FARHOD MUSAJON
O’zining qisqa hajmli va hayojonli hikoyalari, mazmundor qissalari, kichkintoylarni to’lqinlantiradigan p’esalari bilan bolalarning quvonchlariga–quvonch ulashib kelayotgan qalamkashlardan biri Farhod Musajon 1933-yilda Toshkent shahrida tug’ilgan. 1956-yilda ToshMUning Sharq fakultetini tamomlaydi. U bir necha yil O’zbekiston radiosida, “O’zbekiston madaniyati” gazetasida, “o’uncha” jurnalida mehnat qiladi. 1966-yildan esa “O’zbekfilm”da muharrir, bosh muharir vazifalarida ishlab kelmoqda.
Farhod Musajonning ilk asari 1955-yilda e’lon qilingan. Shundan so’ng “Daradagi qishloqda” (1960), “Turdi, qizil bog’ich va men” (1970), “Oftobni quvlab”, (1970), “Chin do’stlik” (1976), “Chevar qiz” (1982), “Buloq suvi” (1982), “Turdi, velosiped va men” (1983), “Glotok rodnikovoy vodo’”, “Tekin tomosha” (1989) kabi kitoblarining maydonga kelishi bolalar uchun katta bayram bo’ldi.
1997-yilda adib o’zining bolalarga atab yozgan barcha hikoyalarini jamlab, yigirma ikki taboqdan iborat katta kitobini qayta ishlagan va to’ldirilgan holda chop ettirdi. Bu kitobini ham ilgarisiga o’xshab “Tekin tomosha” deb atadi. Oldingisidan farqli o’laroq bu kitob uch qismdan iborat: kichkintoylar, o’rtanchalar va o’smirlarga.
Farhod Musajon ijodining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, uning aksar hikoyalari quvnoq yumor hissi bilan sug’orilgan. Adibning barcha hikoyalarida beg’ubor va zavqli bolalik davri ruhiyati saqlangan. Shuning uchun uning hikoyalari oson o’qiladi, oson hazm bo’ladi. Natijada ta’sir kuchi ham ortadi.
Adib ijodining yana bir jihati u o’z personajlarini yomon yoki yaxshi, adabiy atamalar qo’llab aytadigan bo’lsak, salbiy yoki ijobiyga ajratmaydi. Ularga baho berar ekan, fe’li-atvori qandayligini tasvirlar ekan hech qachon kuchli iboralarni, “ablah, iblis, yaramas, gazanda” va hokazo haqoratomuz, qattiq-quruq so’zlarni ishlatmaydi. Zero, inson sifatida endi shakllanayotgan bolalarga nisbatan bunday o’tkir so’zlarni ishlatish insofdan va adolatdan emasligini tushunadi. U o’z qahramonlarini qandayligidan qat’i nazar – o’yinqaroqmi, lapashangmi, ayyormi, dangasami, maqtanchoqmi – hammasini birday sevadi va sevib tasvirlaydi. Uning uchun mutlaqo yomon bola umuman yo’q, kamchiligi bo’lishi mumkin, deylik yolg’onchiroq, xasisroq, xudbinroq, lekin nokas bola yo’q. Shu zaylda adib har qanday bolani ham to’g’ri yo’lga solib yuborish mumkinligiga ishonadi. Va shu muborak maqsad yo’lida ijod qiladi.
Farhod Musajonning o’ziga xos uslubi bor. Uning asarlaridan bir parchagina o’qigan odam muallifning kimligini aniqlab olishi mumkin. U aniq, sodda, tushunarli va ixcham yozadi. SHu sababli katta mahorat evaziga yillar davomida paydo bo’ladigan va shakllanadigan badiiy soddalik tufayli uning asarlari o’qimishli, g’oyaviy – badiiy jihatdan muxtasar chiqadi. Bolalar tili bilan aytsak, hikoyalar “rostakam bo’lgan voqeaga o’xshaydi”. Darhaqiqat, adib voqealarni xuddi hayotdagidek ishonarli va qiziqarli qilib so’zlab beradi. Bu juda muhim. Negaki bolalar hikoya voqealariga ishonmasalar, asarning ta’sir kuchi yo’qqa chiqadi. Mana shu omil – ishontira olish mahorati F.Musajon ijodining eng muhim xususiyatidir.
Farhod Musajon barcha yoshdagi bolalar uchun yozadi. Uning kitoblari orasida maktabgacha tarbiya yoshidagi, maktab yoshidagi, kichik hamda o’rta va katta yoshdagi bolalarga va o’smirlarga bag’ishlangan asarlarni ham uchratish mumkin.
Ayonki, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobxonligi ota-onalar, tarbiyachilar tomonidan amalga oshiriladi. Bolalar o’zlari tinglagan asarlari yordamida atrof-muhit bilan tanisha boradilar. Ona-yurtga, tabiatga muhabbat xislatlari; mehnat qilish va mehnat ahlini hurmat qilish kabi fazilatlar shu yoshdan shakllana boshlaydi. Turmushda qizg’anchiq bo’lmaslik, kasb-hunar egallashga intilish, kattalarni hurmat qilish kabi ijobiy fazilatlar ham shular jumlasiga kiradi.
Bolalarning pedagogik – pisixologik xususiyatlarini yaxshi o’rgangan Farhod Musajon kichik yoshdagi bolalarga bag’ishlab “Eng yaxshi bobo”, “Bog’”, “Shodiyona kun”, “Shiqildoq”, “Pahlavon va nimjon”, “Sovg’a”, “Ajoyib buzoqcha”, “Yaxshilik”, “To’lab ber”, “Varrak”, “Dor” kabi o’nlab hikoyalar yaratgan.
Inson olamga keladiki, dastlab onani taniydi, kindik qoni to’kilgan zaminni biladi. Ana undan keyin o’zini qurshab olgan atrof-muhit bilan oshno bo’ladi. Onaning allasida, uning aytgan ertaklarida ona – zamin – Vatan kuylanadi. Vatanga mehr – muhabbat, vatanparvarlik ham ona suti, xalq og’zaki ijodi bilan bola qalbiga singdiriladi.
Murg’ak qalb to’g’ri qo’yilgan tarbiya og’ushida sog’lom niyatli, o’qimishli, mehnatkash, dilkash, dardkash bo’lib kamol topadi, shubhasiz. Adibning “Bog’” hikoyasi shu nuqtai nazardan qaraganimizda muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
E’tibor bering:
Eski paxsa devor, mevasi g’arq pishgan daraxtlar, yerga tushib yotgan olma, o’rik, shaftolilar...
Ehtimol, «... Bog’ degan so’zni ilk bora o’shanda eshitgandirman. Bu sehrli so’zning jozibasi ilk bora o’shanda o’rnashgandir qulog’imga.
Keyinchalik ertak kitoblaridan afsonaviy bog’lar, Bog’i eram haqida o’qidim. Va tabiyki “Bog‘” degan so’zning sehr to’la dunyosi yana ham kengayib ketganday bo’ldi.
Hozir shuni eslasam, o’sha bola tasavvurimdagi bog’ bejiz mo’’jizalar olami bo’lib tuyulmagan, deb o’ylayman.
Zero, qancha ramzu timsol, qancha hikmat aks etadi bu so’zda. Hayot bog’i, umr bog’i, ko’ngil bog’i. Bog’-obodlik, to’kinlik, rizq butunligining bir belgisi.
Shu bois ham sohibquron Amir Temir bejiz aytmaganlar: “Xon bo’lsang-da, bog’ yarat, gadoy bo’lsang-da, bo’ yarat – bir kunmas bir kun mevasini tatirsan...”
Lekin bu timsollar ichida tengsiz, borki, xayolimga shu timsol kelaveradi. Buyuk bobomiz davati ila asrlar davomida yaralgan gulu gulzorlardan bunyod bo’lgan bog’-Vatandir.
Sizu bizda shu tuproqdan bo’y cho’zgan, niholu novdalarni birlashtirib, barq urib turgan poyonsiz abadiyat bog’i-ona Vatan. Ertakdagi bog’lar esa xayol chaqinlari, xolos.
Vatan bog’idan ko’ra aziz, tabarruk bog’ yo’q yer yuzida. Undan ko’ra a’losi etti olamda mavjud emas.
Adibning “Varrak” asari mazmuni oddiygina varrak yasash voqeasi asosiga qurilgan. Asarda kichkintoylarni bolalaikdan boshlab mustaqil harakat qilishga chiqariladi.
Ana shunday jozibali asarlardan yana biri “Eng yaxshi chana” dir. Bu hikoyada qo’li ochiq, sahovatli, bag’ri butun bo’lishlik, xasis, ziqna bo’lmaslik kabi g’oyalar kichintoylar ongiga yetkaziladi: Latifjonga dadasi chana olib kelib beradi. Quvonchdan bolaning boshi ko’kka etay deydi.
Latifjon boshda ancha qizg’anchiq bo’ladi. Shuning uchun chanada bitta o’zi uchadi. Boshqalarni chanaga yaqin keltirmaydi, unga birovning qo’li tegib ketsa, chanani ko’tarib uyiga chopadi.
Latifjonning dadasi o’g’lidagi bunday qizg’anchiqlikni payqaydi, lekin unga pand-nasihat qilib o’tirmaydi. Aksincha, quyidagi iboratli hikoyani keltiradi:
- Bilasanmi, - dedi dadasi o’g’liga, - men bu ajoyib chanani qaerdan oldim? Bunaqasi magazinda sotilmaydi, bu buyurtma bilan qo’lda yasalgan chana. Yoshi oltmishda. Ha, oltmish yil burun bitta og’aynimning dadasi olib bergan ekan. Og’aynim o’sha paytda sendek ekan. Chananing chiroyliligini ko’rib uchishga uning ham ko’zi qiymabdi. Kattaroq bo’lganimda ucharman, hozir bolalar tortib olib eskitib qo’yishadi, deb asrab yuraveribdi. Oradan yillar o’tibdi, bir kuni qarasa bolaligi tugab, chol bo’lib qolibdi. Endi unga chana kerak emas ekan, chunki chol odam uyalmasdan chana uchadimi?! Og’aynim chanani menga sovg’a qilar ekan, beg’ubor bolalik chog’imda maza qilib ucholmadim, ishqilib sening o’g’lingga yaxshi xizmat qilsin dedi. Shunaqa, o’g’lim, qizg’anchiq odam zavqdan mahrum bo’ladi!
Latifjon avval dadasining bu gaplariga tushuna qolmaydi. Yuragining allaqaeri jaz etgandek bo’ladi. Nihoyat u dadasiga yuzlanib:
- Ertadan boshlab ayamasdan uchaman, - dedi.
Adibning “Sovg’a” hikoyasi bolalarni mehnatkash bo’lishga da’vat etadi. Oqiljonning gul ekishi, uni mehr bilan parvarish qilishi kichik kitobxonda katta taassurot qoldiradi.
“Turdi, qizil bog’ich va men” hikoyasi uzoq yillardan beri yosh kitobxonlarning sevimli asarlaridan biri sifatida e’zozlanib kelinadi.
Hikoyada ozodalik, shahar tozaligi uchun kurashish bosh masala qilib qo’yiladi. Turdi va o’iyos kabilarning shahar tozaligida faol qatnashmaganliklari, dangasaliklari fosh qilinadi.
Xullas, Farhod Musajon o’zining maktabgacha va maktab yoshidagi kichik bolalarga bog’ishlab yozgan hikoyalarida salmoqdor fikrlarni sodda, bolalarbop shaklda aytadi. Adib nasihat qilish yo’lidan bormaydi, aksincha, bolalar hayotida ko’p uchrab turadigan oddiy voqealarni tasvirlaydi va aytmoqchi bo’lgan muhim gaplarni ana shu voqealar mag’ziga singdirib yuboradi.
Farhod Musajonning “Orzuga ayb yo’q”, “Bo’sh kelma, Aliqulov”, “Buloq suvi” kabi boshqa qissalari o’zbek bolalar adabiyotida muhim o’rinda turadi.
Farhod Musajon dramaturg sifatida ham yoshlarning mehrini qozongan. “Xayolparastlar”, “Oq kabutar”, “Sabil qoldi”, “O’g’limni qaytarib beringlar” p’esalari shular jumlasiga kiradi.
Bular orasida ayniqsa, “O’g’limni qaytarib beringlar” asari mashhur bo’ldi.
Dramaturg uning nomini o’zgartirib “Najot istab” deb qaytadan ishladi. U hozirgi milliy teatrda muvaffaqiyat bilan qo’yildi. Dushanbe, Olmaota shaharlarida, Tataristonda sahna yuzini ko’rdi.
Pyesada asosan bola tarbiyasida ota-onaning o’ynaydigan beqiyos katta roli haqida gap boradi.
Farhod Musajon kattalarga bag’ishlab “Bahor nafasi”, “Bu ko’zlarga ishonsa bo’ladi”, “Xotin kishining ra’yi”, “Ko’r shofyor”, “Zo’raki kashanda”, “Nozik masala”, “Kallapocha”, “O’immat”, “Bog’ ko’cha” kabi kitoblar yozgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |