Isirg‘ao‘t
(Onobrychis) turkumi. Ko‘p yillik va bir yillik o‘t, ayrim hollarda yarim
butacha va yarim buta shaklidagi o‘simlik. Bu turkumning yer yuzida 150, shu
jumladan, Hamdo‘stlik mamlakatlarida 76, O‘rta Osiyoda 20 turi borligi ma’lum.
O‘zbekistonda bu turkumning Xuroson esparseti (O. horassanica)
nomi bilan
yuritiladigan balandligi 70 sm ga qadar bo‘lgan, qurg‘oqchilikka chidamli, shag‘al
aralash mayin tuproqli tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadigan Zarafshon espartseti (O.
zeravchanica), balandligi 85 sm ga qadar bo‘lgan, tog‘ yon bag‘irlarida,
archazorlarda o‘suvchi tikanli espartset (O. echidna), tog‘ zonasining shimoliy
yonbag‘irlarida keng tarqalgan bir yillik O. micrantha, O. pulchella kabi turlarini
ko‘rsatish mumkin.
No‘xat
(Cicer) turkumi. Bularning 75 turi yer kurrasining subtropik va o‘rta iqlimli
mintaqalarida tarqalgan. Hamdo‘stlik mamlakatlarida 24,
shu jumladan, O‘rta
Osiyoda 16 turi o‘sadi. Aksariyat qismi yovvoyi holda o‘sadi, turlarning deyarli
barchasi ko‘p yillik, faqat birgina madaniylashtirilgan turi — Cicer arienticum bir
yillik (
24-rasm
). No‘xatning dengiz sathidan 800-2.000 metrga qadar balandlikda,
madaniylashtirilgan bir yillik turi (ekiladigan no‘xat — S. arienticum), tog‘
yonbag‘irlarida, archalar orasida o‘sadigan jungor no‘xati (S. songorica), dengiz
sathidan 3.000 metr balandlikda o‘sadigan tikanli no‘xat (S. pungen), 3.800 metrga
qadar balandlikda o‘sadigan uzun tumshuqli no‘xatni (S. micranthum) ko‘rsatish
mumkin.
Loviya
(Phasecolus) turkumi. Bu turkumning 200 ga yaqin turi Amerika qit’asida
tarqalgan. 20 turi yer yuzining deyarli hamma qit’alarida, shu jumladan, O‘rta
Osiyoda 5 turi ekiladi. Oddiy loviya (Ph. vulgaris), ko‘p gulli loviya (Ph.
multiflorum), oysimon loviya (Ph. lunatus), nish bargli loviya (Ph. autifolus) va
O‘zbekistonda sevib iste’mol qilinadigan mosh (Ph. aurens) shular jumlasiga kiradi.
Yantoq
(Alhagi) turkumi. Mazkur turkumning faqat 5
turi mavjud, uning areali
Saxaradan Markaziy Osiyo va Himolayga qadar cho‘zilgan. O‘rta Osiyo va,
xususan, O‘zbekistonda yantoqning A. persarun, A pseudoalhagi, A. kirgisorum, A.
camelorum singari turlari keng tarqalgan. Yantoq O‘rta Osiyo cho‘llarida
chorvachilik uchun yem-xashak hisoblanadi.
Miya
(Glycyrrhiza) turkumi. Balandligi 70-100 sm, ko‘p yillik o‘t. Fanda uning 18
turi ma’lum bo‘lib, 5 turi O‘rta Osiyoda keng tarqalgan. O‘zbekistonda bu
turkumning balandligi 50-80 sm bo‘lgan to‘qayzorlar, sug‘oriladigan
maydonlar,
daryo irmoqlarining sohillari, lalmikor yerlarda tarqalgan qizil miya (G. glabra), tog‘
va tog‘ oldi zonalarida yovvoyi begona o‘t sifatida uchraydigan tikanli miya (G.
apera) deb nomlangan turlari keng tarqalgan.
Xalq xo‘jaligida dukkaklilar nihoyatda muhim ahamiyatga ega o‘simlik. Eng avval
ularning barcha organlarida oqsilning ko‘pligi, ildizida azotobakterlarning borligini
(atmosfera tarkibida erkin azotni o‘zlashtirishi) ta’kidlashimiz zarur.
Bu turkumga mansub o‘simliklar muhim oziq-ovqat va yem-xashak ekin, tuproqda
azot to‘planganligi tufayli muhim agrotexnik ahamiyatga ham ega.
Dukkaklilar tarkibida hayot uchun muhim aminokislotalar, karbonsuvlar, vitamin,
kaliy, fosfor, magniy va ko‘pgina murakkab birikmalar borligi bilan boshqa
o‘simliklardan farq qiladi. Ular nektarga boy o‘simlik, ayrimlari esa nihoyatda
chiroyli gullaydigan manzarali o‘simlik hisoblanadi. Xalk xo‘jaligining 20 dan ortiq
sohasi uchun chuchukmiya mahsulotiga talab katta.
Uning ildizidan alkaloidlar,
glikozoid, saponin, flavonoid, turli xil shakarlar, kraxmal va boshqa sanoat uchun
muhim moddalar olinadi. Chuchuk miya ildizi kam spirtli ichimliklar pivo, vinolar,
konditer mahsulotlari tayyorlashda; har xil tush, akvarel bo‘yoqlari, qog‘ozning
maxsus
turlarini tayyorlashda; oshqozon-ichak, buyrak, teri kasalliklari,
nafas
yo‘llari yallig‘lanishini davolashda; har xil dori-darmonlarni tayyorlashda
qo‘llaniladi. Chuchuk miya eng qadimiy dorivor o‘simliklardan, undan olinadigan
dorining inson organizmiga ta’siri buyrak usti bezlari ishlab chiqaradigan kartizon
gormonining ta’siriga o‘xshash. Yuqorida ta’kidlanganlardan
tashqari,
dukkaklilarning ko‘pgina turlari xalq xo‘jaligini turli-tuman sohalarida qo‘llaniladi.
Xususan gandamiya (Thermopsis dolichocarpa) tarkibida alkaloid, saponin,
oshlovchi moddalar va efir moylari aniqlangan.
Qashqarbedaning (Melilotus) oq qashqarbeda (M. albus), ignali qashqarbeda (M.
dentatus), hind qashqarbedasi (M. indicus), dorivor qashqarbeda (M. officinales)
kabi turlari O‘zbekistonda keng tarqalgan. Ular tamakichilik,
farmatsevtika
sanoatida keng ko‘llaniladi. Bulardan tashqari bu o‘simliklarning gulidan juda
yaxshi asal olinadi.
Yovvoyi dukkaklilar ham qishloq ho‘jaligi uchun yangi-yangi navlarni yaratishda
introduktsiya va selektsiya uchun asosiy manba hisoblanadi.