Davlat budjeti, uning daromad va xarajatlari jamiyatning iqtisodiy kategoriyalari bilan chambarchas bog‘liq. Chunki davlat budjeti jamiyatda yaratilgan ijtimoiy mahsulot qiymatining taqsimlanish jarayonida o‘zining moddiy shakliga ega bo‘ladi. Shuningdek, professor V.Rodionovaning ta’biri bilan aytganda “Budjet munosabatlari - bu jamiyat iqtisodiy tuzilishining ajralmas qismidir; uni amal qilishi davlat tomonidan unga tegishli funktsiyalarni bajarishi uchun zaruriy moddiy-moliyaviy bazani shakllantirish bilan ob’ektiv ravishda aniqlanadi”6. Budjet munosabatlari davlat bilan xo‘jalik sub’ektlari hamda aholi o‘rtasidagi qiymat taqsimlanish jarayonida paydo bo‘luvchi moliyaviy munosabatlardir. Bunday moliyaviy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, birinchidan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ijtimoiy ishlab chiqarishning taqsimlash bosqichida vujudga keladi, ikkinchidan, markazlashtirilgan moliyaviy resurslarni shakllantirish va undan davlat manfaatlari yuzasidan foydalanishga yo‘naltiriladi. Davlat manfaatlari esa - bu ijtimoiy manfaatlar hisoblanadi. Budjet davlatning asosiy markazlashtirilgan moliyaviy resurslar fondi sifatida o‘ziga xos ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Davlat budjeti - bu tegishli darajadagi (markaziy yoki mahalliy) davlat boshqaruv organi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan moliyaviy reja bo‘lib, unda davlatning o‘z funktsiyalaridan kelib chiqib amalga oshiradigan asosiy xarajatlari hamda ularni moliyalashtirish uchun zarur daromadlar o ‘z aksini topadi. Turli darajadagi budjetlar va budjet mablag‘lari oluvchilar yig‘indisini, budjetlarni tashkil etishni va tuzish printsiplarini ifodalaydigan, budjet jarayonida ular o‘rtasida, shuningdek budjetlar hamda budjet mablag‘lari oluvchilar o‘rtasida vujudga keladigan o‘zaro munosabatlar majmuiga budjet tizimi deyiladi. Ko‘pchilik hollarda, soddaroq tarzda, budjet tizimi deyilganda esa, mamlakatdagi mavjud budjetlar majmui tushuniladi. Budjet tizimi mamlakat budjet tuzilishining tarkibiy qismi bo‘lib, uning ma’lum bir qismini o‘zida ifoda etadi. Shu ma’noda, budjet tizimi budjetning o‘zaro bog‘liqlikda bo‘lgan bo‘g‘inlarining o‘zaro yig‘indisidan iboratdir. Mamlakatning budjet tizimi jamiyatning siyosiy tuzilishiga, davlatning iqtisodiy tizimiga va uning ma’muriy-hududiy bo‘linishiga bevosita bog‘liq. O ‘zbekiston Respublikasining jamlangan (konsolidatsiyalashgan) budjeti tarkibiga quyidagilar kiradi7:
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari.
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan moliya yili yakunlari bo‘yicha tahliliy maqsadlar uchun hamda budjet tizimi budjetlarining (budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari bundan mustasno) barcha tushumlari va xarajatlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini, ular o‘rtasidagi transfertlarni hisobga olmagan holda hisobga olib borish uchun tuziladi. O‘zbekiston Respublikasi jamlangan budjet tizimini quyidagi 1-rasmda ko‘rishimiz mumkin. Demak, Davlat budjeti quyidagi darajadagi budjetlardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti tuzilmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlarining budjetlari kiradi. Viloyatlar mahalliy budjetlari tuzilmasiga viloyat budjeti, tegishli viloyatlar tumanlari va shaharlarining budjetlari kiradi. Toshkent shahar mahalliy budjeti tuzilmasiga shahar budjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning budjetlari kiradi. Mahalliy budjetlar- davlat budjetining tegishli viloyat, tuman, shahar pul mablag‘lari jamg‘armasi bo‘lib, ikki pog‘onali budjet tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Mahalliy budjetlarning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati uning funktsiyalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi jamlangan budjet tizimini quyidagi 1-rasmda ko‘rishimiz mumkin.