3.13. Taraqqiyot psixologiyasi.
Taraqqiyot psixologiyasi — shaxsning psixik rivojlanish qonuniyatla-rini inson tug‘ilishidan to umrining oxirigacha bo‘lgan davrni, ya’ni ontogenezni o‘rganadigan psixologiya sohasi. Taraqqiyot psixologiyasi bolalar psixologiyasi sifatida XIX asrning oxirida vujudga kelgan bo‘lib, u fan va texnika taraqqiyoti, jamiyat talabiga binoan bolalar psixologiyasi taraqqiyotida qo‘llanilgan. Yosh psixologiyasi hozirgi zamonda bolalar psixologiyasi, o‘smirlik va o‘spirinlik psixologiyasi, yetuklik psixologiyasi, gerontopsixologiyadan iboratdir. U insonning ontogenezda rivojlanish jarayonida psixik holatlarning kechishi, psixik funksiyalarning roli, ularning o‘zgarishi, harakatlantiruvchi kuchlar, mexanizmlar, ta’sir o‘tkazuvchi ob’ektiv va sub’ektiv faktorlar, taraqqiyot qonuniyatlarini tadqiq qiladi. Taraqqiyot psixologiyasi umr o‘tishi bilan psixologik farqchar, individualpsixologik xususiyatlar o‘rganishini o‘rganadi, tadqiqotlarda madaniy, ijtimoiy- tarixiy, milliy ta’sirni hisobga oladi. Shuning uchun taraqqiyot psixologiyasining ob’ektlari o‘ta murakkab bo‘lib, taraqqiyotlar taraqqiyotini tekshirishni taqozo qiladi. Jahon psixologiyasida to‘plangan barcha nazariy materiallarga, shu jumladan, genetik modellashtirish (L.S. Vigotskiy) metodlariga, egizaklar metodiga va shunga o‘xshash o‘ta murakkab jarayonlarning longityud (uzluksiz) uslubi yordamida tekshirishga asoslanadi. Taraqqiyot psixologiyasining asosiy vazifalaridan biri — bolani psixik rivojlanishining ijobiy shaklda tashkil etilishi, yosh davrlari inqirozi bosqichlari, jarayonlari va paytlarida psixologik yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iboratdir. Taraqqiyot psixologiyasi pedagogik psixologiyaning ilmiy, amaliy, tajribaviy asosi bo‘lib hisoblanadi, lekin boshqa sohalari bilan ham uzviy alohida faoliyat ko‘rsatadi, inson kamolotining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida ijtimoiy ahamiyatga molik materiallar to‘playdi.
3.14. Shaxs psixologiyasi.
Odam dunyoga odam bo‘lib keladi. Bu ta’kid yuzaki qaragandagina isbot talab qilmaydigan haqiqat bo‘lib va takrorlanaverib siyqasi chiqib ketgan ibora bo‘lib tuyuladi. Gap shundaki, bu o‘rinda xususan insoniy belgilar va fazilatlarning rivojlantirilishi uchun tabiiy shart-sharoitlar paydo bo‘lishi genetik jihatdan oldindan belgilab qo‘yilganligi ta’kidlanadi. Dunyoga kelayotgan chaqaloqning gavda tuzilishi unda tik yurish uchun imkoniyatning mavjudligini taqozo etsa, miyasining tuzilishi aqli-hushining rivojlanishi uchun imkoniyat tug‘diradi, qo‘llarining shakl-shamoyili mehnat qurollaridan foydalanish istiqbolining mavjudligini ko‘rsatadi va hokazo. Bular bilan chaqaloq o‘z imkoniyatlari yig‘indisiga binoan odam har qanday holatda ham bu xildagi fazilatlar yigindisining sohibiga aylana olmaydigan hayvon bolasidan farq qiladi. Shunday qilib, yuqorida aytilganlar orqali chaqaloqning inson zotiga mansubligi tasdiqlanadi va bu fakt individ tushunchasida qayd etiladi (bundan farqli o‘laroq, hayvon bolasi dunyoga kelishi bilanoq va hayotining oxiriga qadar jonzot deb yuritiladi). «Individ» tushunchasida kishining nasl-nasabi ham mujassamlashgandir. Yangi tug‘ilgan chaqaloqni ham, katta yoshdagi odamni ham, mutafakkirni ham, aqli zaif ovsarni ham, yovvoyilik bosqichidagi qabilaning vakilini ham, madaniyatli mamlakatda yashayotgan yuksak bilimli kishini ham individ deb hisoblash mumkin.
Shunday qilib, konkret kishini individ deb ataganda biz juda ko‘p narsalarni aytgan bo‘lamiz. Aslini olganda, bu bilan uning potensial ravishda inson ekanligi aytilgandir.
Uning bundan keyingi va hatto juda ham umumiy tarzdagi ta’rifi fazilatlarining bayon etilishi va izohlanishini taqozo qiladi. Bunday fazilatlarsiz u faqat boshqalarga o‘xshamaydigan emas, balki ular kabi harakat qilmaydigan, fikrlamaydigan, iztirob ham chekmaydigan, jamiyat a’zosi sifatida, tarixny jarayonning ishtirokchisi sifatida ijtimoiy aloqalarga jalb ham etilmagan real kishi emas, balki demografik ma’lumotnomalardagi jonsiz birlik holida qoladi, xolos Individ sifatida dunyoga kelgan kishi aloxida ijtimoiy fazilat kashf etadi, shaxs bo‘lib yetishadi. Individ hali bolaligidayoq tarixan tarkib topgan ijtimoiy munosabatlar tizimiga jalb etiladi. U bu tizimni allaqachon tayyor holda uchragandi. Kishining jamiyatdagi bundan keyingi rivojlanishi munosabatlarning shu qadar chigalliklarini vujudga keltiradiki, bu hol uni shaxs sifatida shakllantiradi.
Psixologiyada individ tomonidan amaliy faoliyat va munosabat jarayonida hosil qilinadigan hamda ijtimoiy munosabatlarning individga ta’sir o‘tkazish darajasi va sifatini belgilaydigan tizimli tarzdagi ijtimoiy fazilat shaxs tushunchasi bilan ifoda etiladi.
Ijtimoiy munosabatlar tizimini o‘zida mujassamlashtirish sub’ekt bo‘lish degan ma’noni anglatadi. Katta yoshdagi kishilar bilan o‘zaro munosabatlarga jalb etilgan bola dastavval ular faolligi ob’ekti tarzida, lekin unta katta yoshdagilar uning rivojlanishidagi yetakchi omil sifatida tavsiya qiladigan o‘sha faoliyat tarkibini egallagan, masalan, ta’lim olgan holda ish ko‘radi, o‘z navbatida ana shu o‘zaro munosabatlarning sub’ektiga aylanadi.
Ijtimoiy munosabatlar ular sub’ektining allaqanday tashqi mohiyati emas, balki individning ijtimoiy fazilati tarzidagi shaxsning bir qismi, yo‘nalishi, jihati sifatida namoyon bo‘ladi.
Agar boshqa barcha jonli mavjudotlardan farqli o‘laroq, inson nasl-nasabining mohiyati barcha ijtimoiy munosabatlar majmuidan iborat bo‘lsa, u holda har bir konkret kishining mohiyati, ya’ni shaxs tarzidagi alohida individga xos abstrakt sub’ekt sifatida u jalb etiladigan konkret ijtimoiy bog‘lanishlar va munosabatlar majmuasini tashkil etadi. Ular, o‘sha bog‘lanishlar va munosabatlar, undan tashqaridadir, ya’ni ijtimoiy hayotdadir va shuning uchun ham shaxssiz, ham ob’ektivdir (qul quldorga batamom qaramdir) va shu bilan birga ular shaxs sifatida uning ichkarisida, uning o‘zida mujassamdir va shunga ko‘ra sub’ektivdir (u quldorni yomon ko‘radi, unga itoat qiladi yoki unga qarshi isyon ko‘taradi, umuman unga nisbatan munosabat bildiradi, u bilan ijtimoiy jihatdan taqozo etiladigan alokalar o‘rnatadi).
«Individ» va «shaxs» tushunchalarining o‘xshashligi emas, balki birligi haqidagi fikr quyidagicha tarzda o‘rtaga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan savolga javob berilishini taqozo qiladi: shaxs bo‘lib hisoblanmagan individning mavjud bo‘lishi yoki aksincha individning konkret sohibi sifatida undan tashqarida va usiz mavjud bo‘lish fakti ko‘rsatilishi mumkinmi? Taxminiy tarzda fikr yuritilgan taqdirda unisi ham va bunisi ham bo‘lishi mumkin. Agar kishilik jamiyatidan tashqarida voyaga yetgan individni hayolan tasavvur qilinadigan bo‘lsa, bu holda u birinchi bor odamlarga duch kelib, biologik jonzotga xos individual xususiyatlardan bo‘lak hech qanday, yuqorida aytilganidek, kelib chiqishi jihatidan hamisha ijtimoiy-tarixiy harakter kasb etadigan shaxsiy fazilatlarga ega ekanligini namoyon qila olmaydi balki tevarak-atrofdagi odamlar mabodo uni birgalikdagi faoliyat va munosabat jarayoniga «torta olishgan» taqdirda ularning paydo bo‘lishi uchun zarur tabiiy shart-sharoitlargagina ega bo‘ladi. Hayvonlar orasida tarbiyalangan bolalar tajribasini o‘rganish bu vazifani amalga oshirishning g‘oyat darajada murakkabligidan dalolat beradi. Qarshimizda hali shaxs sifatida kamolatgaerishmagan individ bo‘ladi. Real individni gavdalantirmaydigan shaxsning paydo bo‘lish imkoniyatlari mavjudligi muayyan istisnolar bilan tan olinishi ham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |