2. O‘zbekistonda atmosfera havosi ifloslanishining hozirgi holati
O‘zbekistonda atmosfera havosining sifat va miqdoriy tarkibini shakllanishida tabiiy ifloslantiruvchi manbalar asosan: Qoraqum, Qizilqum va Orolqum cho‘llari hisoblanadi. Antropogen ifloslantiruvchi manbalar sifatida sanoat, energetika va transport tarmoqlari ustuvorlikka ega. 1991 yilda – 3,8 mln. t, 1995 yilda – 2,5, 2000 yilda – 2,3, 2010 yilda 1,9 mln. t chiqindilar chiqarilgan. Shundan 0,6 mln. t turg‘un manbalar, 1,3 mln. t ko‘chma manbalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning asosiy sababi (chiqindilar chiqarishning kamayish tendensiyasi) avvalo mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilishga oid qonun, qonun osti hujjatlari va maxsus dasturlarning amalga oshirilayotganligi, ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash hamda modernizatsiya qilinishi evaziga sodir bo‘lmoqda. Respublikamizda 1989 yildan boshlab avtomobillardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori yiliga 3-5% ga kamayib borishi kuzatilmoqda.
Jami antropogen ifloslovchi zararli tashlamalarda qattiq zarrachalar ulushi sanoat manbalarida 16 % ni, ko‘chma manbalarda 2 % ni tashkil etadi.
Atomosfera havosining chegaralararo ifloslanishida “Tojikiston Alyuminiy Kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (2007 yildan shunday ataladi) TALKO DUK – sobiq Tojikiston alyuminiy zavodi (TojAZ)ning faoliyati bilan bog‘liq keskin ekologik vaziyat saqlanib turibdi. Korxonaning loyihaviy yillik alyumin ishlab chiqarish quvvati 517 ming t, 1975 yilda ishga tushirilgan. 1989 yilda 480 ming t, 2005 yillar atrofida o‘rtacha yiliga 300-350 t alyumin ishlab chiqarilgan. Atmosfera havosiga esa, 1994 yilda 30,3 ming t, 1999 yilda – 24,5 ming t, hozirda qariyb 22,0 ming t zararli chiqindilar chiqarilayotgan bo‘lsa, shuning 120 t dan ortig‘i ftorli vodorodga to‘g‘ri keladi.
3. Atmosfera havosi ifloslanishining oqibatlari va uni muhofaza qilish tadbirlari
Havoning ifloslanishi inson, hayvonot olami, tuproq va o‘simliklar qoplami, umuman ekotizimlarning faoliyatiga sezilarli salbiy ta‘sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, ftorning me‘yordan bir qancha ortib ketganligi Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlari hududida ekologik vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Buning natijasida, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalarda ko‘rilayotgan zararni iqtisodiy baholash amalda juda qiyin va noxushlik to‘g‘diradi. Masalan, tanasiga ftor o‘tirgani tufayli gektariga 100 sentnerdan hosil beradigan uzumzorlar hosildorligi bugun 7 sentnerga tushib qoldi. 1990 yillarga kelib, ilgari yiliga 250 tonnalab pilla yetishtiradgan Sariosiyoda ipak qurti boqish imkoni batamom barbod bo‘ldi. Denov, Uzun va Oltinsoy tumanlarida pilla yetishtirish 3-4 barobar kamayib ketdi (O.Usanov, 2005). Bu ofatning insonlar salomatligiga ko‘rsatayotan ta‘siri, juda-juda ayanchli.
Iqlim isishi qorlardan erigan (qorli) suvlar erishi salmog‘ini kamayishiga va yomg‘ir suvlari miqdorini orttiradi. Natijada Amudaryoda qishki oqim ko‘payib, yozgi oqim kamayadi. Orol dengizi havzasidagi muzliklar 1980-2000 yillar mobaynida o‘zining 1/3 qism hajmini yo‘qotib bo‘ldi. Vegetatsiya davrida daryolar oqimining ko‘zda tutilayotgan kamayishi sug‘oriladigan yerlar va alohida ekotizimlar (sohil bo‘yi, delta va b.) uchun o‘ta noqulaylik tug‘diradi.
Umuman, yomg‘ir hissasining ortishi bilan birga umumiy yog‘ingarchilikning jadallashuvi kutilmoqda, bu yomg‘irlar tufayli toshqinlar, eroziyaning ortishi va suvning loyqalanishiga olib keladi. Natijada tog‘oldi mintaqalari sel faoliyati jadal hududlarga aylanishi muqarrar.
Atmosfera havosining ifloslanishi insonlar salomatligiga, tuproq, o‘simlik qoplami, ayniqsa, qishloq xo‘jalik ekinlari, o‘rmon resurslari, hayvonot dunyosi faoliyatiga yomon salbiy ta‘sir ko‘rsatishi bilan birga, uning ijtimoiy-iqtisodiy zararlari ham kattaligi e‘tirof etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |