Boshlang‘ich balans va yakuniy balans har qanday hisobchilikning alfa va omegasini tashkil etadi.
I.F.Sher.
Buxgalteriya balansining mohiyati va tuzilishi
Korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatini baholash va ularga rahbarlik qilish hamda boshqarish uchun korxona qanday mablag‘larga ega; ularning tarkibi, joylanishi va ishlatilish darajasi, shuningdek, ushbu mablag‘lar manbalari to‘g‘risida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish zarur. Buning uchun buxgalteriya balansi tuziladi. «Balans» so‘zi lotincha bo‘lib, uning aynan tarjimasi «bis»- ikki karra va «lans» tarozi pallasi, ya’ni tarozi ikkita pallasining tengligi degan ma’noni, muvozanat tenglik ramzini bildiradi. Tarozi muvozanat ramzi sifatida buxgalterlarning Xalqaro gerbida ham aks ettirilgan.
Buxgalteriya hisobida «balans» tushunchasi ikkita ahamiyat kasb
etadi:
Jamlangan summalar tengligi, ya’ni schotlarning debeti bo‘yicha
summalar jami va krediti bo‘yicha summalar jamining tengligi, har bir sintetik schot ma’lumotlarining (boshlang‘ich qoldig‘i, debet va kredit oborotlari, oxirgi qoldig‘i) mazkur sintetik schotga tegishli analitik schotlar ma’lumotlariga tengligi, balans aktividagi moddalar summalari jami va passividagi moddalar summalari jamining tengligini ifodalaydi;
Moliyaviy hisobotning asosiy shakli bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi subyektning ma’lum sanadagi mulkiy va moliyaviy ahvolini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar tizimini ifodalaydi.
Buxgalteriya hisobining metodini tashkil etuvchi boshqa usullar (elementlar) orasida bunday ikki tomonlama ahamiyat faqat buxgalteriya balansiga xosdir.
Bunday ikki tomonlamalikda nafaqat qarama-qarshiliklar birligi qonunining mohiyati, balki korxona moliyaviy ahvolini baholash uchun asos ham mujassamlashgan. Alohida balans moddalarining tarkibida aks
ettiriladigan hisob obyektlarining iqtisodiy mohiyatini tushunishni osonlashtirish maqsadida balansda guruhlangan holda aks ettiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilar, xususan, potensial investorlar va kreditorlar balansdagi alohida guruhlar va guruhchalarning mazmunini, ular o‘rtasidagi munosabatlarni, o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadilar.
Ushbu ahamiyatli jihatlariga asoslanib buxgalteriya balansini quyidagicha ta’riflash mumkin:
Balans ikkita o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tarkibiy qismdan iborat: aktiv va passiv. Bu atamalar ham lotincha bo‘lib, aynan tarjimasi «activus»- aktiv, faol va «passivus» - passiv, faoliyatsiz degan ma’nolarni bildiradi. Balans aktivida mablag‘lar tarkibi, joylanishi va ishlatilishiga qarab; passivida esa mablag‘larning tashkil topish manbalari: ularning kimniki ekanligi va qanday maqsadga mo‘ljallanganligiga qarab guruhlangan holda, pul ifodasida ma’lum bir sanaga aks ettiriladi.
Balans aktivi va passivi hamma vaqt o‘zaro teng bo‘lishi shart.
Balans aktivi va passivining o‘zaro tengligi uning aktivida ham, passivida ham bir xil xo‘jalik mablag‘lari aks ettirilishidan kelib chiqadi, lekin aktivda mablag‘lar tarkibi, joylanishi va ishlatilish shakli bo‘yicha, passivda esa tashkil topish manbalari va maqsadli tayinlanishi bo‘yicha aks ettiriladi.
Aktiv va passivning o‘zaro tengligi ulkan nazorat ahamiyatiga ega bo‘lib, buxgalteriya yozuvlarining to‘g‘riligini tekshirish va hisobot tuzishda foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonuni va buxgalteriya hisobining xalqaro hamda milliy standartlariga muvofiq moddiy boyliklar balansda aks ettirilganda, quyidagicha baholanadi: asosiy vositalar (ishlatilayotgani hamda zaxirada yoki konservatsiyada saqlanayotgani) - ularning qoldiq qiymati bo‘yicha; xomashyolar, asosiy va yordamchi materiallar, yoqilg‘ilar, sotib olingan yarim tayyor mahsulotlar va yig‘ib tuzatiladigan buyumlar, ehtiyot qismlar, idish va moddiy qiymatliklar (tayyorlash va omborga tashib keltirish sarflarini qo‘shgan holda); tayyor mahsulotlar, xo‘jalikning
o‘zida yetishtiriladigan urug‘lik, yem-xashak va yosh chorva mollari– chakana bahoda, ulgurji omborlar va savdo qiluvchi yoki savdo-ta’minot tashkilotlarida esa chakana bahoda yoki xarid qilingan qiymati bo‘yicha aks ettiriladi.
Aktivda moddiy mablag‘lar, tugallanmagan ishlab chiqarishdagi mablag‘lar, pul mablag‘lari, debitorlar kelgusi davr uchun sarflangan mablag‘lar, aylanishdan tashqari (chetlashtirilgan) mablag‘lar, passivda esa ustav kapitali, qo‘shilgan kapital, rezerv kapitali, taqsimlanmagan foyda, budjetdan moliyalashtirish, bank kreditlari, korxonaning kreditor qarzlari, berilmagan mehnat haqi va daromadni taqsimlash bo‘yicha majburiyatlar kabilar aks ettiriladigan moddalar bo‘ladi.
Shunday qilib, balans tuzilishiga xo‘jalik mablag‘lari va ularning tashkil topish manbalari hamda iqtisodiy mazmuni asos bo‘ladi.
Buxgalteriya balansi aktiv va passividagi moddalar mablag‘larning tarkibi, joylanishi va tashkil topish manbalari bo‘yicha iqtisodiy tasniflanishiga muvofiq ikkita bo‘limga guruhlanadi.
Korxona balansining aktivi tarkibiga quyidagi bo‘limlar kiradi:
I. «Uzoq muddatli aktivlar»; II. «Joriy aktivlar».
Passivda esa yuqoridagi bo‘limlar qarshisida quyidagi bo‘limlar joylashgan:
I. «O‘z mablag‘lari manbalari»; II. «Majburiyatlar».
Balans aktivi va passividagi alohida bo‘limlarning o‘zaro bog‘liqligini 4.1-rasmda ko‘rsatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |