Ijtimoiy tajriba oʻquvchilarni ijtimoiylashtirishning integral natijaviy tavsifini oʻzida aks ettirib, faoliyatga yoʻnaltirilgan va aksiologik yondashuvlarga asoslanishni talab etadi.
Faoliyatga yoʻnaltirilgan yondashuv nuqtai nazaridan ijtimoiy tajriba oʻquvchining boshqa kishilar, atrof-muhit bilan oʻzaro harakati natijasida yuzaga keluvchi ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va ustanovkalar yigʻindisini oʻzida aks ettiradi. Ana shu sababli shaxsda oʻz-oʻzini tashkillashtirish va oʻz-oʻzini korreksiyalash madaniyatini shakllantirishga yoʻnaltirilgan “oʻz-oʻzini boshqarish tajribasi”ni ijtimoiy tajribaning komponenti sifatida qarash maqsadga muvofiqdir. Oʻz-oʻzini boshqarish tajribasini shakllantirishning asosiy ijtimoiy sohalari sifatida individni subyekt-subyekt munosabatlariga jalb etish; subyektda tashabbuskorlikni shakllantirish; hayotiy faoliyat jarayonida oʻz-oʻzini tashkillashning universal namunalarini qabul qilish kabilarni kiritish mumkin.
Aksiologik yondashuv nuqtai nazaridan shaxsda ijtimoiy tajribani shakllantirish ikkita oʻzaro aloqador yoʻnalishda amalga oshadi. Birinchidan, inson hayotining mazmuni, shaxslararo munosabatda ma’naviy-axloqiy me’yor va qoidalar sifatida individda qadriyatga yoʻnaltirilgan orientatsiyani shakllantirish, ikkinchi tomondan shaxsiy nuqtai nazardan yuqori mavqega ega oʻz-oʻzini boshqarishda aks etuvchi oʻzaro birgalikdagi faoliyat jarayonidagi xatti-harakatlar, ijtimoiy va hayotiy ahamiyat kasb etuvchi xulq-atvor me’yorlarini oʻzlashtirish bilan bogʻliqlikni oʻzida aks ettiradi.
Oʻquvchilarni oʻz-oʻzini boshqarishga yoʻnaltirish pedagogik hodisa sifatida shaxs salohiyatini rivojlantirish bilan bogʻliq intellektual, emotsional-hissiy va faoliyatga yoʻnaltirilgan sohalar uygʻunligini talab etadi hamda oʻquvchilarning ijodiy qobiliyatlarini yuqori darajada rivojlantirish asosida ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Oʻquvchilarning ijtimoiy tajribani oʻzlashtirishi ijtimoiy moslashuv (ijtimoiy vaziyatlarda oʻzining rolini aniqlay olish, vaziyatga moslashuvchanlik va safarbarlik), loyihaviy (ijtimoiy faoliyat jarayonida oʻz-oʻzini anglash, individual xulq-atvor strategiyalarini tanlay olish, interiorizatsiya (ijtimoiy faoliyatning asosiy me’yorlarini qabul qilish va faoliyatda namoyon etish) kabi bosqichlarda amalga oshirilishi lozim.
Akseleratsiya
Ma’lumki, har bir davr oʻzining muhim hayotiy, sharoitlari, ehtiyojlari va faoliyati, oʻziga xos qarama-qarshiliklari, psixikasining sifat xususiyatlari va psixik jihatdan xarakterli yangi sifatlarning hosil boʻlishi bilan ajralib turadi. Har bir davr oʻzidan oldingi davr tomonidan tayyorlanib, uning asosida shakllanishi va oʻz navbatida, oʻzidan keyingi davrning paydo boʻlishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Shu oʻrinda psixologiyada mavjud yosh davrlarini tabaqalash nazariyalariga urgʻu berib oʻtish maqsadga muvofiqdir.
Psixologlar tomonidan yosh davrlarning tabaqalashlarning nazariy masalalari ishlab chiqilgan. Ular ontogenetik qonuniyatlarni yoritishga katta hissa qoʻshib, amaliy va nazariy muammolarni hal qilishda keng qoʻllanilmoqda. Keyingi yillarda bolalar va maktab oʻquvchilarining jismoniy va psixik rivojlanishida akseleratsiya (lotincha - «tezlanish») hodisasi roʻy bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |