiritdilar.
Arab istilochilari 7-asr 70-yillarida Eron hududini bosib olishni tugallab, Markaziy Osiyo yerlariga (arablar Movoraunnahr - daryo ortidagi yerlar deb ataganlar) avval bosqinchilik hujumlari qildilar, keyinchalik 8-asr boshlaridan 8-asr (705-715) o’rtalarigacha bu yerlarni lashkarboshi Abu Muslim ibn Qutayba to’la bosib oldi. Mahalliy xalqlar arablarga qattiq qarshilik ko’rsatdilar. Mavorounnahrda ularga qarshi Muqanna, Sumbob, Mug’, Gurak, Divashti boshchiligida yirik xalq qo’zg’olonlari bo’ldi. Arablar mahalliy xalqlar sig’inadigan otashparastlik ibodatxonalarini buzib tashladilar. Kitoblarni ma’jusiy kitoblar deb yoqib yubordilar. Mahalliy olimlarni, savodli kishilarni o’ldirdilar yoki qul qilib olib ketdilar. Bular to’g’risida 10-asrda yashagan Muhammad Narshahiy o’zining «Buxoro tarixi» degan 2 jildli kitobida va Abu Rayhon Beruniy o’zining «O’tmish xalqlaridan qolgan yodgorliklar» degan kitobida ma’lumotlar qoldirganlar.
Bosib olingan yerlarda islom dinini kiritish uchun hamma vositalar (qurolli kuchlar ham, da’vat, targ’ibot, soliq siyosati ham, pora, imtiyozlar berishlar ham) ishlatildi.
Islom dini 9-10-asrlarda Tataristonda, 10-12-asrlarda Boshqirdistonda tarqaldi.
Qozog’iston va Qirqg’izistonda islomning kiritilishi 19-asrda ham davom etdi. Shimoliy Kavkaz xalqlari o’rtasida Islom, 14-asrda kabardinlar va balkarlar, 19-asrgacha chechenlar va ingushlar orasida yoyildi.
Nisbatan qisqa tarixiy muddat ichida arab xalifaligi o’sha zamondagi eng katta imperiya bo’lgan Vizantiyaning juda katta hududlarini bosib oldi. Eronda Sosoniylar imperiyasi butunlay tugadi. Buning natijasida Amudaryo sohillaridan Shimoliy Afrikagacha, Tbilisi va Darbanddan Yaman va Ummongacha, Ispaniyagacha cho’zilgan yangi davlat - xalifalik vujudga keldi.
Qisqa davrda arab qo’shinlari bunday yengil g’alaba qozonishining sababi: bu davrda ularga jiddiy qarshilik ko’rsatadigan kuchning yo’qligi edi. Qadimgi imperiyalar Vizantiya bilan Eron o’zaro urushlarda holdan toygan, xalqlar qattiq jabr-zulmdan bezigan edi. Shimoliy Hindiston, Kavkaz, Markaziy Osiyda ham kuchli yirik davlatlar yo’q edi. Masalan, Markaziy Osiyoda 8-asr boshlarida 19 ta mayda xonliklar bo’lib, ular o’zaro urush olib borardi. Buxoro Samarqandga, Samarqand Toshkentga yordam ko’rsatmadi. O’zaro qirg’inbarot urushlar xalqning joniga tekkanligi, islom dinining mahalliy dinlarga yaqinligi va o’xshashligi, yangi dinning moslashuvchanligi, uni qabul qilish shartlarining yengilligi islom tantanasini ta’minlagan omillardan biridir.
Xorazm esa chetda turardi. Bu arablarga yengil g’alaba qilishga vaziyatni paydo qilgan edi.
Bosib olingan barcha hududlarda xalifalikka bo’ysunuvchi hokimliklar tashkil topdi, xalqlardan davlat hisobiga va mahalliy hokimiyat uchun o’nlab soliqlar, o’lponlar yig’ib olinardi. Ko’p shahar va qishloqlarda masjid, madrasalar, diniy maktablar, katta ruhoniylar maqbaralari, ko’plab qalandarxonalar vujudga kelib, islom urf-odatlari va shariat dasturlari turmushga chuqur singib ketdi, yagona islom mafkurasi va «musulmon madaniyati» hukmronlik qildi.
Xalifalikka bo’ysundirilgan xalqlar o’rtasida sadvo-sotiq kuchaydi. «Ipak yo’li» orqali o’zaro aloqalar olib borildi.
Hozirgi zamonda islom jahon dinidan biri sifatida 120 davlatda tarqalgan, dunyoda 1 milliarddan ko’proq musulmon-lar mavjud. Arabiston yarim orolida, Kichik Osiyoda, Shimoliy Afrikada, Osiyo qit’asida, Yevropa, Amerika qit’alarida ham musulmonlar yashaydilar. 28 davlatda islom dini rasman davlat dini hisoblanadi. (Eron, Pokiston. Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Amirliklar, Quvayt va boshqalar). Eng ko’p musulmonlar arablar (136 mln kishi). Indoneziya - musulmon davlatlari orasida aholisi eng ko’p (153 mln. kishi) mamlakatdir.
Musulmon davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, mafkuraviy, ahloqiy, ta’lim-tarbiya, turmush tarzi, ijtimoiy ruhiyati, kundalik hayot tizimida islom kuchli ta’sirga egadir. Bu davlatlarning diniy va milliy ongini ajratib ham qaramaydilar. Milliy ozodlik harakatlari islom shiorlari ostida olib boriladi. Antiimperialistik va milliy taraqqiyot harakatlari ham islom g’oyalari asosida bormoqda. Musulmon mamlakatlari birlashishi, kuch va imkoniyatlarini safarbar qilishda hamjihat bo’lish maqsadida, Butun Osiyo Islom kongressi (BIK), Islom olami Ittifoqi (IOI), Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT), Islom Banklari halqaro uyushmasi (IBXU), Islom birdamligi (IB), Islom olami ligasi (IOL) va boshqalar mavjud.
Hozirgi davrda sobiq SSSR o’rnida vujudga kelgan Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlarda, jumladan O’zbekis-ton respublikasida ham islomning mavqyei va ta’siri kuchaydi, dindorlar faollashdi, diniy tashkilotlar aktiv ish olib bormoqda. O’zbekiston musulmonlari idorasi boshqarmasi hay’ati, uning raisi - muftiy janoblari xalqaro musulmon mamlakatlari tashkilotlari ishlarida faol qatnashmoqda, turli musulmon davlatlaridan mamlakatimizga tez-tez mehmonlar kelib, bizda islom qanchalik izzatda ekanini ko’rib mamnun bo’lmoqda. «Sobiq sho’ro davrida respublikamizda bor-yo’g’i 89 ta masjid va 2 ta madrasa faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, hozir O’zbekiston musulmonlari idorasi boshqaruvi ostida rasmiy ro’yxatdan o’tgan, barcha qulayliklar yaratilgan 1700 masjid, 10 ta madrasa va Toshkent Islom instituti faoliyat ko’rsatib turibdi.
Shuningdek, 1999 yil 9 aprel kuni prezidentimiz I.A.Karimovning farmoniga asosan Toshkent Islom Universiteti tashkil etildi.
Har yili mazkur oliygoh islom tarixi va falsafasi, diniy qonunchilik, iqtisod va tabiiy fanlar fakultetlariga 100 dan ortiq talabalarni qabul qiladi». (Qarang: Dinlar haqida ma’lumot. Toshkent-2000. Buklet. 2-buklam)
Do'stlaringiz bilan baham: |