Nogironlar masalasi bir necha marta Birlashgan Millatlar Tashkilotida ko‘rib chiqilgan, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan. 1975 yil 9 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi nogironlar huquqlari to‘g‘risida Deklaratsiyani qabul qildi hamda uning asosida o‘n yillik davomida nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash Dasturi (1983 – 1992 yillar) ishlab chiqildi. Nogironlarga nisbatan Butunjahon harakat dasturining maqsadi nogironlikning oldini olishga, ularning mehnatga layoqatliligini tiklashga, nogironlarning ijtimoiy hayot va jamiyat taraqqiyotida «teng» va «to‘laqonli ishtirok etishlari»ni ta’minlashga qaratilgan maqsadlarni amalga oshirishning samarali chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va hayotga tadbiq etilishiga ko‘maklashishdan iboratdir
1982 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan nogironlarga nisbatan munosabat bo‘yicha Butunjahon harakat dasturi qabul qilinadi. Mazkur dastur iqtisodiy rivojlanish darajasidan qat’iy nazar barcha mamlakatlarda nogironlarning ijtimoiy hayot va rivojlanish jarayonlarida bir xilda faol ishtirok etishlarini ta’minlashni maqsad qilib qo‘ygan edi.
Bosh Assambleya 1982 – 1992 yillarni «Birlashgan Millatlar Tashkilotining nogironlar o‘n yilligi» deb e’lon qildi va barcha davlatlarni ushbu davrdan nogironlarga nisbatan munosabat bo‘yicha Butunjahon harakat dasturini amalga oshirish uchun vositalardan biri sifatida foydalanishga chaqirdi. 1987 yil Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan nogironlarga nisbatan munosabat bo‘yicha Butunjahon harakat dasturi ijrosiga bag‘ishlangan birinchi Xalqaro konferensiyada nogironlar huquqlari to‘g‘risida Konvensiyani ishlab chiqish tavsiya etildi. Italiya va Shvetsiya hukumatlari hamda ijtimoiy rivojlanish Komissiyasining nogironlar ahvoli to‘g‘risida maxsus ma’ruzachisi tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif amalga oshmay qoldi
QONUNCHILIKDA:
1993 yilda Bosh Assambleya tavsiya xarakteriga ega bo‘lgan «Nogironlar uchun bir xil imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha standart qoidalar» nomli hujjatni qabul qildi. Mazkur qoidalarda nogironlarning jamiyat hayotida teng sharoitlarda ishtirok etishlariga xalaqit beradigan to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan davlatlarning majburiyatlari aks etgan bo‘lib, ular keyinchalik aksariyat davlatlarning milliy qonunchiligiga kiritildi. Garchi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Xalqaro paktda nogironlik bilan bog‘liq qoidalar aks etmagan bo‘lsada, 1994 yilda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Qo‘mita tomonidan «Nogironlikning biror bir shaklida ega shaxslar» nomli 5-raqamli umumiy tartibdagi mulohazalar qabul qilindi