Tekshirish (nazorat) darslari o’qituvchiga o’quvchilarning ma’lum sohadagi bilim, malaka va ko’nikmalari shakllanganlik darajasi, o’quv materialini egallashdagi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, navbatdagi topshiriqlarning bajarish yo’llarini belgilab olishga yordam beradi. Tekshirish darslari o’quvchidan ushbu mavzu bo’yicha uning hamma bilim, ko’nikma va malakalarini qo’llashini talab etadi. Tekshirish og’zaki hamda yozma shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Ta’limning tashkiliy shakli sifatida dars dinamik hodisadir. U pedagogik jarayonning yaxlitligini ta’minlaydi va ta’limiy, tarbiyaviy-rivojlantirish vazifalarini ijobiy echimini topishga imkon beradi.
Darsning ta’limiy vazifasi har bir darsning ta’lim vazifalarini belgilash, darsni axborotlar bilan boyitish, ijtimoiy va shaxsiy ehtiyojlarni hisobga olish, dars mazmunini optimallashtirish, idrok etishning ilg’or texnologiyalarini kiritish, turli shakl, metod va vositalaridan o’rinli foydalanish, dars tuzilishiga ijodiy yondashish, ta’lim berishda jamoaviy, guruhli va individual shakllarini qo’llash, operativ qayta aloqani ta’minlash, nazorat va boshqaruvni tashkil etish, darsning samarali kechishini ta’minlashdan iborat.
Darsga qo’yiladigan talablarning tarbiyaviy xarakterini o’quv materialining tarbiyaviy imkoniyatlarini aniqlash, ta’limiy faoliyat jarayonida erishish zarur bo’lgan tarbiyaviy maqsadlarni shakllantirish (qo’yish), o’quv ishlari maqsadi va mazmunidan kelib chiqib, tarbiyaviy masalalarni belgilash, o’quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar (tirishqoqlik, tartiblilik, mas’uliyatlilik, intizomlilik, mustaqillik, qobiliyatlilik, halollik, mehnatsevarlik, tirishqoqlik va boshqalar)ni shakllantirish, o’quvchilarga pedagogik talablarni qo’yish, ular bilan hamkorlikka erishish, ularning yutuqlaridan quvonish kabi holatlar tashkil etadi.
Ta’lim jarayonida qo’yiladigan pedagogik talablarning o’quvchi shaxsini rivojlantirish imkoniyati o’quvchilarda ijodkorlik, tashabbuskorlik, faollik kabi sifatlarni tarbiyalashda ko’rinadi. Bunda o’quv materiallarining o’quvchilar idroki imkoniyatlari darajasini o’rganish, hisobga olish, “rivojlanishning yaqin zonasini loyihalashtirish”, “o’zib ketish” darajasidagi o’quv mashg’ulotlarini tashkil etish, rivojlanishidagi yangi o’zgarishlarni rag’batlantirish, o’quvchilarning intellektual, emotsional, ijtimoiy rivojlanishlaridagi «sakrash»larni oldindan ko’ra bilish, boshlanayotgan o’zgarishlarni hisobga olish asosida o’quv mashg’ulotlarini operativ qayta qurish kabilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |