Ko‘krak-bel umurtqalari. Kaltakesaklarda ko‘krak-bel umurtqalari soni 22 ta, turli sudralib yuruvchilarda esa 16 tadan 25 tagacha bo'ladi. Ko'krak-bel qismi bir-biridan aniq ajralmaganligidan umumiy bir bo'lim hisoblanadi. Ko'krak-bel bo'limidagi umurtqalarning hammasida qovurg'alar bo'lib, ular sekin-asta kichrayib boradi. Har qaysi qovurg'a ustki suyak va pastki — tog'ay bo'limidan tashkil topgan. Ko'krakbelning oldingi beshta umurtqalaridagi (chin ko'krak umurtqalarida) qovurg'alar uzun bo'lib to'shga qo'shiladi va ko'krak qafasini hosil qiladi (ilonlarda ko'krak qafasi va to'sh suyagi bo'lmaydi).
Dumg‘aza umurtqalari. Dumg'aza qismi ikkita umurtqadan iborat. Bu umurtqalarning ko'ndalang o'simtalari serbar bo'lib chanoq kamariga birikadi.
Dum umurtqalari. Sudralib yuruvchilarning dum umurtqalari 15 tadan 40 tagacha boradi. Ularning oldingilari dumg'aza umurtqalariga o'xshash, biroq tanalari uzun, ko'ndalang o'simtalari ingichkaroq, ostist o'simtalari esa uzunroq bo'ladi. Orqadagi dum umurtqalari sekin-asta kichrayadi, ostist o'simtalari yo'qoladi va kalta-kalta suyakchalarga aylanadi. Ilonlar bilan oyoqsiz kaltakesaklarning umurtqa pog'onasi faqat tana va dum umurtqalariga bo'linadi. Timsohlarda odatda bo'yin umurtqalari 9 ta, ko'krak umurtqalari 12—13 ta, bel umurtqalari 2—4 ta, dumg'aza umurtqalari 2—3 ta va dum umurtqalari 30—40 ta bo'ladi.
Bosh skeleti. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarga qarshi o'laroq sudralib yuruvchilarning bosh skeleti suyaklardan (faqat hidlov va qisman eshituv bo'limidagina tog'ay saqlanib qolgan) iborat bo'lib suyaklarning
soni juda ko'p. Bosh skeletining miya qutisi (neurokranium) va yuzvisseral bo'limlari embrional rivojlanishda mustaqil taraqqiy etsada, voyaga yetgan sudralib yuruvchilarda ular birikib ketadi. Bosh skeletning tarkibiga birlamchi almashinuvchi va ko'p sondagi ikkilamchi — qoplovchi suyaklar kiradi.
Miya qutisi (neurokranium). Ensa bo'limida to'rtta: ikkita yon ensa, bitta ustki ensa va bitta asosiy ensa suyaklari bor (96-rasm). Bular kelib chiqishi jihatidan birlamchi suyaklardir. Bu suyaklar kata ensa teshigini o'rab olgan. Ensa teshigining ostida bitta ensa bo'rtmasi bo'lib, buning vujudga kelishida asosiy ensa suyagi hamda yon ensa suyaklari ishtirok etadi. Sudralib yuruvchilarda bitta ensa bo'rtmasining bo'lishi ular uchun xarakterlidir. Boshning bitta ensa bo'rtmasi orqali birinchi bo'yin umurtqasi — atlasga birikishi sudralib yuruvchilar boshining harakatchanligini ta ’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |