Aminokislotalar – sutkalik siydikda 1,1 g atrofida bo‘ladi. Qon va siydikdagi ayrim aminokislotalar miqdorini nisbati bir xil emas. Siydik bilan ajralayotgan u yoki bu aminokislotalarni miqdori uning qon plazmasidagi miqdori va kanalchalardagi reabsorbsiya darajasiga bog‘liq. Siydikda glitsin va gistidinni konsentratsiyasi eng yuqori, keyin glutamin, alanin va serinning miqdori turadi.
Giperaminoatsiduriya – jigar parenximasi kasalliklarida uchraydi. Bu jigarda dezaminlanish va transaminlanish jarayonlarini buzilishi bilan tushuntiriladi. Giperaminoatsiduriya, shuningdek, og‘ir yuqumli kasalliklar, saraton, katta jarohatlar, miopatiya, komatoz holatlar, gipertireoz, kortizon va AKTG bilan davolaganda va boshqa holatlarda kuzatiladi.
Ayrim aminokislotalar almashinuvini buzilishlari ham ma’lum. Ko‘pchilik bu buzilishlar tug‘ma yoki irsiydir. Fenilketonuriya misol bo‘lishi mumkin. Kasallikning sababi – jigarda fenilalanin – 4 monooksigenazani irsiy yetishmovchiligi, buning natijasida fenilalaninning tirozinga aylanishi sodir bo‘lmaydi. Bu holda organizmda fenilalanin va ketohosilalari to‘planadi, siydik bilan ko‘p miqdorda ajraladi. Fenilketonuriyani temir xloridi yordamida aniqlash juda oson: siydikka bir necha tomchi temir xlorid eritmasi qo‘shilganida 2-3 daqiqadan so‘ng zaytun-yashil rang hosil bo‘ladi.
Alkaptonuriyada (gomogentizinuriya) siydikda tirozin almashinuvini metabolitlaridan biri bo‘lgan gomogentizin kislota miqdori keskin ortadi. Natijada havoda qoldirilgan siydik keskin qorayadi. Alkaptonuriyada metabolizm buzilishini sababi bo‘lib, gomogentizin kislota oksidazasini yetishmasligi hisoblanadi.
Shuningdek, yana tug‘ma kasalliklar: giperprolinemiya (prolinoksidaza fermentini yetishmasligi natijasida vujudga keladi, oqibati-prolinuriya); gipervalinemiya (valin almashinuvini irsiy buzilishi, siydikda valin konsentratsiyasini keskin ortishi bilan boradi); sitrulinemiya (siydikchil hosil bo‘lish siklining irsiy buzilishi, argininsuksinat – sintetaza fermentini yetishmovchiligiga bog‘liq, siydik bilan ko‘p miqdorda sitrullin ajralib chiqadi) va boshqalar kuzatiladi.
Siydik kislota purin almashinuvining oxirgi mahsuloti hisoblanadi. Sutka davomida siydik bilan 0,7 g yaqin siydik kislota chiqariladi. Nukleoproteinlar saqlovchi ovqatni ko‘p iste’mol qilinganda ma’lum vaqtdan keyin siydik kislota chiqarilishi ko‘payadi. Va, aksincha, purinlarni kam saqlovchi ovqat iste’mol qilinganda siydik kislotaning chiqarilishi sutkada 0,2 g gacha pasayadi. Siydik kislotaning ko‘p chiqarilishida leykemiya, politsitemiya, gepatit va podagrada ham kuzatiladi. Atsetilsalitsil kislota va ba’zi steroid gormonlar qabul qilinganda ham siydik kislotaning siydikdagi miqdori ortadi.
Siydikda siydik kislota bilan bir qatorda endo- va ekzogen tabiatga ega bo‘lgan oz miqdorda purinlar saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |