3-Mavzu: BORLIQ? ONTOLOGIYA VA METAFIZIKA.
REJA:
Borliq va uning asosiy shakllari.
Hozirgi zamon fani materiya haqida.
Substansiya tushunchasi
Tayanch tushunchalari.
Borliq, ontologiya, yo‘qlik, mavjudlik, moddiylik, ruhiylik, ob‘yektiv va sub’yektiv borliq, borliqning anorganik, organik va ijtimoiy shakllari, voqeylik (reallik), materiya, materiyaning modda va maydon ko‘rinishlari, harakatning asosiy shakllari, fazo(makon) va vaqt (zamon)ning o‘lchamlari va ularning cheksizligi muammosi.
Kirish.
Hurmatli talabalar biz oldingi ma’ruzamizda falsafa tarixini, xususan temuriylar davri falsafasidan boshlab X1X asr oxiri vaXX asr falsafasigacha bo‘lgan davrni tahhlil qilib chiqqan edik. Temuriylar davri falsafasiga xos bo‘lgan xususiyatlarni, Amir Temurning fan va madaniyatni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi haqida gapirishgan edik. Endi bugungi ma’ruzamiz falsafaning asosiy mavzularidan bir - borliq muammosiga bag‘ishlanadi.
Borliq va uning asosiy shakllari.
Ma’lumki, falsafa bir necha tarkibiy qismlardan iborat shularning biri sifatida ontologiyani ko‘rsatishщimiz mumkin. Ontologiya so‘zi yunoncha «ontos» (mavjudlik, borliq) va «logos»(ta’limot) so‘zining birikmasidani tashkil topgan bo‘lib, borliq haqidagi ta’limot deganini anglatadi. Bu atamani birinchi bor R.Gokleinusning «Falsafa lug‘ati»da, so‘ngra X.Volfning falsafaga oid darsliklarida qo‘llanilgan.
Falsafa tarixida ham borliq muammosiga doimiy ravishda e’tibor kuchli bo‘lgan. Birinchi bor borliq tushunchasini falsafaga qadimgi yunon mutafakkiri Parmenid olib kirgan. Uning fikricha real voqelik mavjud ekan, demakki borliq ham mavjud, olam faqat borliqdan iborat undan boshqa hech narsa yo‘q. Borliq na o‘z ibtidosiga na nixoyasiga ega va shuning uchun ham u abadiy va yagonadir.
Yana bir faylasuf Aflotun borliq va butun tabiatni g‘oyalar mahsuli deb talqin qiladi. Moddiy dunyo o‘tkinchi, g‘oyalar dunyosi esa o‘zgarmas va abadiydir. Aflotunning shogirdi Aristotel o‘z ustozining «Mutloq g‘oyasini» qattiq tanqid ostiga oladi. SHu o‘rinda Aristotelga tegishli quyidagi mashhur tarixiy iborani yod olsak o‘rinli bo‘ladi: «Aflotun do‘stim bo‘lsa ham haqiqat menga qadrliroqdir». Aristotel «g‘oyalar»ning foydasizligini, uning sababiy bog‘lanishini inkor etadi. Aristotelning borliq haqidagi ta’limotida moddiy narsalarning ob’ektiv mavjudligi tan olinadi. Narsalarning mohiyati g‘oyalarda emas, ularning o‘zidadir. Fransuz faylasufi Rene Dekartda borliq sifatida boshlang‘ich ruh ya’ni fikrldovchi «men» chiqmoqda. Bu o‘rinda uning «Men fikrlayapman demak men mavjudman» degan mashhur tarixiy iborasini eslasak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dekartda borliq moddiy hamda ma’naviy (ruhiy) substansiya shaklida namoyon bo‘ladi. Moddiy substansiya borliqning ko‘lami bilan, ma’naviy substansiya esa tafakkur bilan belgilanadi. YAna bir boshqa faylasuf Jorj Berkli «hamma narsalar bu bizning sezgilarimiz kompleksidan iboratdir», - degan shiorni o‘rtaga tashlaydi. Uning fikricha real narsalar o‘z holicha ob’ektiv reallikda mavjud bo‘lmaydi, faqat inson fikridagina o‘z realligini topishi mumkin. Gegel borliqni mavhumlik, «mutloq ruh»ning namoyon bo‘lishi deb ta’riflaydi.
Markaziy Osiyo falsafasida ham borliq muammosiga e’tibor kuchli bo‘lgan. Zardushtiylik ta’limotida borliq quyosh va olovning hosilasidir, alangalanib turgan olov borliqning asosiy mohiyatini tashkil qiladi, u borliqqa jon baxsh etadi deb hisoblangan. Islom ta’limotida borliq, bu – ilohiy voqelikdir. Bu borada vahdadi – vujud va vahdadi mavjud ta’limotlari bo‘lgan. Forbiy fikricha, ilk borliq bu Allohning o‘zidir, u azaliydir. Beruniy fikricha, borliq shunday umumiylikki, u hamma narsaning asosida yotadi va h.k. Biz borliq haqidagi bunday ta’riflarni cheksiz keltirishmiz mumkin, lekin maqsadimiz borliq haqidagi ta’limotlarni emas, aksincha uning mohiyatini anglab olishdan iboratdir. SHuning uchun shu erda qisqacha hotima yasab, quyidagi xulosaga kelsak o‘rinli bo‘ladi. Demak, borliq haqidagi ta’limotlarni materialistik va idealistik monizm, dualizm hamda plyurealizm kabi yo‘nalishlarga ajratib ko‘rsatishimiz mumkin bo‘ladi.
Ayrim materialistik adabiyotlarda borliqni ob’ektiv reallik, materiya bilan aynanlashtirib tushuntirishga harakat qilinadi. Masalan, 1983 yilda moskvada nashr qilingan «Falsafiy ensiklopedik lug‘at»da ta’riflanishicha- «borliq insonga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan ob’ektiv olamni ifodalovchi falsafiy tushunchadir»1 .
Ko‘rib turganimizdek, bu erda borliq ob’ektiv reallik, tushunchasi bilan aynanlashtirib tushuntirilmoqda. Aslida esa borliq inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan ob’ektiv narsa, hodisa va jarayonlarnigina emas, balki inson ongining ijodiy mahsuli bo‘lmish uning fantaziyalarini ham o‘z ichiga qamrab oladi. SHu hodisani quyida kengroq tushuntirib berishga harakat qilamiz.
Atrofdagi barcha narsalar va hodisalar o‘zgaruvchan va o‘zaro aloqadorlikdadir. Hattoki Misrdagi piramidalar ham oldingi holatiday emas, balki o‘zgargandir. SHuni ham ta’kidlash lozimki ko‘pgina narsalar va hodisalar bizgacha mavjud bo‘lgan, hozir ham bor, bizdan keyin ham ming yillar mavjud bo‘lishi mumkin. Ba’zi narsa va hodisalar yaqinda vujudga kelgan bo‘lishi mumkin va biroz vaqt mavjud bo‘lishi mumkin. Ba’zi bir narsa va hodisalar uzoq mavjud bo‘lib turmasdan qisqa davr mavjud bo‘lishi mumkin. Ba’zi bir narsa va hodisalar esa ma’lum bir soatlar, daqiqalar, soniyalar mavjud bo‘lib turishi mumkin. Ushbu olamdagi narsa va hodisalarning murakkabliklarini tushunish uchun fanda biz yuqorida murojaat qilgan voqelik (reallik) tushunchasi kiritilgan.
Voqelik - narsa va hodisalarning o‘tmishda, hozirgi va kelgusidagi holatlarining majmuasidir. Voqelik juda murakkabdir, chunki narsa va hodisalarning holati doimo o‘zgarishdadir. Tabiatdagi narsalar, hodisalar va jarayonlar, inson hatti - harakatlari, davlat tizimi vujudga keladi, yo‘q bo‘ladi, ba’zan ular uzoq vaqt saqlanib qolishi ham mumkin. SHuning uchun doimo voqelikda vujudga kelish, shakllanish, mavjud bo‘lish, yo‘q bo‘lishga o‘rin bor.
Voqelik - ob’ektiv va sub’ektiv bo‘ladi.
Narsalar, aytaylik tog‘ jinsidagi olmos kristali inson paydo bo‘lguncha million yillar ilgari vujudga kelgan bo‘lishi mumkin. Biz u haqda hech narsa bilmasligimiz mumkin. U bizning ongimizga bog‘liq bo‘lmagan holda, undan tashqarida mavjud bo‘ladi.
Bunday inson ongidan tashqaridagi barcha narsalarni qamrab olgan reallik ob’ektiv voqelik hisoblanadi.
Ximik olim olmos kristallari qanday atom va ionlardan tuzilganligini, ular o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjudligini, suniy olmos tayyorlashda bo‘ladigan fizikaviy, ximik, texnologik jarayonlarni bilishi mumkin. Ammo u suniy olmos hali tabiatda yo‘q. u faqat olimning miyasida fikrlar shaklida mavjud.
Demak bu bizni ongimizda, tafakkurimizda bo‘lganligi uchun sub’ektiv voqelik hisoblanadi. U fikr, tasavvur, tushuncha, timsol(obraz), ilmiy va noilmiy bilimlar shaklida bo‘ladi.
Demak, borliq ob’ektiv va sub’ektiv voqelik birligidan iboratdir.
Borliq moddiylikni, ma’naviylikni, o‘tmishni, kelajakni, o‘limni, hayotni, ruhni va jismni qamrab oluvchi tushunchadir. Atrofimizdagi odam, olam, tabiat, jamiyat, tafakkur, g‘oyalar, o‘y hayollarimizning biri, ularning barchasi birday mavjuddir, ular turli tarzda va shakllarda namoyon bo‘lib, ularning hammasi mavjudlik belgisi ostida umumlashib, borliq tushunchasiga kiradi. Xulosa sifatida quyidagi ta’rifni keltirishimiz mumkin:
Borliq – yuqori darajadagi umumiy abstraksiya bo‘lib, shu bois mavjudlik belgisiga ega bo‘lgan barcha narsalarni, ya’ni moddiy jismlar, jarayonlar, hodisalar, ular o‘rtasidagi munosabat, hususiyat, aloqadorliklar va hatto inson fantaziyasini ham o‘z ichiga qamrab oluvchi o‘ta keng tushunchadir.
Adabiyotlarda borliq tushunchasiga ta’rif berilayotganda uni mavjudlik va reallik tushunchalar bilan taqqoslagan holda tahlil qilishib, mavjudlikni borliqning hozirgi paytda namoyon bo‘lib turgan qismi, reallikni esa mavjudlikning hammaga ayon bo‘lgan ular tomonidan tan olingan qismi deyishadi va o‘z navbatida har ikkalasini ham borliqda jamlanuvchi tushuncha sifatida baholashadi.
Borliqning asosiy shakllari quyidagilar:
- moddiy predmetlar, jarayonlar borlig‘i;
- inson borlig‘i;
- ma’naviy borliq;
- ijtimoiy borliq.
Moddiy predmetlar borlig‘iga tabiatdagi barcha narsalar, eng mayda zarrachalardan tortib to Er, Quyosh, koinotgacha kiradi. Ikkinchi tabiat ham moddiy borliqqa kiradi.
Inson borlig‘iga muayyan bir ijtimoiy guruh, tabaqa, sinfga mansublik, o‘ziga xos manfaatga ega bo‘lgan, o‘zligini anglay biladigan shaxslar kiradi.
Ma’naviy borliqqa inson tomondan yaratilgan qadriyatlar majmuosi - ya’ni madaniyat, til, ilm-fan, axloq-odob qoidalari kabilar kiradi.
Ijtimoiy borliq jamiyat hodisalarining barcha turlarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Falsafa tarixida borliq kategoriyasini tahlil qilishganda substansiya va substrat tushunchalariga murojaat qilishadi. Substansiya (lotin. Substansia – mohiyat, asosda yotuvchi narsa) muayyan narsalar, voqealar, hodisalar va jarayonlar hilma-hilligining ichki birligida namoyon bo‘luvchi mohiyat. Substansiyani tahlil qilishda falsafada ontologik va gnoseologik yo‘nalishlar farqlaniladi. Ontologik yondashishga ko‘ra substansiya borliqning eng tub asosini tashkil qiluvchi muayyanlik deb ta’riflanadi. Masalan, F.Bekonda substansiya borliqning muayyan shakli bilan aynanlashtirilgan. R.Dekart borliqning asosida bir biridan mustaqil bo‘lgan ikki xil borliqning ko‘lami bilan ifodalanuvchi moddiy va tafakkur bilan belgilanuvchi ma’naviy substansiya ajratiladi. B. Spinozada esa tafakkur va ko‘lam – ikki xil mustaqil substansiya emas, balki yagona substansiyaning ikki xil atributi sifatida ko‘rsatiladi va h.k.
Gnoseologik yondashish bo‘yicha substansiya olamning asosida yotuvchi shartli g‘oyalardan iboratdir (J.Lokk). J.Berkli esa ham moddiy ham ma’naviy substansiyaning mavjudligini inkor etgan va u substansiya deb dunyoni idrok qilishning gipotetik assotsiatsiyasini anglagan. Gegelda «mutloq g‘oya» va «mutloq ruh» substansiya deb qaralgan.
Hozirgi zamon falsafasining ekzistensialistlar singari yo‘nalish tarafdorlari substansiya kategoriyasiga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lib, ularning fikricha bu katengoriya borliqning mohiyati haqidagi tasavvurni juda ham primitivlashtirib yuboradi.
Borliqni tahlil qilishda substrat (lotin. Substratum – asos, to‘shama, taglik) narsa va hodisalarning umumiy moddiy asosi; nisbatan oddiy va sifat jihatdan elementar bo‘lgan moddiy yoki g‘oyaviy tuzilmalar majmuasi. Falsafada substrat sifatida mutloq elementar va bo‘linmas asoslar tushinilgan. Masalan, Pifagorda son – miqdor, Geraklitda – olov, Falesda – suv, Anaksimenda – havo, Demokritda – atom va h.k.
Falsafada borliq kategoriyasini tahlil qilishganda yana yo‘qlik tushunchasiga ham murojaat qilishadi. Xo‘sh yo‘qlik nima? Bu tushunchani qanday tahlil qilish mumkin? Darhaqiqat, borliq bu muayyan narsalar shaklida va muayyan sifatiy holda mavjud bo‘lgan yaxlit ob’ektiv va sub’ektiv reallikdir. Yo‘qlikni ta’riflash esa bir muncha mushkulroq. Agar borliq mutloq bo‘lsa yo‘qlik esa nisbiy tushuncha bo‘lib, makonga va vaqtga nisbatan ifodalanadi. Masalan, Yo‘qlik deb, o‘tmishdagi va kelajakdagi hodisalarning hozirgi zamonda yo‘qligini aytishadi. Yo‘qlikni gnoseologik ma’noda ham tushunish mumkin, ya’ni bilimlarimiz chegarsining doimiy ravishda kengayib borishi, bugun ma’lum bo‘lmagan sir-asrorlarning ertaga ma’lum bo‘lishi (o‘tmishda materiyaning modda va maydon ko‘rinishga ega bo‘lishi ma’lum bo‘lmaganligi, yoki bugungi kunda fizik vakuum hususiyatlarining bizga ma’lum bo‘lmagan tomonlari va h.q.) bilan izohlashimiz mumkin. Demak, borliq mutloq bo‘lib, yo‘qlik nisbiy tabiatga ega bo‘lgan hodisa ekanligi haqidagi to‘g‘ri xulosaga kelishimiz mumkin.
Borliqning eng muhim belgilari uning ob’ektivligi, moddiyligidir.
Borliq ongga nisbatan birlamchi, uni hosil qiladi va rivojlanishini shartlaydi. Materiyasiz va undan tashqarida borliq yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Borliqni materiyadan ajratish, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish idealizmga olib boradi.
Butun falsafa tarixida materializm va idealizm vakillari dunyoning birligi masalasi atrofida kurashib kelishdi.
Idealist faylasuflarning fikricha dunyoning birligi barcha narsalar va hodisalar tabiatdan tashqarida undan oldin mavjud bo‘lgan qandaydir g‘oyaning mahsulidir.
Gegelning ta’limotiga ko‘ra, hamma narsalar va hodisalar tabiatdan tashqaridagi “mutlaq g‘oyaning” mahsulidir.
Nemis olimi E.Dyuring fikricha dunyoning birligi uning mavjudligidadir.
Ilmiy falsafa bularni tanqid qilib aytadiki dunyoni birligi uni mutlaq ruhdan paydo bo‘lganligida emas, balki uning moddiyligida deydi.
Dunyoning moddiy birligi to‘g‘risidagi ta’limot uchta asosiy nazariy fikrga tayanadi:
1) Materiya ob’ektiv reallikdir, u inson ongidan tashqarida real mavjuddir. Demak dunyoning moddiy birligi insonning sezgilari va tushunchalariga bog‘liq bo‘lmay, bu birlik inson ongidan tashqarida, undan mustaqil va abadiy mavjud bo‘lgan materiyaning xususiyatlari bilan ifodalanadi.
2) Dunyo moddiydir, barcha narsalar va hodisalar materiyaning turli shakllardagi ko‘rinishidan iborat. Olamda faqat materiya va uning aniq sifati va xususiyatlari mavjud. Masalan: oddiy chang zarrasidan suv tomchisigacha, murakkab molekuladan mineralga qadar bo‘lgan narsalarni olib ko‘raylik.Bular turli ko‘rinishlarga, sifat va xususiyatlarga ega bo‘lib, bir-biridan juda farq qiladi. Bularning zaminida hamma jismlar uchun umumiy bo‘lgan substansiya - materiya yotadi. Mana shuni birlik deb ataymiz.
3) Olamdagi barcha narsalar va hodisalar qanday mazmunga, shaklga ega bo‘lishidan va koinotning qaysi erida joylashishidan qat’i nazar, o‘zaro chambarchas bog‘liq hamdir. Tabiatdagi biror predmet yoki jamiyatdagi biror hodisa shu bog‘lanishdan chetda qola olmaydi.
Dunyoning moddiy birligi ilmiy falsafaning asosiy qoidalaridan biri bo‘lib, buning mohiyati olamdagi xilma-xil narsalar va hodisalar asosida bir butun, yagona substansiya - materiya mavjudligini e’tirof etishdan iborat. Olamdagi narsa va hodisalar bir-biridan qanchalik farq qilishiga qaramasdan ular o‘rtasida birlik bor. Bu birlik shundan iboratki olamda yuz beradigan barcha xilma-xil hodisalar - materiyaning turli xossalari va ko‘rinishlaridir. Dunyoning moddiy birligini isbotlashda tabiatshunoslikdagi uchta buyuk kashfiyot katta ahamiyatga ega:
1) Darvinning evolyusion nazariyasi;
2) Energiya va massaning saqlanish qonunini kashf qilinishi, (bu qonunni Mayer va Joul ochgan);
3) Eng oddiy organizmdan tortib odamga qadar hammasi hujayralar, oqsil moddalardan tashkil topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |