Shuningdek, so‘nggi arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning janubidan ham piktografik belgi-yozuvlar topilgan. Tadqiqotchi Sh. Shaydullaevning fikricha, Jarqo‘ton yodgorligidan sopollarga bitilgan 47 ta belgidan iborat yozuvning topilishi ajdodlarimizning bronza davrida piktografik yozuvni yaratgani va o‘z fikrini turli belgilarda ifodalaganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Sheroboddagi G‘oz qishlog‘i yonidagi ilk temir asriga oid yodgorlikdan tosh o‘g‘ir (keli) topilgan bo‘lib, uning sirtida umumiy soni 14 ta bo‘lgan piktorafik belgi-yozuv mavjud. Sh. Shaydullaev bu belgini Misr ieroglifikasi bilan solishtirib ulardan biri «haqiqat», yana biri esa dunyoning aylanishi, ya’ni, «charxpalak» deb o‘qilishi mumkinligini taxmin qiladi. Xullas, bronza davri va uning oxirlariga kelib o‘lkamiz hududlarida yozuv paydo bo‘lganligi ilmiy asoslanmoqda hamda keyingi tadqiqotlar bu masalaga yanada oydinlik kiritishi shubhasizdir. bronza va ilk temir davrlarida O‘rta Osiyoda sodir bo‘lgan etnik jarayonlar
Bronza davrining oxirlarida O‘rta Osiyoning o‘troq aholisi sug‘orma dehqonchilik madaniyatini va hunarmandchilik sirlarini yaxshigina egallagan edilar. . 20
Moddiy manfaatdorlik va mahalliy aholi tomonidan biror-bir jiddiy qarshilikka uchramaslik, chorvador qabilalarning dehqonchilik zonalariga kirib kelishlarini tezlashtirgan. Jumladan, mil. av. II ming yillik o‘rtalarida Qozog‘iston cho‘llarida yashagan chorvadorlar (ular fanda «Andronovo madaniyati» aholisi deyiladi) avval O‘rta Osiyoning shimoliy rayonlariga, so‘ng esa uning janubiy chegaralarigacha kirib borganlar.
Tadqiqotlar qadimgi Xorazmning Tozabog‘yob madaniyatini yaratgan chorvador qabilalar qisman qadimgi suv havzalarining pastqam va zaxkash qismlarida ibtidoiy dehqonchilik bilan ham shug‘ullanganliklarini ko‘rsatadi. Tozabog‘yob madaniyatiga xos bo‘lgan yarim yerto‘la turar joylar, qo‘lda yasalgan va turli geometrik naqshlar bilan bezatilgan sopol idishlar Qozog‘iston va Sibirning cho‘l zonalaridagi sopol buyumlarga o‘xshaydi. Shularga asoslanib, S.P.Tolstov tozabog‘yobliklarni Andronova qabilalarining avlodlari deb hisoblagan. Arxeologik manbalarda bu davrlarga oid yodgorliklardan ikki zona aholisi o‘rtasida keskin to‘qnashuvlar sodir bo‘lganligiga guvohlik beruvchi ma’lumotlar uchramagan[1].
Tozabog‘yob madaniyatiga xos bo‘lgan xususiyatlar Zarafshon daryosi etaklarida yashagan chorvador qabilalar o‘rtasida ham mavjudligi aniqlandi. Quyi Zarafshon urug‘ jamoalari yashagan yarim yerto‘la va chaylalar, ular yasagan sopol idishlarning shakli va naqshlari, ishlov berish va pishirish texnologiyasi tozabog‘yobliklarnikidan deyarli farq qilmaydi. Bunday o‘xshashliklar, har ikkala jamoaning o‘zaro yaqin iqtisodiy, madaniy va etnik aloqada bo‘lganliklaridan dalolat beradi.
Cho‘l zonalarida yashagan qabilalarga xos yodgorliklar Farg‘ona vodiysida ham bir qadar keng o‘rganilgan. Bular jumlasiga Vodil va Karamko‘l qishloqlaridan topilgan qadimgi qabristonlarni, Xo‘jand viloyatidagi Qayroqqum makonlari va Dahana qabristonlarini ko‘rsatish mumkin. Qayroqqumda o‘tkazilgan tadqiqotlar jarayonida 60 ga yaqin qadimgi manzilgohlar topilgan. Qayroqqumning g‘arbida joylashgan Sho‘rko‘l atrofidagi Taqir yagona deb atalgan markaziy va sharqiy manzilgohlar ham shular jumlasidandir. Bulardan tashqari, 60 dan ortiq chorvador urug‘ jamoalarining mavsumiy qarorgohlari o‘rganildi. Bu makonlardan minglab chizma naqshli sopol parchalari, bronza va toshdan ishlangan mehnat qurollari, hayvon suyaklari, kullarning qoldiqlari topildi. Sopol parchalarining naqshlari, shakli, qo‘pol va mo‘rtligi jihatdan Toshkent vohasi, Zarafshon vodiysi va Amudaryo etaklarida o‘rganilgan bronza davri chorvador qabilalarinikiga o‘xshashdir.
Bronza davrida Qozog‘iston cho‘llari, Janubiy Ural, Oltoy hamda Janubiy Sibir hududlarida yashab turkiy tillarning turli lahjalarida so‘zlashgan ko‘chmanchi qabilalarning turmush tarzi va ma’naviy hayoti bir-birlaridan deyarli farq qilmagan. Yunon manbalarida Yevrosiyo cho‘l zonalarida yashagan aholi skiflar deb atashgan. Bu haqda Pliniy quyidagi fikrni bildirgan: «forsiylar ular 21 (skiflarni – N.M.) o‘zlariga yaqin yashovchi qabilalarning nomi bilan saklar deb ataydilar»[3]. Qadimgi Eron manbalarida shak (sak) hamda skif etnik nomlari uchraydi[4]. Qadimgi eronliklar O‘rta Osiyoning cho‘l zonalarida yashagan qabilalarni shunday etnik nomlar bilan atashgan. Eronshunos V.Abaev «Avesto»ning «Yasht» qismida tilga olingan turlarni O‘rta Osiyo saklari bilan, «tez chopar otli turlar» hamda danoy (Sirdaryoning qadimgi nomlaridan biri) turlarini esa Sirdaryo bo‘ylarida yashagan saklar deb hisoblaydi[5].
Tadqiqotlar Sirdaryo va Amudaryo oralig‘ida sak qabilalarining katta guruhlari yashaganligini ko‘rsatmoqda. Sak qabilalarining madaniyatida skiflar bilan umumiylik mavjudligiga qarab, ularning antropologik tuzilishi, tili va turmush tarzi jihatidan Qora dengizning shimoliy qismi, Qozog‘iston cho‘llari va Sibir hududlarida yashagan skiflarga yaqin bo‘lishi kerak degan xulosaga kelish mumkin. Behistun qoyalariga o‘yib ishlangan suratlarda so‘g‘diyonaliklar, baqtriyaliklar va xorazmliklarning ham tasvirlari bo‘lib, ularning tasvirlari saklarga o‘xshatib ishlangan. S.P.Tolstov qadimgi so‘g‘dlar va xorazmliklarning tillari bir-birlariga yaqinligini, shuningdek, Qora dengiz bo‘ylarida yashagan skiflarning tillari ham ularga yaqin bo‘lganligini qayd etgan.
Tadqiqotchilar shaklar asosan to‘rt guruhdan iborat bo‘lganligini ta’kidlashgan. Bularning uch qismi, ya’ni xaumavarqa, tigraxauda va tiaytaradaraya shaklari Persepol yaqinidagi naqshirustam darasidagi qabr toshlarining yozuvlarida uchraydi, to‘rtinchisi esa «so‘g‘diylardan keyin, narigi tomonida» yashovchi shaklar Persepoldagi hamda Ekbatondagi yozuvlarda aks etdirilgan[6]. Antik tarixchilar tigraxauda saklarini massagetlar bilan ham tenglashtiradilar. Mil. avv. VI-IV asrlarda massagetlar yirik qabilalar uyushmasi bo‘lib, jumladan, tarkibiga derbeklar, dahlar, sakarauklar, apasiaklar, assianlar va boshqalar kirgan.
Hindlarning «Mahabxarata» dostonida bayon etilishicha, podsho Yudxishxira o‘tkazgan qurbonlik marosimida turli mamlakatlar va elatlardan kelishgan mehmonlar ishtirok etishgan. Ular orasida Sirdaryoning shimoli-sharqidan kelgan shaklar, toharlar va qanqalar (qang‘arlar) ham bo‘lganligi qayd etilgan[7].
Bu davrda Turon zamin kengliklarida yashagan etnik guruhlar va qabilalar o‘rtasida o‘zaro yaqinlashish, qo‘shilish kabi murakkab jarayonlar kuchaygan. Bu jarayonlar ta’sirida ko‘chmanchi guruhlarning o‘troqlashish jarayonlari yanada tezlashgan. Jumladan, O‘rta Osiyoning Orol dengizi shimoli-g‘arbi va janubi-sharqiy qismlari, Tangritog‘ va Oloyda turkiy tilli guruhlar paydo bo‘la boshlaydi. Bu guruhlarning tub yerli aholi bilan aralashishi natijasida mil.avv. II – milodiy I asrlarda (O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i) tipiga xos xususiyatlar paydo bo‘lgan. Milodiy eraning birinchi yarmiga oid materiallarda O‘rta Osiyoning markaziy viloyatlarida ham bu tipga xos antropologik guruhlar yashaganligi yaqqolroq ko‘rinadi. 22
Shuni ham ta’kidlash lozimki, o‘troq va chorvador qabilalar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar mulkiy tengsizlikni tezlashtirdi. Natijada, ibtidoiy jamoa tuzumiga zarba berilib, uning negizida sinfiy jamiyatning shakllanishiga zamin yaratildi. Ana shunday tub o‘zgarishlar asosida ikki xil xo‘jalik jamoalari orasida etnik aloqalar kuchaydi. O‘rta Osiyo xududida yuz bergan migratsiya va etnik jarayonlar o‘zbek xalqining dastlabki etnik qatlamlarini shakllanishida muhim o‘rin tutgan.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar asosida, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan o‘troq aholi hamda ko‘chmanchi sak, massaget qabilalarining o‘zaro yaqinlashuvi va aralashib borishi natijasida O‘rta Osiyo aholisi (jumladan o‘zbek xalqi)ning keyingi asrlardagi etnik taraqqiyotiga zamin yaratilgan degan xulosaga kelish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |