Amaliyot – odamlarning tarixan shakllangan ehtiyojlarini qondirish uchun u yoki bu ob’ektni o‘zgartirish maqsadida unga ta’sir ko‘rsatish faoliyatidir. Bilishga nisbatan amaliyot uch xil vazifani bajaradi. Birinchidan, u bilishning manbai, harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi, bilishga umumlashtirish va nazariy o‘rganish uchun zaruriy material beradi. Shu tariqa amaliyot bilishni oziqlantiradi, u real hayotdan uzoqlashishga yo‘l qo‘ymaydi. Ikkinchidan, amaliyot bilimlarni tatbiq etish sohasidir. Shu ma’noda u bilishning maqsadidir. Uchinchidan, amaliyot bilish natijalarining haqiqiyligini tekshirish mezoni. Bilishning amaliyot sinovidan o‘tgan natijalarigina amalda ob’ektiv ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, amaliyot – barcha bosqichlarda bilishning shakllanish va rivojlanish negizi, bilim manbai, bilish jarayoni natijalarining haqiqiyligi mezondir. Tajriba tushunchasi har xil ma’noga ega: tajriba (empiriya) mavhum fikr yuritishga qarshi qo‘yiladi va shu ma’noda u kuzatish va eksperimentni tushunish hisoblanadi. Hayot tajribasi, mashina haydash, ma’ruzalar o‘qish va shu kabilar ma’nosidagi bilim va ko‘nikmalar darajasi ham tajriba deb ataladi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, inson borliqni yolg‘iz o‘zi tushunib yetmaydi: haqiqatni bilish tajribaga asoslanadi, deganda, ildizlari o‘tmishga, asrlarning yig‘ma va jamlanib boradigan tajribasiga borib taqaluvchi vorisiy axborot nazarda tutiladi. Individual tajriba, agar u mavjud bo‘lgan taqdirda ham, haqiqatni anglash uchun mutlaqo yetarli bo‘lmaydi.
Amaliyot falsafasi. Inson – faol mavjudot. Yunoncha «praktikos» so‘zi faol degan ma’noni anglatadi. Shuningdek amaliyot insonning faoliyatidir.
Inson faoliyati sifatida amal qiladigan hamma narsa amaliyotdir. Til, madaniyat va uning ko‘p sonli tarkibiy qismlari amaliyot turlaridir. Ko‘pincha amaliyot deganda moddiy amaliyot, ya’ni vositasi va mahsuli sifatida predmetli moddiy dunyo amal qiladigan faoliyat tushuniladi. Biroq moddiy amaliyot ham amaliyot turlaridan biri, xolos.
Antik jamiyatda jismoniy mehnatni bajarish qullar vazifasi hisoblangan. Hatto san’atga ham past nazar bilan qaralgan. Dono odamning mushohada qilishi faoliyatning eng oliy shakli sifatida tan olingan. Borliqqa nisbatan bunday yondashuv amaliyot muammosini inson aqli sohasiga ko‘chirgan. Amaliyot haqidagi ta’limot (praksiologiya) axloq, yaxshi xulq haqidagi ta’limot sifatida amal qiladi. Axloqni o‘rganish antik falsafaga ham, qadimgi hind falsafasiga ham xos. Amaliyotni axloqiy tushunish an’anasi butun jahon falsafasi orqali o‘tadi. Qadimgi manbalardan biri “Avesto”da amaliyot inson moddiy va ma’naviy hayotini yaxshilashga intilishida namoyon bo‘ladi. Jumladan, mehnat qilib, boylik yaratib, tashlandiq joylarga ishlov berib, sug‘orib obod qilgan sut, go‘sht, don yetishtirib, farovonlikni ta’minlagan dehqonlar, chorvadorlar, bog‘bonlar ovchilar, hunarmandlar ulug‘langan. Asarda“Kimki ham chap qo‘li va ham o‘ng qo‘li bilan yerga ishlov bersa, u yerga foyda keltiradi” deb ta’kidlanadi.
Shunday qilib, amaliyot turli falsafiy yo‘nalishlarda har xil talqin qilinadi. Amaliyot kategoriyasi keng va tor ma’noda yo insonning har qanday faoliyati, yo uning faqat moddiy faoliyati sifatida tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |